Asos mustahkamlik va bikirlik bo’yicha yaroqli bo’lishi uchun yurilganda
changlanmasligi va ezilmasligi kerak. Asosda suv to’planishi mumkin bo’lgan o’yiqlar
bo’lmasligi lozim.
O’rama materiallarning yaxshi yopishganligini bilish uchun ularni ajratib ko’riladi; bunda
ajralish mastika qatlamidan emas, balki o’rama materialdan ketishi kerak. Yopishtirilgan o’rama
materiallarning sirti tekis bo’lishi, ezilgan va egilgan joylari, havo to’plangan joylari bo’lmasligi
kerak.
Eriydigan qatlamli materiallardan tom qoplamasini hosil qilishda bajariladigan ishlarning
barcha bosqichlari jurnalga qayd etib boriladi. Alohida qatlamlarning yopishtirilish sifati
kuzatish yo’li bilan aniqlanadi. Bunda tom qoplamasi sirtida darzlar, o’yiqlar, havo to’plangan
joylar bo’lmasligi kerak. Sochma qatlam yirik donador bo’lishi va tom qoplamasining butun
yuzasiga yetarli miqdorda sochilgan bo’lishi kerak.
Mastikali tom qoplamasining sifatini nazorat qilishda mastikaning tarkibi, qovushoqligi,
harorati va asosning sifati tekshiriladi.
Asbesttsement tom qoplamasini hosil qilishda asosning, ya’ni yog’och panjaralarning
sifatini tekshirishga alohida e’tibor beriladi. Ularda egilgan joylar bo’lmasligi kerak.
Donador materialli tom qoplamalarida tomning berilgan nishabligidan chetlanishlar va
materiallarning gorizontal yo’nalishda tekis joylashishi tekshiriladi.