|
8-labaratoriya mashg`uloti: navlarning xo’jalik-biologik xususiyatlarini o’rganish. Ishning maqsadi
|
bet | 4/8 | Sana | 09.09.2024 | Hajmi | 67 Kb. | | #270693 |
Bog'liq NAVLARNING XO’JALIK-BIOLOGIK XUSUSIYATLARINI O’RGANISH - andozadan kam hosil beradigan;
- hosildorligi andozaga teng;
- andozadan ko‘p hosil bergan navlar;
Seleksion ashyoni amal davrining davomiyligiga qarab baholash. O‘suv davrining davomiyligiga qarab seleksion ashyolar (navlar) 3 guruhga bo‘linadi: Tezpishar, o‘rtapishar va kechpishar. Bularning ishlab chiqarishda uchalasining ham ahamiyati bo‘lib, ekinning turi, ekiladigan joyning imkoniyati, xususiyati va ekinning maqsadiga qarab erta pishar, o‘rtapishar yoki kechpishar navlar ekilishi mumkin. Lekin, aksariat hollarda ertapishar navlardan foydalanishga ko‘proq e’tibor beriladi. Shuning uchun ekinlarning tezpishar navlarini yaratish seleksiyaning asosiy vazifalaridan biridir. Chunki, o‘simlik urug‘idan unib chiqqandan uning hosili to‘la pishgungacha bo‘lgan davr yoki amal davri qancha qisqa bo‘lsa, hosil shuncha oz muddat ichida sifatli, nobudgarchiliksiz yihishtirib olinadi. Sug‘oriladigan dehqonchilik sharoitida esa, tezpishar navlar bir yilda ikkiuch marta hosil olishni ta’minlaydi. Umuman, tezpishar navlar, mamlakatimizning hamma tuproq-iqlim hududlarida dehqonchilikni intensivlashtirishga imkoniyat yaratadi.
O‘rganilayotgan shakl va navlarning o‘suv davrining davomiyligini jumladan, tezpisharligini aniqlash uchun fenologik kuzatishlar o‘tkaziladi. Fenologik kuzatishni o‘tkazish tartibi quyidagicha:
1. Bu kuzatish ko‘z bilan chamalab o‘tkazilganligi uchun hamma vaqt bir kishi tomonidan kunning bir vaqtida - ertalab yoki kechki paytda olib borilishi lozim.
2. Kuzatish har bir shakl yoki nav ekilgan dalaning kamida uch joyida (boshi, o‘rtasida, oxirida) o‘tkaziladi.
3. Kuzatish faqat bir tomonlama (bo‘lakchaning kunchiqar yoki kunbotar tomonida) olib boriladi.
Fenologik kuzatish bo‘yicha rivojlanish fazalarining boshlanishi (10-15 %) va to‘liq (75 %) o‘tishi, oyning qaysi kuniga to‘g‘ri kelish sanasi maxsus jurnalga yozilib boriladi. Buning uchun ekinlarni har kuni kuzatish lozim. Jurnalda navlarni ekish, hosilni yig‘ishtirish muddatlari ham hisobga olinadi. Shularga va o‘rganilgan navlar yoki seleksionrakamlarning ayrim rivojlanish fazalari orasidagi davrlarning (fazalararo davr) davomiyligi asosida amal davri hamda tezpisharligi aniqlanadi.
Qurg‘oqchilikka chidamliligini baholash. Qurg‘oqchilik tabiatda 3 xil bo‘ladi: Tuproq qurg‘oqchiligi, havo qurg‘oqchiligi va qo‘shma (havo-tuproq) qurg‘oqchiligi. Qurg‘oqchilik o‘simliklarga ta’sir etish davrlariga qarab bahorgi yozgi va uzoq muddatli (butun amal davrida) bo‘lishi mumkin.
Qurg‘oqchilik ekinlarning hosildorligini keskin kamaytirib yuborishi mumkin va qishloq xo‘jaligiga katta zarar keltiradi. Har qanday ekin navi rivojlanishning qandaydir biror bosqichida qurg‘oqchilikka nisbatan sezgir bo‘ladi. Don ekinlari ko‘pchilik navlarining tuproq qurg‘oqchiligiga sezgirligi naycha chiqarish va boshoqlash fazasida kuzatiladi. Xavo qurg‘oqchiligi o‘simliklarga gullash va don yetilish davrida, ayniqsa, katta zarar yetkazadi. Shu davrning boshlanishigacha kuchli ildiz otgan navlar qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lib qoladi. O‘simliklarning qurg‘oqchilikka chidamliligi, ulardagi fiziologik jarayonlarning me’yoriy kechishi bilan aniqlanadi. O‘simliklar o‘sish va rivojlanishning turli fazalarida namlikka turlicha talabchan bo‘ladi. Ularning namga talabi gullash va meva tugish davrida ayniqsa kuchayadi. O‘simliklarning qurg‘oqchilikka chidamliligi, ularning hujayrasida bog‘langan suvning miqdoriga bog‘liq. Bu miqdor qancha ko‘p bo‘lsa, o‘simlik qurg‘oqchilikka shuncha chidamli bo‘ladi. Shularni hisobga olib,seleksionerlardan qurg‘oqchiliklarda mavjud namdan unumli foydalana oladigan navlar yaratishlari talab qilinadi. Havoning nisbiy namligi kam bo‘lganda va yuqori issiqlikda tuproqdagi mavjud namlikdan samarali foydalanib, mo‘l va sifatli hosil bera olish qobiliyatiga ega ekinlarning (navlarning) qurg‘oqchilikka chidamliligi deyiladi.Qurg‘oqchilikka chidamlilik juda murakkab xususiyat bo‘lib, u o‘simlikning suv bug‘latishni kamaytiruvchi anatomik va morfologik xossalariga, hujayrasitoplazmasining suvsizlanishiga, issiqlik va tuz birikmalari konsentrasiyasiga, fiziologik chidamliligiga, o‘sish va rivojlanishning biologiyasiga bog‘liq. O‘simliklarning qurg‘oqchilikka chidamliligini baholashda bevosita, bilvosita va provakatsion usullardan foydalaniladi.
Bevosita dalada baholash. Bu usul bilan navning qurg‘oqchilikka chidamliligi to‘g‘ridan to‘g‘ri dala sharoitida baholanadi. Nav va rakamlarning qurg‘oqchilikka chidamliligi mazkur yil sharoitida ulardan olingan hosil miqdori va mahsulot sifati oldingi yillardagidan qanday farq qilishi bilan aniqlanadi. Bu usul bilan baholashda maxsus tajribalar talab qilinmaydi. Baholash nav va rakamlar o‘rganilayotgan ko‘chatzorda yoki nav sinashda o‘tkazilaveradi. Barcha kuzatishlarning natijasini hosildorlik bilan bog‘lash lozim, chunki, u o‘rganilayotgan nusxalarning qurg‘oqchilikka chidamliligini baholashda asosiy ko‘rsatkichdir. Bir necha yil davomida o‘tkazilgan kuzatishlar va hosildorlikni hisobga olish natijalari, qurg‘oqchilik ro‘y bergan hamda qulay kelgan yillarni qamrab olgan bo‘lsa, ayniqsa, ishonchli bo‘ladi. Seleksion ashyoning turli yillar sharoitida o‘zini qanday tutganligi va hosildorligini solishtirib, har bir nusxani qurg‘oqchilikka chidamlilik bo‘yicha nisbiy baho berish mumkin. Qurg‘oqchilik ta’sirida ko‘proq zararlangan va kam hosil bergan nusxalar qurg‘oqchilikka kamroq chidamlidir. Qurg‘oqchilikka chidamlilikni dala sharoitida baholash, qurg‘oqchilik ro‘y bermagan yillarda mumkin emas, shuning uchun bu usul bilan baholash uzoq muddatni talab etadi.
Qurg‘oqchilikka chidamlilikni baholashda foydalaniladigan bilvosita usullar tegishli quruq moddaning hosil bo‘lishini va ildiz tartibining rivojlanish darajasini aniqlashdir. Birinchi aniqlash usuli shunga asoslanganki, qurg‘oqchilik boshlanishi bilan o‘simlikda quruq modda hosil bo‘lishi kamayadi. Bu jarayon qurg‘oqchilikka chidamli navlarda ancha sezilarli bo‘lmaydi. Har 2-3 kunda har navdan 50-100 o‘simlik olinib, ulardagi quruq modda miqdori aniqlanadi. Ildiz tartibining rivojlanish darajasi ham navning qurg‘oqchilikka chidamliligini ko‘rsatuvchi belgidir. Ildiz qanchalik tez o‘sib, chuqurda joylashsa va tarvaqaylab kesa, nav qurg‘oqchilikka shuncha chidamli hisoblanadi.
V.V.Kolgunovning ta’kidlashicha, agar o‘simliklar qalin va uzun tukchalar bilan qoplagan, og‘izcha (labchalar) va hujayralari mayda bo‘lsa, ular albatta qurg‘oqchilikka chidamlidir.
Provakatsion usul - sun’iy quritgichlar usuli. O‘rganilayotgan navlar ekilgan maydon ikki qismga bo‘linib, bir qismi ochiq, ikkinchi qismi esa, poliyetilen plyonkasi bilan yopib qo‘yiladi. Yopilgan maydonda asta-sekin tuproq qurg‘oqchiligi kuchayadi. Navning hosili yig‘ishtirilganda ochiq va yopiq maydondagi o‘simliklarning hosili alohida-alohida olinadi, taqqoslanadi va navning tuproq qurg‘oqchiligiga chidamliligi aniqlanadi. Sun’iy quritgichlar yordamida navlarning tuproq qurg‘oqchiligiga chidamliligini aniqlash uchun ular yer osti suvi chuqur dalalarda o‘rganiladi. Quritgichlar sifatida yog‘och yoki temir karkaslaridan foydalaniladi. Ularning eni 6 m, uzunligi va balandligi ekinning turi va naviga qarab har xil bo‘ladi. Quritgichlarning atrofiga esa, 30-35 sm chuqurlikda, kengligi 60-70 sm qilib ariqcha qaziladi.
|
| |