3) Erkin huquq prinsipi.
Fuqarolar va tashkilotlarning huquqlari va qonun bilan himoya qilinadigan manfaatlari buzilganida, bu huquqlarning qo‘riqlanishi, huquqlarning tiklanishi to‘g‘risida odatda sud organlariga murojaat qilinadi. Bunday hollarda moddiy huquq hamda uni himoya qilish vositalari bo‘lgan protsessual huquq me’yorlarini ishlatish huquqi fuqarolik jarayonining erkin huquqliligi, ya’ni jarayondagi erkinlik huquqi deb ataladi.
Erkinlik huquqining mazmuni quyidagilardan: 1) da’vo qilish huquqi; 2) da’vodan voz kechish huquqi yoki da’voni e’tirof etish (tan olish) huquqi; 3) o‘zaro kelishib ishni tamomlash huquqi; 4) sudning qarori ustidan shikoyat qilish; 5) sud qarorini majburiy ravishda bajartirishni talab qilish huquqlaridan iborat bo‘ladi.
Sud fuqarolik ishini ko‘rishga quyidagi hollarda kirishadi:
- o‘zining huquqini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatini himoya qilish uchun murojaat qiluvchi shaxsning arizasi bo‘yicha;
- prokurorning arizasi bo‘yicha;
- davlat boshqaruv idoralari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va ayrim fuqarolarning arizalari bo‘yicha, agarda qonunga ko‘ra ular boshqa shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishlari mumkin bo‘lsa (FPKning 5-moddasi).
Yuqorida keltirilgan qonun fuqarolarning huquqi buzilganda uning qo‘riqlanishini iltimos qilish huquqini mazkur shaxsning o‘ziga berishi bilan birga, buzilgan huquqlarning himoya qilinishi maqsadlarida, fuqarolik jarayonida prokurorning ishtirok etishi, fuqarolik ishining bevosita sud, davlat va jamoat tashkilotlari tashabbusi bilan qo‘zg‘atilishi mumkinligini belgilaydi.
Moddiy huquqi buzilgan fuqaro erkin huquqlik printsipiga binoan da’vo qo‘zg‘atish yoki qo‘zg‘atmaslik huquqiga ega. Tashkilotlarning huquqlari buzilishi hollarida esa-mazkur tashkilotlarning mansabdor shaxslari mulkiy bo‘lgan huquqni qo‘riqlash maqsadlarida, da’vo qo‘zg‘atish huquqlariga ega bo‘libgina qolmasdan, balki bunday da’voni qo‘zg‘atishga majburdirlar.
Bu printsipga muvofiq, da’vogar o‘z da’vosining predmetini, hajmini, huquqiy asosini belgilaydi; ikkinchi taraf-javobgar esa, da’voni tan olish yoki da’voga qarshi bo‘lib, da’voni inkor etish huquqiga egadir.
Sudda qo‘zg‘atilgan fuqarolik ishi taraflarning o‘zaro keliShuvlari bo‘yicha tamomlanishi ham mumkin. Ammo taraflarning, ya’ni da’vogar va javobgarning o‘z huquqlari va burchlarini amalga oshirish-oshirmaslik to‘g‘risidagi ixtiyoriy harakatlari o‘zaro kelishuvlari sud uchun majburiy emas. Sud davlat va jamoat manfaatlari talab qilinganida yoki biron-bir shaxslarning huquqlari buzilishiga qaratilgan hollarda da’vodan voz kechishni yoki da’voni tan olishni hal qilmasligi ham mumkin. Taraflarning da’vo ishini o‘z roziliklari bo‘yicha butunlay tamomlashlari to‘g‘risidagi keliShuvlari ham sud uchun majburiy emas.
Fuqarolik ishida qatnashuvchi da’vogar va javobgarlar sudning hal qiluv qarori ustidan, shuningdek yuqori sudlarning ajrimlari ustidan shikoyat berish va bermaslik huquqiga egadirlar. Ammo ba’zi hollarda fuqarolarning, tashkilotlarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish zarur bo‘lgan hollarda, qonuniy kuchga kirmagan sudning hal qiluv qarori ustidan prokuror kassatsiya protesti keltirishi mumkin. Ishda ishtirok etuvchilarning biri tomonidan shikoyat berilganida yoki bir shaxsning yoki bir necha shaxslarning manfaatlari ko‘zlanib, protest keltirganida, yuqori sud faqat bu shikoyat va protestlar bilan cheklanib qolmasdan, ishning hamma holatini butunlay tekshirishga majbur bo‘ladi.
Erkin huquq printsipi da’vo ishining qo‘zg‘atilishidan boshlab to da’vo yuzasidan chiqarilgan qarorlarning ijro etilishigacha qo‘llanib, ishda ishtirok etuvchilarga tegishli protsessual huquqlarning qonunlar bilan belgilangan tartibda amalga oshirilishini ta’minlaydi.
|