15
tomonlama takomillashuv jarayonini boshidan kechirmoqda. Hozirgi o‘zbek
terminologiyasining shiddat bilan taraqqiy etishi til lug‘at tarkibining
boyishi va takomillashuviga olib keldi.
Terminga xos belgilardan biri uning izohi va ta’rifiga oydinlik kiritish,
terminning ma’noviy qurshovida mavjud qo‘shimcha semalarni yuzaga
chiqarish ilm-fan tilining rivojlanishida, o‘zga soha oid terminologik tizimlar
tarkibida yaqqol seziladi. Bugungi o‘zbek terminologiyasining boyishida
yuqorida zikr etilgan jihatlar hamon ustunlik qilmoqda. O‘z qatlamning
salmoqli o‘rni qatori, o‘zlashmalarning ham sezilarli mavqei saqlanib
qolmoqda. O‘zlashmalarning til terminologiyasi boyishidagi o‘rnini birgina
internet terminlari misolida ko‘rish mumkin. Olib borilgan izlanishlar o‘zbek
tili internet terminologiyasining 54% ini o‘zlashmalar, chunonchi, rus tilidan
o‘zlashgan internet terminlari 31%, ingliz tilidan aynan o‘zlashgan
baynalmilal internet terminlari 23% ni tashkil etishini ko‘rsatgan
(Saidqodirova 2018).
Xullas, o‘zbek terminologiyasi bir necha asrlik shakllanish va tarqqiy
etish bosqichlarini bosib o‘tdi. Bu bosqichlarda o‘zbek terminologiyasi na-
faqat o‘z ichki resurslari, shuningdek, qarindosh bo‘lmagan tillar
boyliklaridan o‘rni bilan foydalangan holda rivojlanish yo‘lida davom etdi.
Terminlarning shakllanish hamda yasalish yo‘llari xususida so‘z
ketganda quyidagi jihatlarni inobatga olish taqozo etiladi: o‘z milliy tilning
tayyor leksik boyliklaridan unumli foydalanish; boshqa tillarning so‘z
boyliklaridan o‘rni bilan istifoda etish (o‘zlashtirish); tayyor standart
terminelementlar (o‘zbekcha va baynalmilal)ni qo‘llash; morfologik
(affiksatsiya, abbreviatsiya), sintaktik (kompozitsiya) va semantik so‘z
yasalishi vositalariga murojaat qilish.