88
3.
Ilohiy kitoblarga imon keltirish: Alloh taolo Muhammad (a.s.)ga
Qur’onni yuborganidek, boshqa payg‘ambarlarga ham kitoblar yuborgan. Ulardan
bizga ma’lum bo‘lganlari: Ibrohim (a.s.) «Sahifalari», Muso payg‘ambarga berilgan
«Tavrot», Dovud payg‘ambarga berilgan «Zabur» va Iso payg‘ambarga berilgan
«Injil» kitoblaridir;
4.
Payg‘ambarlar – Alloh taolo tomonidan insonlarga to‘g‘ri yo‘lni
ko‘rsatish uchun yuborgan elchilari, deb imon keltirish. Barcha payg‘ambarlar bir-
birlarining ishlarini davom ettirgan bir zanjirning bo‘g‘inlari hisoblanadilar.
Qur’onda 25 payg‘ambarning nomlari zikr etilgan. Hadislarda payg‘ambarlarning
umumiy soni 124 ming ekani bayon qilingan;
5.
Oxirat kuniga ishonish: dunyoning ibtidosi bo‘lgani kabi uning intihosi
ham bor, bu dunyo – insonlar uchun sinov maydoni, bu dunyoda qilingan savob
ishlar uchun mukofot, gunoh ishlar uchun jazo beriladigan oxirat hayoti mavjud deb
ishonish;
6.
Taqdirga – insonga yetadigan yaxshilik va yomonlik Allohdan deb
e’tiqod qilish;
7.
O‘lgandan keyin qayta tirilishga ishonish. Islom ta’limotiga ko‘ra,
qiyomat kuni bo‘lganda barcha insonlar qabrlaridan turadilar va mahshargoh
maydoniga yig‘iladilar. U yerda barcha odamlar dunyodagi amallariga qarab
mukofot (jannat) yoki jazo (do‘zax)ga mahkum etiladilar.
Islom dinining besh asosiy rukni bor: 1. Imon, ya’ni shahodat (arabcha–
guvohlik berish); 2. Namoz o‘qish; 3. Zakot (arabcha – poklash, o‘sish, ortib borish);
4. Ro‘za tutish; 5. Haj – qodir bo‘lgan kishi uchun umrida bir marta Makka
shahridagi Ka’bani ziyorat qilish va ushbu ibodat o‘z ichiga oladigan arkonlarni ado
etish.