82
bu yerdagi shaharlarni o‘zlashtirish maqsadida Bobildan talaygina aholini
ko‘chirgan. Ular orasida ko‘pchilikni yahudiylar tashkil qilgan. Ma’lumki, bundan
oldinroq (mil. av. 586 y.) Navuxodonosor II Quddusni zabt qilganida salkam 30
ming yahudiyni asir qilib, Bobilga keltirgan va «Bobil asirligi» 50 yil davom etgan.
Shundan so‘ng ham ba’zi yahudiylar Falastinga qaytmay Bobilda qolib ketganlar.
Arabiston yarim orolida yahudiylik bilan bir qatorda xristianlik dini ham
tarqalgan edi. Xristianlar bu yerda keng targ‘ibotchilik ishlarini olib borar edilar.
Ular Arabistonga qachon kirib kelganligi noma’lum. Tarixiy manbalarda xabar
berilishicha, qul savdosi bu yerga xristianlarning kirib kelishida asosiy omillardan
biri bo‘lgan. Vizantiya viloyatlari va O‘rta yer dengizi orollaridan keltiriladigan oq
tanli erkak-ayol qullar odatda uy ishlari va hunarmandchilik ishlariga jalb qilinar
edi. Shahar boylari chiroyli xristian qizlarni o‘zlariga joriyalikka olar, ular ona
bo‘lganlaridan keyin ozod qilar edilar. Masalan, Makkadagi Banu Maxzum
urug‘ining boylari qo‘l ostida yunonistonlik joriyalar ko‘p bo‘lgan.
Johiliya jamiyatida o‘zlarining katta bobolari Ibrohim (a.s.) dinini saqlab
qolgan bir jamoa kishilar «haniflar» deb atalar edilar. Ular sanamlarga sig‘inmas,
balki yagona xudoga ibodat qilar edilar. Haniflar ochiqdan-ochiq butparastlarni
tanqid qilar edilar. Bu tanqidlar, tabiiyki, zodagonlarga yoqmas edi. Shuning uchun
ham ular bir yerda muqim turmay, o‘lka bo‘ylab ko‘chib yurishga va qalandarona
hayot kechirishga majbur bo‘ldilar. Ushbu toifa kishilardan Zayd ibn Amr, Varaqa
ibn Navfal, Ubaydulloh ibn Jahsh, Usmon ibn Huvayris, Quss ibn Sayidolarni
keltirish mumkin.