4. Qur’on va hadis – islom dinining manbalari
Qur’oni karim – Alloh taolo tarafidan 23 yil mobaynida Muhammad
payg‘ambarga oyat-oyat, sura-sura tarzida nozil qilingan ilohiy kitob hisoblanadi.
Manbalarda berilishicha, «Qur’on» so‘zi arabcha «qaraa» – «o‘qimoq» o‘zagidan
olingan bo‘lib, «O‘qiladigan (kitob)» ma’nosini beradi deb talqin etiladi. «Qur’on»
114 sura (arab. – «bo‘lak», «devor», «to‘siq») va 6236 ta oyatdan tashkil topgan.
Uning «mo‘jiza», «belgi», «alomat» kabi ma’nolari ham bor.
Makkada nozil bo‘lgan Qur’on suralarining xronologik tartibi quyidagicha:
1. Makka davri (610-615 yillar). Bu davrda yuksak adabiy ijod namunalari
bo‘lgan «saj’» janriga yaqin shakldagi suralar nozil bo‘lgan. Yevropa olimlari ularga
«Nazmiy suralar» deb nom berganlar.
2. Makka davri (616-619 yillar), Muhammad (s.a.v.) va ularning izdoshlari
doimiy ta’qib ostida yashagan va ko‘pchilik Habashistonga ko‘chib ketgan muhitda
nozil bo‘lgan. Bu suralarda Allohning nomi «Rahmon» sifatida ko‘p tilga olingani
sababli Yevropa olimlari ularni «Rahmon suralari» deb ataganlar.
3. Makka davri (620 yil boshlaridan 622 yil sentyabrigacha). Bu davrda ham
Muhammad (s.a.v.) va uning izdoshlari ta’qib ostida yashaganlar, maxfiy ravishda,
ko‘pincha shahardan tashqarida ibodatga to‘planganlar. Bu davr suralarida
89
islomning aqida va ta’limotiga keng o‘rin berilgani sababli, yevropalik
tadqiqotchilar ularga «Payg‘ambarlik suralari» deb nom berganlar.
Madinada tushirilgan 24 ta suraning nozil bo‘lish davrini tarixiy voqealarni
aniqroq ko‘zda tutgan holda besh bosqichga ajratish mumkin:
Birinchi davr (622 yil oktyabrdan-624 yilgacha). Muhammad (s.a.v.)
Madinaga ko‘chib kelganidan makkaliklar bilan birinchi yirik to‘qnashuv – Badr
jangigacha o‘qilgan 4 sura bu davrga kiradi.
Ikkinchi davr (624 yil martidan-625 yil martigacha). Badr jangidan keyin
Uhud jangigacha o‘tgan bir yil ichida o‘qilgan 3 surani o‘z ichiga oladi.
Uchinchi davr (625 yil martidan-627 yil martigacha). Uhud jangidagi
mag‘lubiyatidan keyin Xandaq jangigacha o‘tgan ikki yil ichida 5 ta sura o‘qilgan.
To‘rtinchi davr (627 yil aprelidan 630 yil yanvarigacha). Xandaq jangidan
so‘ng Makkaning olinishigacha o‘tgan salkam uch yil ichida o‘qilgan 8 sura shu
davrga kiradi.
Beshinchi davr (630 yil fevralidan 632 yil mayigacha). Makka olinganidan
keyin Muhammad (s.a.v.) payg‘ambarning vafotigacha o‘tgan ikki yildan ortiqroq
davr ichida o‘qilgan 4 ta sura shu davrga kiradi.
Muhammad payg‘ambar hayotlik chog‘larida yana vahiy tushib qolishi
mumkinligi nazarda tutilib, Qur’on jamlanib, kitob holiga keltirilmagan edi.
Payg‘ambar (a.s.) vafotlaridan keyin Qur’on kishilarning xotirasida va yozgan
narsalarida saqlanib qoldi. Payg‘ambardan so‘ng musulmonlarga Abu Bakr (572-
634) boshliq etib saylandi. Uning xalifalik davrida (632-634) «murtadlik (dindan
qaytish) harakatlari». Xalifa bu isyonchilarga qarshi shiddatli janglar olib bordi.
Ushbu janglarda ko‘plab Qur’onni to‘liq yod olgan qorilar halok bo‘ldilar.
Umar ibn Xattob (585-644) taklifiga binoan Abu Bakr (r.a.) Zayd ibn Sobit
(r.a.) ismli sahobani chaqirib Qur’onni jamlab yozma holga keltirishni unga
topshiradilar. Shunday qilib, Zayd va Umar mashaqqatli urinishlardan keyin
Qur’onning ilk yozma nusxasini jamlashga erishdilar. Bu «suhuf» - sahifalar deb
nomlandi. Abu Bakr Siddiq (r.a.) olamdan o‘tganidan keyin sahifalar Umar ibn
Xattob (r.a.) uyiga, u vafot etgach, uning qizi – Payg‘ambar (a.s.) ayollari Hafsada
qoldi.
Vaqt o‘tishi bilan islom olamining hududlari kengayishi natijasida
musulmonlarning soni ko‘paya bordi. Turli tillar va shevalar o‘rtasida mavjud
farqlarga ko‘ra Qur’onni qanday o‘qish kerakligi borasida ixtiloflar chiqa boshladi.
Bu holatni ko‘rgan xalifa Usmon ibn Affon Zayd ibn Sobitga barcha Qur’on
suralarini yig‘ib, taqqoslab chiqib qaytadan Qur’on matnini jamlashni buyurdi.
Qur’onning birinchi rasmiy nusxasi 651 yilda taqdim etildi. U asl nusxa hisoblanib
yana uchta, ba’zi manbalarga ko‘ra yettita nusxa ko‘chirtirilib, yirik shaharlar –
Basra, Damashq, Kufaga jo‘natiladi. «Imon» deb nomlangan asl nusxa esa
Madinada, xalifa Usmon huzurida qoldi. Ko‘chirilgan nusxalar «Mus'hafi Usmon»
deb ataldi.
Usmon musxafi. Arab tarixchilarining xabar berishlaricha, xalifa Usmon
Qur’onni mutolaa qilib o‘tirganlarida o‘ldirilgan. U kishining qoni Qur’onga
to‘kilgan. Shu tufayli ham Usmon Qur’oni asl nusxaligi va xalifa qoni to‘kilgani
90
bilan musulmon dunyosida alohida e’tibor bilan qarab kelinadi. Toshkent shahridagi
Usmon Qur’onida ham qon izlari bo‘lib, shu nusxa xalifa Usmonga tegishli degan
fikrlar mavjud.
Usmon Qur’oni ruslar O‘rta Osiyoni bosib olguncha Samarqandda, Xo‘ja
Ahror madrasasida saqlanar edi. Qur’onning Samarqandga keltirilishi haqida ham
xalq o‘rtasida har xil rivoyatlar mavjud.
Ko‘pchilik olimlarning fikricha mazkur musxaf sohibqiron Amir Temur
tomonidan Basradan ko‘plab qo‘lyozma kitoblar va boshqa o‘ljalar bilan birga
Samarqandga keltirilgan va mashhur Temur kutubxonasiga qo‘ydirilgan. Bu fikrni
Qur’onni chuqur ilmiy taftish etgan Sankt-Peterburglik sharqshunos olim
A.V.Shebunin ham tasdiqlaydi. 400 yil davomida bu muqaddas kitob Samarqandda
saqlanadi.
1868 yilda rus askarlarining Samarqandga bostirib kirishi bilan xalqimizning
moddiy, ma’naviy boyliklariga tajovuz boshlandi. Bu tajovuzdan muqaddas
hisoblangan qabr toshlari, maqbara ichidagi yodgorliklar ham, musulmonlar diniy
e’tiqodining shohona mulki Usmon Mus'hafi ham chetda qolmadi. Musulmonlar
Qur’onini tezlikda bekitib Buxoroga jo‘natmoqchi bo‘ladilar. Biroq bu xabar
Zarafshon o‘lkasining boshlig‘i general Abramov qulog‘iga yetib, «fan uchun
bunday nodir, bebaho, qadimiy yodgorlikni qo‘ldan chiqarmaslik uchun hamma
chora ko‘rilsin» deb polkovnik Serovga buyruq beradi. Serov Qur’onni general
Abramovga keltiradi. Abramov esa uni zudlik bilan Turkiston general-gubernatori
K.N.Kaufmanga yetkazadi. U o‘z navbatida zudlik bilan 1869 yil 24 oktyabrda
Peterburgga – Imperator kutubxonasiga alohida kuzatuvchilar bilan yuboradi.
Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng Butunrossiya musulmonlar jamiyati nomidan
Usmon To‘qumboyev RSFSR Xalq Komissarlari Sovetiga murojaat qilib, muqaddas
Usmon Qur’oni o‘z egalariga, ya’ni musulmonlarning O‘lka s’ezdiga topshirilishini
talab qiladi. RSFSR XKS tomonidan musulmonlarning talabi qondirilib, Qur’on
musulmonlar ixtiyoriga beriladi. 1917 yil 29 dekabr kuni Peterburgdagi podsho
kutubxonasining «nodir qo‘lyozmalar» bo‘limidan olinib, Butunrossiya
musulmonlar jamiyati raisi U.To‘qumboyev javobgarligi ostida Ufa shahriga
jo‘natiladi. Qur’on 1923 yilgacha Ufada saqlanadi.
1923 yil 23 iyulda Butunittifoq Markaziy Ijroqo‘mi Usmon Qur’onini
Turkistonga qaytarishga qaror qiladi. Muqaddas yodgorlikni Ufadan Toshkentga
maxsus komissiya kuzatuvida olib kelinadi. 1923 yil 18 avgustda Toshkentdan
Sirdaryo diniy idorasiga qarashli Xo‘ja Ahror jome’ masjidiga topshiriladi.
Shundan keyin Qur’on 1923 yil 18 avgustda Sirdaryo diniy idorasiga qarashli
Xo‘ja Ahror juma masjidiga topshiriladi. Lekin ko‘p o‘tmay Qur’onni eski shahar
muzeyiga keltiradilar va u maxsus po‘lat sandiqda saqlana boshlanadi. Eski shahar
muzeyi Birinchi o‘zbek muzeyiga aylantirildi. Muzey 1926 yilning 1 yanvaridan
ochildi. 1926 yilning faqat bir oyi ichida muzeyni 4000 kishi kelib ko‘rgan.
Hadis. Hadis so‘zining arab tilidagi lug‘aviy ma’nosi «so‘z», «yangi»,
«suhbat», «hikoya», «rivoyat» ma’nolarini anglatadi. Uning istilohiy ma’nosi
Muhammad payg‘ambarning aytgan so‘zlari, qilgan ishlari va taqrirlari, ya’ni ko‘rib
91
qaytarmagan va qo‘llab-quvvatlagan ishlaridir. Hadislar ikki qismdan: aynan xabar
beruvchi matn va uni rivoyat qilgan roviylar zanjiri – isnoddan iborat.
Hadis ikki xildir:
-
al-hadis al-qudsiy (bu kabi hadisda, ma’no Allohdan, lafz esa
Payg‘ambardan bo‘ladi);
-
al-hadis
an-nabaviy
(bunda esa, ma’no ham lafz ham
Payg‘ambarnikidir).
Hadislar ilk davrda faqat og‘zaki ravishda avloddan-avlodga uzatilar edi.
Yozma ravishda hadislarni to‘plamaslik haqidagi Payg‘ambarning ko‘rsatmalari
asosan ilk islom davriga taalluqli edi. Payg‘ambar (a.s.) o‘z so‘zlarini yozib olishdan
sahobalarni qaytarishlariga sabab hadislarning Qur’on oyatlariga aralashib
ketmasligi uchun edi. Chunki vahiy nozil bo‘lib turgan paytda ba’zi kishilar Qur’on
oyatlarini yozib borar edilar. Boshqa hadisda esa Payg‘ambar (a.s.): «Bu og‘izdan –
deya o‘z og‘izlariga ishora qildilar – faqatgina haq so‘z chiqadi» – deb, o‘z so‘zlarini
yozib olishga buyurganliklari haqida rivoyat qilingan. Abu Dovud o‘zining «Sunan»
asarida ikki hadisni ketma-ket keltiradi – ulardan birida Payg‘ambar o‘z so‘zlarini
yozib olishdan qaytargan bo‘lsalar, ikkinchisida unga buyuradilar.
Keyinchalik esa bu yozuvlar katta to‘plamlarga asos bo‘ldi. Shunday ilk
to‘plamlardan biri Madinadagi Urva ibn Zubayrga (vaf. 94/712 yoki 99/717 y.) va
ikkinchisi Suriyaga ko‘chib ketgan Muhammad ibn Muslim Zuhriyga (vaf. 124/741
y.) tegishli.
Hadis ko‘pincha sunna so‘zi bilan ham yonma-yon keladi. Sunna so‘zining
lug‘aviy ma’nosi – odat, tariqa – yo‘l bo‘lib, istilohiy ma’nosi – Payg‘ambar
odatlari, tutgan yo‘llari, taqrir (ko‘rib qaytarmagan) va buyurgan ishlariga nisbatan
ishlatiladi. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, hadislarning zamirida sunna
yotadi. Islom ta’limotida e’tiqod mezonlarini belgilash va fiqhiy masalalarni hal
etishda Qur’ondan keyin sunnaga asoslaniladi.
IX asr asosan mavjud hadis to‘plamlari qayta ishlagan holda ularni boblar
bo‘yicha tasnif qilib, musannaflar yozish davri bo‘ldi. Bu esa hadislardan
foydalanish uchun qulaylik tug‘dirdi. Islom olamida shunday musannaflardan
oltitasi alohida e’tiborga molik sanaladi. Ular – eng katta obro‘ga ega bo‘lgan Imom
Buxoriy va Imom Muslimning (vaf. 261/875 y.) «al-Jomi’ as-sahih» to‘plamlari,
undan keyingi eng muhim asarlar – Abu Dovud, Termiziy (vaf. 279/892 y.), Nasoiy
(vaf. 303/915 y.) va Ibn Mojaning (vaf. 273/886 y.) «as-Sunan» asarlaridir. «al-
Jomi’ as-sahih» kitoblari o‘z ichiga biografik ma’lumotlar, Qur’on oyatlariga
tafsirlar, diniy qonun-qoidalar, ijtimoiy va shaxsiy axloq mezonlarini ham qamrab
oldi. «al-Jomi’ as-sahih»ning ishonchlilik darajasi boshqa to‘plamlardan ko‘ra ancha
yuqori hisoblanadi.
Hadislar sahih (sog‘lom), hasan (yaxshi), daif (zaif) va saqim (kasal) turlarga
ajratildi. Sahih hadislar roviylar darajalari bo‘yicha yetti xilga bo‘lindi:
1) Imom Buxoriy va Muslim keltirgan;
2) faqat Imom Buxoriy keltirgan;
3) faqat Imom Muslim keltirgan;
92
4) ikkala muhaddis ham keltirmagan, balki ularning shurutlari (shartlari)
bo‘yicha rivoyat qilingan;
5) Imom Buxoriy shurutlari bo‘yicha rivoyat qilingan;
6) Imom Muslim shurutlari bo‘yicha rivoyat qilingan;
7) boshqa ulamolar tomonidan tasdiqlangan hadislar.
Quyidagi isnodga tegishli texnik terminlar barcha ulamolar tomonidan bir
xilda talqin qilinmasada, barqaror istilohga aylanib qoldi. Ularni o‘rganish qulay
bo‘lishi uchun ularni besh guruhga bo‘lib ko‘rsatish mumkin.
A.
Roviylarning soniga ko‘ra: mutavotir, mashhur, mustafit, aziz, g‘arib,
fard, shozz, ohod;
B.
Isnodning tabiatiga ko‘ra: muttasil marfu, muttasil mavquf, musnad,
maqtu, munqat, munfasil, muallaq, mursal, muallal yoki malul;
C.
Matn yoki isnodning asosiy xususiyatlariga ko‘ra: ziyodot as-aiqot,
muanan, musalsal, mudallas, mubham, maqlub, mudraj, mudtarib, isnod oliy;
D.
Hadislarning qabul qilishga yaroqliligiga ko‘ra: maruf, munkar, majhul,
maqbul, mahfuz;
E.
Hadislarning inkor etilishiga ko‘ra: munkar, mardud, matruk, matruh
turlarga bo‘linadi.
Hadislarni o‘rganish fani «Ulum al-hadis» («Hadis ilmlari») deb ataladi. Bu
sohada ko‘plab asarlar yaratildi. Ular orasida eng avvalgi davrda yozilgan
boshqalariga nisbatan har tomonlama mukammal hisoblangan asar Abu Muhammad
ar-Romahurmuziyning (vaf. 360/971 y.) yetti jildli «al-Muhaddis al-fosil bayn ar-
roviy va-l-voiy» («Rivoyat qiluvchi va anglovchi orasini ajratuvchi muhaddis»)
kitobidir. Undan keyingi o‘rinda Al-Hokim an-Nisoburiyning «Ma’rifat ulum al-
hadis», Ibn as-Salohning «Ulum al-hadis» nomli asarlari turadi. Bu fan hadislar va
roviylar tasnifi, sahoba va tobiiylarni bilish, hadislarni rivoyat qilish, yozib olish,
ulardagi xatoliklarni to‘g‘rilash, isnodda kelgan birinchidan tortib oxirgi roviygacha
yashagan yillarini o‘rganishdan iborat juda katta bilimlar majmuasini o‘z ichiga
oladi.
Islom ta’limoti va qoidalarining asosiy manbalari – Qur’on va hadislardan
tashqari ikkinchi darajali manbalari ham mavjud. Ulardan biri «ijmo» bo‘lib, u
Qur’on va hadis matnlarida aniq ko‘zda tutilmagan masalalar yuzasidan mashhur
islom ulamolarining mazkur mo‘tabar manbalarga zid bo‘lmagan bir fikrga ittifoq
qilishlarini bildiradi. VII asrning ikkinchi yarmidan yo‘lga qo‘yilgan ijmoning islom
ahkomlarini bir me’yorda bo‘lishi hamda musulmonlar orasida turli ixtiloflar kelib
chiqishining oldini olishdagi ahamiyati katta.
Shuningdek, yana bir manba sifatida «qiyos» qabul qilingan bo‘lib, u ilk
islomdan keyingi davrlarda vujudga kelgan, Qur’on yoki hadisda hukmi aytilmagan
muammolarni avvalgi hukmlarga qiyoslab hukm chiqarish uslubidir. Bunda olimlar
tarafidan mo‘tabar manbalar matnida o‘rganilayotgan muammoga o‘xshash
masalalar tadqiq qilinadi. Shu asosda mantiqiy javob topilib, hukm qilinadi. Qiyos
jamiyatda vujudga keluvchi turli muammolarni mantiqiy jihatdan oson hal qilishda
muhim ahamiyat kasb etadi.
|