8
Atrof-muhit holati to‘g‘risida milliy ma’ruza: O‘zbekiston
O‘zbekiston 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Parij kelishuvi doirasida issiqxona gazlari tashlamalari
bo‘yicha o‘z majburiyatlarini yangiladi. Glazgoda (Buyuk Britaniya) o‘tkazilgan BMTning Iqlim
o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi tomonlarining 26-konferensiyasida O‘zbekiston iqlim
o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha yangi maqsadini e’lon qildi, ya’ni 2030-yilgacha
issiqxona gazlarining YaIM birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010-yildagi darajadan
35 foizga qisqartirish hamda moslashish salohiyatini rivojlantirish
maqsadlarini yana bir bor
tasdiqladi. 2022-yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi 2020-yilga nisbatan 2030-yilga borib
metan tashlamalarini kamida 30 foizga kamaytirish bo‘yicha mamlakatlarning jamoaviy maqsadiga
erishishga qaratilgan Global tashabbusga (Global Methane Pledge) qo‘shildi. Respublikaning
xalqaro konvensiyalarga, jumldan, Havoni uzoq masofalargacha transchegaraviy ifloslanishi
to‘g‘risidagi konvensiya, Xalqaro savdoda alohida xavfli kimyoviy moddalar va pestitsidlarga
nisbatan asoslantirilgan dastlabki kelishuv tartib-taomili to‘g‘risidagi
Rotterdam konvensiyasi,
Axborot olish, qaror qabul qilish jarayonida jamoatchilikning ishtiroki va atrof-muhitga oid
masalalar bo‘yicha odil sudlovdan foydalanish to‘g‘risidagi Orxuss konvensiyasiga qo‘shilishi
bo‘yicha tarmoqlararo ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, Ekologiya kodeksi va Sog‘liqni saqlash
kodeksining loyihalari tayyorlandi.
1999-yilning oktyabr oyida O‘zbekiston BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasiga
o‘zining Birinchi milliy axborotini taqdim etdi, undan so‘ng ketma-ket yana ikkita axborot
(shuningdek, Milliy inventarizatsiya bo‘yicha hisobotlar) taqdim etildi. 2021-yilda yangilangan
ma’lumotlar bo‘yicha Birinchi ikki yillik hisobotda (FBUR) issiqxona gazlari tashlamalarini
kamaytirish va iqtisodiyotning turli sohalarida samaradorlikni oshirishga qaratilgan iqlim o‘zgarishi
oqibatlarini yumshatish bo‘yicha sa’y-harakatlar aks ettirildi. Joriy milliy axborot ma’lumotlariga
ko‘ra, O‘zbekiston uchun moslashuvning asosiy sa’y-harakatlari turli xo‘jalik sohalarida suvdan
foydalanish va suvni tejash usullarini maqbullashtirish, shuningdek, moslashuvchan qishloq
xo‘jaligini rejalashtirishni o‘z ichiga oladi.
Kelgusi To‘rtinchi milliy axborot iqlim o‘zgarishiga moslashish va oqibatlarni yumshatish
masalalariga bag‘ishlanadi. Oqibatlarni yumshatishning aniqlangan
kamchiliklari qaror qabul
qilish, tarmoqlararo aloqa va muvofiqlashtirish, milliy darajada belgilangan hissaning o‘sishini
kuzatish va kengaytirilgan shaffoflik tizimiga rioya qilishga oiddir. Moslashuvdagi kamchiliklar
jamiyat va iqtisodiyotning iqlimdan zaifligini kamaytirish uchun fan va texnologiyalardan
foydalangan holda yetarli darajada integratsiyalashgan yondashuv qo‘llanilmaganligi.
Hozirgi kunda Ekologiya vazirligi tomonidan umumiy qiymati 106,547 mln. dollarlik 31 ta xalqaro
grant loyihasi amalga oshirilmoqda. 2023–2024-yillar mobaynida jami 39,8 mln. AQSH dollari
miqdorida yana 8 ta xalqaro loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan (A1 jadvali). Biologik xilma-
xillikni saqlash, xavfli kimyoviy moddalar va chiqindilarni boshqarish, aqlli texnologiyalarni joriy
etish sohasidagi qator istiqbolli xalqaro loyihalar mavjud (A2 jadvali).