9
Atrof-muhit holati to‘g‘risida milliy ma’ruza: O‘zbekiston
Xususan, O‘zbekistonda biologik xilma-xillikni moliyalashtirish tashabbusi (BIOFIN) davlat
organlari va boshqa manfaatdor tomonlar o‘rtasida mavjud vaziyatni yaxshiroq tushunish va
bioxilma-xillikni saqlash xarajatlarining bazaviy darajasini aniqlash, shuningdek, uni
saqlash va
tiklash uchun zarur moliyaviy ko‘mak va vositalarni aniqlash maqsadida bioxilma-xillikni saqlashni
moliyalashtirish sohasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
1993-yilda O‘zbekiston Respublikasi YuNESKOning Butunjahon madaniy va tabiiy merosini
muhofaza qilish to‘g‘risidagi Konvensiya ishtirokchisiga aylandi. 2016-yilda YuNESKOning
Butunjahon merosi qo‘mitasi Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston tomonidan nomzod qilib
ko‘rsatilgan «G‘arbiy Tyan-Shan» transmilliy seriyali obyektini Butunjahon madaniy va tabiiy
merosi ro‘yxatiga kiritdi.
Tyan-Shanning YuNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga nomzodligi uning biologik xilma-xillikni
saqlashdagi roli bilan bog‘liq. Mintaqada Menzbira sug‘uri, qor qoploni, Tyan-Shan tog‘ qo‘ylari
va h.k.lar kabi ko‘plab noyob va yo‘qolib borayotgan turlar yashaydi. 2023-yilning 10−25-sentyabr
kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan YuNESKOning
Butunjahon merosi
qo‘mitasining 45-yig‘ilishida «Mo‘tadil mintaqadagi Turon cho‘llari» transchegaraviy tabiat obyekti
YuNESKO Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritildi. Turon cho‘llari YuNESKO ro‘yxatiga
mo‘tadil mintaqadagi cho‘llar toifasiga kiritilgan birinchi obyekt hisoblanadi. Ro‘yxatga kiritilgan
obyektlar uch davlat – O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistondagi cho‘l qo‘riqxonalari, milliy
bog‘lar va landshaft buyurtma qo‘riqxonasi hududlarida joylashgan. Mo‘tadil mintaqadagi Turon
cho‘llarining Butunjahon tabiiy meros ro‘yxatiga kiritilishi, noyob biologik
xilma-xillikni saqlash
nuqtayi nazaridan ham muhim sanaladi, zero, bu sutemizuvchilarning 41 ta turini, qushlarning
167 ta turini, sudralib yuruvchilarning 42 ta turini xalqaro darajada himoya qilishga imkon beradi,
shuningdek, ular orasida qulon, sayg‘oq, jayron, tog‘ (yovvoyi) qo‘yi kabi global miqyosda yo‘qolib
ketish xavfi ostida turgan hayvonlar va o‘simliklarning ko‘plab turlari ham bor.
Kimyoviy moddalar va xavfli chiqindilar bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtirish ishlarini va
hamkorlikni, shuningdek, qonunchilik va me’yoriy-huquqiy bazani, monitoring hamda hisobotlarni
amalga
oshirishni takomillashtirish, rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida BMTning Atrof-
muhit dasturi ko‘magida «Bazel va Stokgolm konvensiyalari hamda SHSni (kimyoviy moddalarni
tasniflash va tamg‘alash bo‘yicha global miqyosda uyg‘unlashtirilgan tizim) amalga oshirishda
O‘zbekiston Respublikasining institutsional salohiyatini mustahkamlash hamda Rotterdam va
Minamata konvensiyalariga qo‘shilishga ko‘maklashish» loyihasi amalga oshirilmoqda.
Monreal protokoli maqsadlariga erishish uchun gidroxlorftoruglerodlardan (GXFU)
foydalanishni
batamom to‘xtatish va xizmat ko‘rsatish sohasida GXFUlarga qaramlikni barqaror ravishda
kamaytirish maqsadida BMTTD bilan hamkorlikda «Ozon qatlamini yemirish xususiyatiga ega
bo‘lmagan va global isishga ta’siri past darajada bo‘lgan energiyani tejaydigan texnologiyalarni
joriy etish orqali O‘zbekistonda GXFU iste’moldan chiqarishni to‘liq yakunlash» loyihasi amalga
oshirilmoqda. Mazkur loyiha 4 ta o‘zaro bog‘liq va bir-birini to‘ldiruvchi quyidagi: «GXFUlar
importi/eksportini nazorat qilish va muqobil tartibga soluvchi ta’sirni baholash bo‘yicha milliy
qonunchilikni amalga oshirishga ko‘maklashish hamda bu borada bojxona va
huquqni muhofaza
qiluvchi organ xodimlarining salohiyatini oshirish», «GXFUlardan qayta foydalanish tizimini
mustahkamlash va GXFUlarni almashtirish bo‘yicha namoyish loyihalarini amalga oshirish»,
«Axborot-tushuntirish va resurslarni safarbar qilish ishlari», «Gender jihatlarni hisobga olish,
monitoring va baholash» kabi komponentlarni o‘z ichiga oladi.
10
Atrof-muhit holati to‘g‘risida milliy ma’ruza: O‘zbekiston
2022-yilda BMTTD va BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YeIK) bilan hamkorlikda «Yashil
makon» tashabbusini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bosh reja va innovatsion moliyaviy yechimlarni
ishlab chiqish» yangi qo‘shma loyihasi ishga tushirildi. Loyihaning asosiy maqsadi innovatsion uzoq
muddatli moliyalashtirish, muvofiqlashtirish va salohiyatni oshirish orqali
iqlimga chidamlilikni
oshirish, cho‘llanish va chang bo‘ronlariga qarshi kurashish, shuningdek, iqlim o‘zgarishi ta’sirlariga
moslashishda O‘zbekiston hukumatini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
O‘zbekistonda 2015–2020-yillar davrida mamlakat aholisining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash
bo‘yicha konsepsiya va kompleks chora-tadbirlar qabul qilindi va amalga oshirilmoqda. Jumladan,
aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash ishlari davom etmoqda, bu borada
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), JSST va boshqa xalqaro tashkilotlar
bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. FAO bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ko‘plab
loyihalar qatorida – «O‘zbekistonda yerdan foydalanish tartibi va degradatsiyaga
uchragan
ekotizimlar va bioxilma-xillikni tiklash», «O‘zbekistonning tog‘ va vodiy hududlarida o‘rmonlarni
barqaror boshqarish», «Qurg‘oqchil hududlarni tiklash», «Markaziy Osiyo cho‘llarini saqlab qolish»,
«Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish
landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish» kabi loyihalarni ham qayd etib o‘tish
maqsadga muvofiq. Suv ta’minoti va kanalizatsiya bo‘yicha milliy loyihalar OTB, Jahon banki,
BMTTD, YuNISEF kabi xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari hamda alohida davlatlar
ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Va nihoyat, ekologik ta’limni rivojlantirish bo‘yicha BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining
Barqaror rivojlanish uchun ta’lim bo‘yicha boshqaruv qo‘mitasi bilan hamkorlik yo‘lga
qo‘yildi (UNECE-ESD).