66
Asos bilan pentoza birikmasi nukleozid deb ataladi. Nukleotidlar
nukleozidmonofosfatlardir. Hujayralarda nukleoziddifosfat va
nukleozidtrifosfatlar ham bor.
Pentoza qoldig‘ining tabiatiga qarab nukleotidlar ikki turga
bo‘linadi. Ular – ribonukleotidlar va dezoksiribonukleotidlar. Dezoksi-
ribonukleotidlar organizmda DNK hosil qilish uchun foydalaniladi.
Ribonukleotidlar funksiyasi ancha xilma-xil. Ularning asosiy qismi
RNK hosil bo‘lishiga sarflanadi. Bundan tashqari, ribonukleotidlar
ba’zi transferaza reaktsiyalarida (xususan, polisaxaridlar sintezida)
kofermentlar vazifasini bajaradi. Adenilribonukleotitlar NAD, NADF,
FAD, KoA kofermentlar tarkibiga kiradi. Organizmda energiya
o‘zgarishlarida ATF o‘ziga xos bir rolni o‘ynaydi. Hamma
nukleozidlarda, xuddi ATFdagidek yuksak energiyali bog‘lar
gidrolizga uchraganida anchagina miqdorda (50kJmol atrofida)
energiya ajralib chiqadigan bog‘lar bo‘ladi; bular fosfat qoldiqlari
orasidagi bog‘lardir.