|
Intensiv ta’lim texnologiyalari asosida talabalarni kommunikativ kompetensiyalarini rivojlantirish modeli
|
bet | 15/34 | Sana | 08.10.2024 | Hajmi | 256,46 Kb. | | #273985 |
Bog'liq 28.06.20242.2. Intensiv ta’lim texnologiyalari asosida talabalarni kommunikativ kompetensiyalarini rivojlantirish modeli
Kommunikativ kompetensiyalarni rivojlantirishda talaba shaxsining xuusiyatlari, intensiv ta’lim texnologiyalaridan foydalanishning o‘ziga xos jihatlari, pedagogik jarayon ishtirokchilari o‘rtasidagi kommunikativ munosabatlarning pedagogik-psixologik xususiyatlarini inobatga olgan holda mazkur kompetensiyalarni rivojlantirish jarayonining bosqichlari, intensiv ta’lim texnologiyalari asosida talabalarni kommunikativ kompetensiyalarini rivojlantirish komponentlari, jarayonning tamoyillari, shakl, metod va natijalarini baholashning maqbul variantlarini ishlab chiqish hamda modellashtirishni talab etadi.
Intensiv ta’lim texnologiyalari asosida talabalarni kommunikativ kompetensiyalarini rivojlantirish mazmuni bo‘lajak mutaxassislar tayyorgarligi jarayoni bilan aloqadorlikka ega bo‘lgan nazariy-metodologik yondashuvlarni o‘rganishni talab etadi.
Tadqiqot ishimiz doirasida metodologik asos sifatida lingvokulturologik, tizimli, tizimli-faoliyatli, shaxsga yo‘naltirilgan, refleksiv-ijodiy yondashuvlar belgilab olindi.
Kommunikativ kompetensiyalarni rivojlantirish amaliyoti turli madaniy qarashlarga ega shaxslar bilan samarali muloqotni tashkil eta olishga doir talablarni ham taqozo etadi. Shu munosabat bilan biz o‘z tadqiqotimizda lingvokulturologik yondashuv qoidalarini hisobga olishni zarur deb bilamiz, bu nafaqat kommunikativ bilimlarni o‘zlashtirish, balki qadriyatlar tizimi sifatida madaniyat bilan tanishishni ham nazarda tutadi. Kasbiy yo‘naltirilgan kommunikativ kompetensiyasini shakllantirish muloqot sharoitida til tuzilmalarini o‘zlashtirish va shaxslararo muloqotning umumiy madaniy qadriyatlari, me’yorlari va an'analarini bilish orqali amalga oshiriladi.
Intensiv ta’lim texnologiyalari asosida talabalarni kommunikativ kompetensiyalarini rivojlantirish mazmunini o‘zaro aloqadorlikka ega tarkibiy tuzilma bo‘lib, ushbu jarayon tizimli yondashuvni taqozo etadi.
N.A.Muslimovning tadqiqotlarida tizimli yondashuv quyidagicha tavsiflanadi: “Tizimli yondashuv – ilmiy bilish hamda ijtimoiy amaliyot metodologiyasining yo‘nalishi bo‘lib, uning asosida obyektlarni tizim sifatida qabul qilinishi yotadi. Tizimli yondashuv tadqiqotchining obyekt yaxlitligini ochib berishga, uning aloqalari turli tiplarini aniqlashga hamda ularni yagona nazariy ko‘rinishga keltirishga yo‘naltiradi”[39, 315 b].
Tizimli yondashuv ijtimoiy-madaniy tayyorgarlik tizimini rivojlantirish va samarali faoliyatini ta’minlaydigan zaruriy tashkiliy-mazmunli shart-sharoitlarning mavjudligini ta’minlovchi yondashuv sifatida tadqiqot ishimizda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur yondashuv talabalarni kommunikativ kompetensiyalarini rivojlantirishga doir strukturaviy qismlarni tizimlashtirish, jarayon modelini barcha aloqadorlik jihatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqish imkonini beradi.
Bo‘lajak mutaxassislarini tayyorlashda tizimli-faoliyatli yondashuv g‘oyasi muhim ahamiyatga ega, chunki ta'lim faoliyati o‘zaro bog‘liq tarkibiy qismlar (maqsad, vazifalar, mazmun, o‘quv natijalari) tizimi sifatida amalga oshiriladi. Shuningdek, talaba uchun mavjud bo‘lgan va uning o‘quv faoliyati, bilimlari, qobiliyatlari, ko‘nikmalari va malakalarini o‘zlashtirishga qaratilgan har xil turdagi faoliyatning (o‘quv, ijodiy, tadqiqot) majmui sifatida tavsiflanadi.
Talabalarda intensiv ta'lim texnologiyalari asosida kommunikativ kompetensiyalarni rivojlantirishda ta'lim oluvchi shaxsining individualligi va subyektivligiga shaxsga yo‘naltirilgan yondashuvni tatbiq etish dolzarb xususiyatga ega [63, 784-791 b]. Ta'lim jarayonida mashg‘ulotlarni rejalashtirish va ular uchun zaruriy material tanlashda ularning yoshi, intellektual, psixologik va shaxsiy xususiyatlarini, o‘quv profilining o‘ziga xos jihatlarini hisobga olish muhimdir.
Shuningdek, intensiv ta'lim texnologiyalari asosida kommunikativ kompetensiyalarni rivojlantirish talaba shaxsining ijtimoiy-madaniy tayyorgarligiga nisbatan qo‘llanilganda ijtimoiy va madaniy munosabatlarda ijodiy fikrlashga doir refleksiv madaniyatni yuzaga chiqarish ehtiyoji bilan ham bevosita aloqadorlikka ega. Ushbu nuqtai nazardan refleksiv-ijodiy yondashuvning imkoniyatlaridan ham foydalanish talab etiladi.
Yuqorida bayon etilgan mazkur yondashuvlar jarayonga kompleks qo‘llanganda samarali natijani kafolatlaydi, alohida-alohida qo‘llash tavsiya etilmaydi.
Intensiv ta’lim texnologiyalari asosida talabalarni kommunikativ kompetensiyalarini rivojlantirish jarayonini modellashtirishda quyidagi tamoyillarga e’tibor qaratildi:
bo‘lajak mutaxassisni muloqot jarayonida o‘zini-o‘zi boshqarishga qodir, mustaqil va ijodiy shaxs sifatida shakllantirish tamoyili;
pedagogik muloqot tamoyili, bu muloqot ta'lim faoliyati ishtirokchilari o‘rtasidagi muloqotning dialogik turiga asoslanib, pedagogik ma'lumotlar ta'lim faoliyatining barcha ishtirokchilari uchun tushunarli bo‘lishini, pedagogik axborot hamkorlik uchun sharoit yaratishi lozimligini, pedagogik ma'lumotlar odamlarning bir-birini yaxshiroq bilishiga hissa qo‘shishi kerakligini nazarda tutadi;
talabani mulohaza yurituvchi va bajaruvchi pozitsiyadan faol, teng huquqli muloqot subyekti pozitsiyasiga o‘tkazish tamoyili;
axborotga boy jamiyatda o‘zaro munosabatlarning zaruriy sharti sifatida talabalar tomonidan kommunikativ ko‘nikmalarni motivatsion rivojlantirish tamoyili;
kommunikativ kompetentsiyani shakllantirishda ta’lim faoliyati subyektlarining o‘zaro maqsadga muvofiqligi tamoyili;
kommunikativ kompetentsiyani shakllantirishga yaxlit (integratsiyalashgan) yondashuv tamoyili;
talabalarning kommunikativ kompetentsiyasini rivojlantirishni rag‘batlantirishga tayanish tamoyili.
Intensiv ta’lim texnologiyalari asosida talabalarni kommunikativ kompetensiyalarini rivojlantirish jarayoni quyidagi funksiyalariga e’tibor qaratishni taqozo etadi.
- tolerantlik funksiyasi ko‘p madaniyatli muhitdagi faoliyatini nazarda tutib, etnomadaniy jihatdan (moddiy va ma’naviy) boshqa mentalitetni anglashni talab etadi va talabalarda qiyosiy idrokni rivojlantirishga sabab bo‘ladi. Natijada, talabada bag‘rikenglik, boshqa madaniyatga ega shaxslarni tushunish ko‘nikmalari rivojlanadi;
- kommunikativ funksiya talaba shaxsida kasbiy etika talablariga va pedagogik faoliyat maqsadlariga javob beradigan shaxsiy va ishbilarmonlik o‘zaro munosabatlarining turli kommunikativ texnologiyalarini o‘zlashtirish zarurligini aks ettiradi [79];
- tarbiyaviy funksiya talabalarda madaniyatlararo munosabatlarni tashkil etishda axloqiy talablarga rioya etish hamda kasbiy-pedagogik faoliyatda doimiy o‘z-o‘zini tarbiyalashga intilishida namoyon bo‘ladi;
- rivojlantiruvchi funksiya talabaning kasbiy faoliyatda shaxs sifatida rivojlanishini, uning kasbiy faoliyatda o‘zini o‘zi anglash uchun zarur bo‘lgan axloqiy va ijtimoiy ahamiyatga ega fazilatlarini belgilab beradi [45, 199-206-b];
- prognostik funksiya kommunikativ bilimlarni egallashda kasbiy-pedagogik faoliyat mazmunida deontologik bo‘lmagan jihatlarni oldindan bashorat qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Talabalar intensiv ta’lim texnologiyalardan foydalangan holda kommunikativ kompetensiyalarni rivojlantirishga oid nazariy-amaliy faoliyatga faol jalb etildilar. Bunda ta’lim oluvchilar tomonidan kommunikativ bilimlarni o‘zlashtirish, jarayon natijadorligini oshirishga xizmat etuvchi pedagogik ta’sirning shakllari, usullari, shuningdek, muammoli kommunikativ va kasbiy-axloqiy vaziyatlarni tahlil qilish va amaliyotga tadbiq etishga doir ko‘nikmalarning o‘zlashtirilishi asosiy maqsad sifatida belgilab olindi.
Tadqiqot ishimizning alohida jihatlaridan kelib chiqqan holda intensiv ta’lim texnologiyalari asosida talabalarni kommunikativ kompetensiyalarini rivojlantirish mazkur jarayon modelini ishlab chiqish, o‘zaro aloqadorlikka ega tarkibiy qismlarni ketma-ketlik va uzviylikda aks ettirishni talab etadi.
Model lotincha modulus – o‘lchov, me’yor ma’nolarini anglatib, biror narsaning xuddi o‘zidek yoki kichraytirib, kattalashtirib olingan, ko‘plab ishlab chiqarish uchun andoza bo‘la oladigan nusxasi[66].
Ilmiy-nazariy tadqiqotlar tahliliga ko‘ra, intensiv ta’lim texnologiyalari asosida talabalarda kommunikativ kompetensiyalarni rivojlantirish jarayonining modeli quyidagi fundamental holatlar bilan bog‘liq:
- birinchidan, model o‘rganilayotgan jarayonni tizim sifatida obyektiv va vizual tarzda taqdim etishi, o‘zaro bog‘langan va bog‘liq bo‘lgan tarkibiy qismlarining birligini aks ettiruvchi ichki tuzilishini asoslash imkonini beradi;
- ikkinchidan, modelni ishlab chiqish o‘rganilayotgan jarayonga oid ma’lumotlarni tizimlashtirish, kommunikativ kompetentlikni rivojlantirish jarayonini optimallashtirish usullari haqidagi turli g‘oyalarni birlashtirishga xizmat qiladi [61, 73-74 b]. Demak, model intensiv ta’lim texnologiyalari asosida talabalarda kommunikativ kompetensiyalarni rivojlantirish jarayonining bosqichlari, tarkibiy qismlari, ilmiy yondashuvlar, tamoyil va metodlarini aks ettiruvchi andozadir.
Modellashtirish bu bilish obyektining har xil modellarini yaratish va undan ilmiy ijodda foydalanish imkonini beruvchi ilmiy metoddir. Modellashtirish metodida obyekt o‘rniga uning modeli o‘rganiladi [57, 52-53-betlar].
Modellashtirmoq – biror narsaning modelini ishlamoq, yaratmoq [66].
Modellashtirish – bu ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan talablar asosida ishlab chiqilgan, zaruriy usul, metod va vositalardan foydalanishni ifodalovchi, mazkur jarayonni tashkil etish bosqichlari, funksiyalari, tamoyillari hamda shakllarini aks ettiruvchi ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan andozadir [76, 80-b]. Intensiv ta’lim texnologiyalari asosida talabalarni kommunikativ kompetensiyalarini rivojlantirishga nisbatan ushbu jarayonning quyidagi modelini taqdim etamiz. (2.2.1-rasmda aks etgan).
Intensiv ta’lim texnologiyalari asosida talabalarni kommunikativ kompetensiyalarini rivojlantirish jarayonining modeli uchta bir-biri bilan bog‘liq bosqichlardan iborat: 1) motivatsion-diagnostik; 2) mazmunli-faoliyatli; 3) natijalarni baholovchi.
|
| |