1. Yangi konstitutsiya. 10 ta asosiy o‘zgarish O‘zbekistonning 65 foizga yangilangan va ancha “to‘lishgan” bosh qomusi 1 maydan e’tiboran kuchga kirdi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri 2023 yil 1 maydan
e’tiboran kuchga kirdi. Bunga 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan
referendum natijasiga ko‘ra 11 ta moddadan iborat tegishli qonunning qabul
qilinishi asos bo‘ldi. Bu qonunning 1-moddasiga Konstitutsiyaning yangi tahriri
ilova qilingan.
Bunga qadar 1992 yildan buyon konstititutsiyaga jami 15 marta o‘zgartish
kiritilgan edi. Bu safar esa o‘zgarishlar ko‘lami kattaligi sabab hujjatning yangi
tahriri qabul qilindi. Yangilanish natijasida, bosh qomusdagi moddalar soni 128
tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi. Umuman,
rasmiylarga ko‘ra, konstitutsiya 65 foizga yangilangan.
Quyida Kun.uz nazaridagi eng muhim o‘nta yo‘nalishda ro‘y bergan o‘zgarishlar
hujjatdagi ketma-ketlik bo‘yicha keltirib o‘tiladi.
1. O‘zbekiston – huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat Konstitutsiyaning 1-moddasidagi “O‘zbekiston – suveren demokratik
respublika” jumlasi quyidagicha o‘zgartirilmoqda:
O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren,
demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat. Boshqaruvning respublika shakli – davlat hokimiyatining oliy organlari xalq
tomonidan muayyan muddatga saylanishini anglatadi . Suveren davlat – o‘z
hududida to‘la-to‘kis mustaqil hukmronlik va mutlaq yurisdiksiyaga ega bo‘lish
demakdir.
Demokratiya esa xalq hokimiyatini ifoda etib, davlat boshqaruvida saylanish va
o‘z vakillarini saylash orqali barchaning teng huquqli ishtiroki ta’minlanishini
ko‘zda tutadi.