Bog'liq Pardozbop qurilish ashyolari. Qisimov E. 2005
6-bob ANORGANIK BOG‘LOVCHI MODDALAR SEMENT SANOATINING TASHKIL TOPISHI Bog‘lovchi moddalarning bundan 4-5 ming yil avval sun’iy yo‘l bilan hosil qilinganligi ma’lum. Misr,
Gretsiya, Rim va Vavilonda ohak qorishmasi va gidravlik qo‘shilmalardan tayyorlangan beton inshootlar
hozirgi davrgacha saqlanib kelmoqda. Misr va Mesopotamiyada bundan 5-6 ming yil avval yasalgan shisha
buyumlar topilgan.
Sementning ixtiro qilinishi beton xossalarining yaxshilanishiga, binobarin, qurilish texnikasida yangi davr
ochilishiga olib keldi. Gidrotexnik inshootlar qurish zarurati suvga chidamli bog‘lovchi moddalar izlanishni
talab etsa, temir-beton konstruksiyalarning qurilishda keng ishlatilishi portlandsementning yangi, tez qotuvchi,
mustahkam turlarini yaratish ehtiyojini tug‘dirdi. Sementning sho‘r suv ta’sirida buzilishi aniqlangach, bu
boradagi tadqiqotlar natijasida, yangi sement turi — sulfatga chidamli portlandsement ixtiro qilindi.
Angliyalik tadqiqotchi Jozefo Aspdin shu sohada ish olib borgan. U 1824-yilda yaratgan «sun’iy tosh
ishlab chiqarishning takomillashgan usuli» ishi uchun patent oldi. Bu sun’iy tosh Portland shahri yaqinida
qazib olinayotgan portland toshiga o‘xshaganligi sababli portlandsement deb atalgan.
Rus harbiy texnigi Yegor Cheliyev suvga chidamli sementning yanada takomillashgan turini yaratish
xususida izlanish olib borib, 1825-yilda juda muhim ixtiro qildi. Ohak bilan tuproq aralashmasi 1200—1300°C
gacha, ya’ni oqarib toblana boshlagunga qadar kuydirilganda o‘zaro yopishib pishgan «kesaklangan» mahsulot
(klinker) hosil bo‘ldi. Uni tuyib suvga qorilsa, suvga chidamli va ajoyib mexanik xossaga ega bo‘lgan toshga
aylanadi.
Hozir dunyoning 120 dan ko‘p mamlakati sement ishlab chiqaradi. Biroq bu sohada yetakchi mamlakatlar
15 ta bo‘lib, ular butun dunyo sementining 85% ini, shundan 5 mamlakat 50% ini yetkazib beradi.
1926-yilning iyunida O‘zbekistonning Bekobod shahrida ilk bor sement ishlab chiqarila boshlandi.
Bog‘lovchi moddalar organik, anorganik (yoki mineral) va organik-mineral (aralashgan) guruhlarga
bo‘linadi.