O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA
O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
O‘RTA MAXSUS, KASB-HUNAR TA’LIMI MARKAZI
O‘RTA MAXSUS, KASB-HUNAR TA’LIMINI
RIVOJLANTIRISH
INSTITUTI
E. QOSIMOV, M. AKBAROV
PARDOZBOP
QURILISH ASHYOLARI
O‘rta maxsus kasb-hunar kollejlari va akademik
litsey talabalari uchun o‘quv qo‘llanma
TOSHKENT
«O‘ZBEKISTON» NASHRIYOT-MATBAA IJODIY UYI
2005
38.619.4
Ј 61
O‘rta maxsus ta’lim kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda ta’lim olayotgan talabalar uchun o‘zbek tilida birinchi
marta yaratilgan mazkur o‘quv qo‘llanmada qurilishda-pardozlashda ishlatiladigan qurilish ashyolarining xillari, ularning
xossalari, ishlab
chiqarish texnologiyalari, sanoat va qishloq xo‘jalik chiqindilarini hamda mahalliy qurilish ashyolarini yangi
texnologiyalar asosida qayta ishlash, qiziqarli ma’lumotlar, sinov savollari, Respublika standartlari ro‘yxati va boshqalar
keltirilgan.
Ushbu o‘quv qo‘llanma suvoqchi, koshinkor,
pardoz beruvchi, duradgor, toshlarga sayqal beruvchi, parketchi, g‘isht
teruvchi, duradgor va boshqalar uchun tavsiya etiladi.
Taqrizchilar: t.f.d., professor S. Xodjayev,
Toshkent Kommunal qurilish kolleji direktori muovini Sh. Jumanov.
Muharrir —
R.S. Toirova
ISBN 5-640-03076-3
© «O‘ZBEKISTON» NMIU, 2005.
SO‘ZBOSHI
Aziz o‘quvchi! Siz ushbu kitobni o‘qib, yana bir bor quruvchi mutaxassis bo‘layotganingiz bilan
faxrlanasiz. Chunki, qurilish san’atining alifbosi ulkan maydonlarda ishlatilayotgan qurilish ashyolaridan
boshlanadi. Qurilish ashyolari fanini mukammal o‘rganmasdan uy-joy va sanoat inshootlarini ta’mirlashda
ishlatilayotgan
oddiy tuproq, qum yoki shag‘alni ishlatish usullarini bilmaysiz.
Asl mutaxassislikni egallashda ishni kasb-hunar kollejlarida o‘qishdan boshlaganingiz juda to‘g‘ri bo‘lgan.
Kelajakda rahbar lavozimlarda ishlaganingizda pardozchi ishchining ichki tuyg‘ularini, ish faoliyatidagi
muammolarni hal qilish sirlarini, sifatli pardozbop qurilish ashyolarini tanlash va ishlatishni amalda qanday
bajarish kerakligini bilgan bo‘lasiz. Bu esa Sizni kelajakda yanada katta muvaffaqiyatlarga erishishingizga yo‘l
ochadi. Bundan tashqari, Siz ta’mirlagan va uy-joylarga pardoz berganingizdan keyin, qo‘yilgan ilk bor qadam
sohibi, avvalo Sizni duo qiladi, «Otangga balli» deya mehnatingizga baraka tilaydi.
Ushbu darslikda bino va inshootlarni ta’mirlash va pardoz berish uchun kerak bo‘ladigan qurilish
ashyolarining xillari,
ularning xossalari, xomashyolarni qayta ishlash texnologiyasi va olingan ashyolarni
ishlatishga doir ma’lumotlar yetarlicha yoritilgan. Bulardan tashqari, darslikda O‘zbekistondagi qurilish ashyo-
laribop xomashyo zaxiralari, ulardan olinadigan ashyolarning xillari, xossalari
va ishlatilishiga alohida
to‘xtalib o‘tilgan.
KIRISH
«O‘z tarixini bilmaganning kelajagi yo‘q». Prezidentimizning bu so‘zlari nafaqat ma’naviy va ma’rifiy
yo‘nalishlar uchun, shuningdek, jamiyatimizning shakllanishini ta’minlovchi barcha sohalar uchun ham
taalluqlidir.
Vaqt o‘tishi bilan insoniyat har xil shakldagi buyumlarni tayyorlashni va ularning mustahkamligini
oshirish maqsadida quritish va kuydirishni o‘rgangan. Sopol buyumlar ishlab chiqarish bir necha ming
yillardan beri mavjud. Nil daryosi o‘zani ostida 20 metr chuqurlikda sirlangan sopol parchasi topilgan. Misrda
bundan 12 ming yil avval gil g‘ishtdan qurilgan qadimiy arxitektura yodgorliklari bizning davrimizgacha
saqlanib kelgan.
Bog‘lovchi moddalarning bundan 4-5 ming yil avval sun’iy yo‘l bilan hosil qilinganligi ma’lum. Misrdagi
hashamatli yodgorliklardan Fir’avnlar qabri, Xeops piramidasi, Karnakedagi Amona ibodatxonasi kabi noyob
yodgorliklar eramizdan 2-4 ming yil avval xarsang toshdan qurilgan.
O‘rta Osiyoda bundan bir necha ming yil muqaddam sirlangan sopol
buyumlar tayyorlash sopol
san’atining muhim tarmoqlaridan biri edi. Kulollar gildan turli-tuman buyumlar yasab, ularni har xil chidamli
ranglar bilan bezaganlar. X asrda Farg‘ona va Samarqandda yasalgan sopol buyumlarning bir necha nusxasi
topilgan. Ulardagi gil-naqshlar va ranglar to‘la saqlangan. Bundan 6 ming yil muqaddam Turkiston janubidagi
(Kaaxka stansiyasi yonida) qadimgi qishloqda o‘tkazilgan qazish ishlari natijasida sopol, tosh va mis buyumlar
topilgan.
X—XV asrlarda va undan keyin O‘rta Osiyo xalqlari hashamatli inshootlar qurishda rangli g‘isht, har xil
rangda sirlangan sopol taxtachalarni bezakli qoplamalar sifatida ishlatganlar. X asrda qurilgan Buxorodagi
Ismoil Somoniy maqbarasi, XI asrda Buxorodagi 50 metr balandlikdagi pishiq g‘ishtdan qurilgan «Minorai
Kalon», Samarqanddagi «Amir Temur», «Shoxi-Zinda» maqbaralari (XV asr) va boshqalar o‘sha davrning
mashhur me’morchilik yodgorliklaridandir.
Pardozbop qurilish qorishmalari tayyorlashda, asosan, bog‘lovchi moddalardan gil, ohak, gips, ganch, tog‘
mumi (ozokerit), tog‘ jinsi — trepel, opoka qo‘shilgan ohak (ohak-putssolan bog‘lovchi modda) kabilar
ishlatilgan. Qorishma tayyorlashda o‘zbek quruvchilari xilma-xil aralashmalardan keng foydalanganlar.
Jumladan, vulqon shishasi, oq gil (kaolin),
hayvon qoni, tuxum sarig‘i, suyak yelimi, shirali moddalar
qorishma mustahkamligi va chidamliligini oshirish uchun ishlatilgan. Ajdodlarimizning katta mahoratga ega
ijodkor quruvchi ekanligiga ming yillik tariximizdan xabar beruvchi noyob yodgorliklar misol bo‘la oladi.
Buxorodagi, IX-X asrlarda bunyod etilgan Ismoil Somoniy maqbarasi yarim shar shaklidagi gumbaz bilan
yopilgan. «Qalamcha» uslubida terilgan betakror pardozbop pishiq g‘isht bezaklari bo‘yra to‘qimasini eslatadi.
Shuningdek, 1127-yilda Arslonxon tomonidan qurilgan «Minorai Kalon» poydevori ohak,
qamish kuli va
shinni asosida tayyorlangan qorishma bilan terilgan toshdan iborat. Bunday qorishma poydevorni nam
ta’siridan saqlaydi. Asosining diametri 9 metr, balandligi 50 metr bo‘lgan minora pishiq g‘isht bilan ganchxok
loyida terilgan.
Ark IX asrda Somoniylar davrida shaharning eng baland tepaligiga qurilgan. Ikki ming yillik davrda tashqi
ta’sirlarga bardosh bergan paxsa va xomg‘isht devorlari qiyofasi hozir ham o‘zgarmagan. Avlodlarimizning
me’morchilik san’atida hayratga soluvchi klassik asarlaridan yana biri Xivadagi Ichan qal’a majmuasidir.
Ichan qal’a asosi miloddan avvalgi V asrda qurila boshlangan. Ustki qismi esa bundan 200 yillar avval
qurilgan. 26 gektarga yaqin maydonni o‘rab turgan devorlar va qal’aning ichkari qismidagi turarjoy binolari va
inshootlar, asosan, xomg‘isht va paxsadan qurilgan. Xomg‘isht va pishmagan loydan qurilgan inshootlarning
bunchalik chidamli bo‘lishi, nam va ob-havo ta’sirida buzilmaganligi, bo‘lajak quruvchilar oldiga qo‘yilgan
jumboq bo‘lib turibdi. Shu kunlarda arzon va samarali qurilish ashyolari nima uchun quruvchilar e’tiborida
emas? Nima uchun bunday ashyolarga me’yoriy hujjatlar ishlanmagan?
Mustaqillik yillarida qurilish ashyolari ishlab chiqarish sifati ancha takomillashdi. Qurilish ashyolari ishlab
chiqarish sanoatining eng muhim vazifalari mahalliy xomashyodan keng foydalanish va buyum ishlab
chiqarishni
rivojlantirish, ularning sifatini oshirish va qurilish tannarxini kamaytirish, shuningdek, har
tomonlama eskirib qolgan mashina-uskunalarni zamonaviy texnologiyalarga almashtirishdir.
Mualliflar o‘quv qo‘llanmaning yaratilishida o‘zlarining qimmatli maslahatlari bilan yaqindan yordam
bergan t.f.n.lari Nasrullo Mavlonov va Alisher Ubaydullayevga chuqur minnatdorchilik bildiradilar.
Shuningdek, ular o‘quv qo‘llanma yuzasidan bildirilgan barcha fikr-mulohazalar va takliflarni Toshkent-
11, Navoiy ko‘chasi 13-uyga — Toshkent Arxitektura-qurilish institutiga yuborishingizni so‘rab qoladilar.