Ishlab chiqarishning xavfli fizik omillari: harakatdagi mashina va mexanizmlar; ko’tarish-tashish uskunalari va yuklarni harakatlantiruvchi uskunalar; ishlab chiqarish uskunalarining to’siqsiz elementlari (yurituvchi va uzatuvchi mexanizmlar, qirquvchi asboblar, aylanadigan va suriladigan moslamalar va shu kabilar); ishlov berilayotgan materialdan va asbobdan sachrab chiquvchi zarralar, elektr toki, ishlov berayotganda hosil bo’ladigan katta harorat va boshqalar.
Ishlab chiqarishning zararli fizik omillari: Ishchi zona havosining oshib yoki pasayib ketgan harorati; havoning yuqori namligi va tezligi; shovqin, titrash, ulьtratovush va turli nurlanishlar; issiqlik, ionlovchi, elektromagnit, infraqizil va boshqalar darajasining ortib ketishi; ish zonasi havosining changliligi va zararli gazlari; ish joyi, yurish yo’llari yetarlicha yoritilmaganligi; yorug’likning ortiqcha yorqinligi va nur oqimining pulьsatsiyalanishi.
Ishlab chiqarishning xavfli va zararli kimyoviy omillari: odam organizmiga ta’siriga qarab quyidagi guruhlarga bo’linadi: umum zaharlovchi, qo’zg’atuvchi, sensibilli (allergik kasallarni keltirib chiqaruvchi) , kantserogen (shish paydo qiluvchi) mutagenli (organizmning irsiyatiga ta’sir etuvchi) va nasl qoldirish qobiliyatiga ta’sir etuvchi. Bu guruhga agressiv suyuqliklar (kislotalar, ishqorlar) kiradi; ular terini kuydiradi.
Ishlab chiqarishning xavfli va zararli biologik omillariga mikroorganizmlar (bakteriyalar, viruslar va boshqalar) makroorganizmlar (o’simliklar va hayvonlar) kiradi; ular odamga jarohat yetkazish yoki uni kasal qilishi mumkin.
Ishlab chiqarishning xavfli va zararli psixofiziologik omillariga jismoniy zo’riqish (statik va dinamik), asab-psixik zo’riqish (aqliy zo’riqish, eshitish, ko’rish a’zolarining charchashi) kiradi.
Ishlab chiqarishning xavfli va zararli omillari o’rtasida ma’lum bog’lanish mavjud. Ko’p holatlarda zararli omillar xavflisini keltirib chiqaradi. Masalan: ishlab chiqarish binosidagi havoning o’ta namligi va tok o’tkazuvchi changning borligi (bular – zararli omillar) odamni tok urish xavfini (xavfli omil) kuchaytiradi. ZIO ning ishlovchilarga ta’sir darajasi chegaraviy-ruxsat etilgan (joiz) qiymatlar bilan me’yorlangan, ular mehnat muxofazasi standartlarida va sanitariya-gigiena qoidalarida ko’rsatilgan. ZIOning chegaraviy joiz qiymati GOST 12.0.002-80 da ko’rsatilgan bo’lib, u har kuni, ma’lum muddat ta’sir etganida, odamning butun mehnat staji davomida ish
qobiliyatini pasaytirmasligi va kasallik keltirib chiqarmasligi kerak; keyingi hayoti davomida ham kasal qilmasligi, naslining sog’lig’ida asorat qoldirmasligi kerak.
ZIO va XIO lar ishlovchiga ta’sir etadigan fazo-xavfli zona deyiladi.
“Odam-ishlab chiqarish muhiti” tizimida gomosfera (odam ishtirok etadigan fazo) va noksosfera (real ZIO va XIOlar mavjud fazo) bir-biri bilan quyidagicha kesishadi
(4 rasm).
4-rasm . “Odam-ishlab chiqarish muhiti” tizimiining chizmalari.
Noksosferaning gomosfera ustiga tushgan uchastkalar shunday xavfli zona, u yerda ishlovchi ZIO yoki XIOdan salbiy ta’sir oladi yoki katta extimollik bilan olishi mumkin: “a”sxema doimiy ish joyiga, bitta ob’ektga xizmat ko’rsatishga tegishli; masalan, stanokka xizmat; u muayyan xizmat ko’rsatish zonasiga ega; “b”sxema bino ichidagi ishlarga tegishli bo’lib, uning fazosiga tarqaladigan zararli moddalarni maxalliy shamollatish yordamida ushlanib qolinadi; “v”sxema ko’p stanokli xizmat ko’rsatishda yoki odam ish jarayonida tsexdagi bir nechta xavfli zonani, masalan, ko’taruvchi mexanizmlarning ish o’rnini, transport yo’llarini kesib o’tadigan holatga taaluqli.
Xavf zonalarining muayyan shakli va o’lchamlari korxonadagi ish o’rinlarini attestatsiya qilayotganda belgilanadi.
Ish o’rnidagi ZIO va XIO , haqiqatda, me’yorlardan qancha ortib ketganiga qarab mehnat sharoitlarining sinfi aniqlanadi.
Xavfsizlikni ta’minlash usul va vositalarini tanlash u yoki bu ishlab chiqarish uskunasiga yoki texnik jarayonga xos ZIO va XIO asosida amalga oshiriladi. Xavfni ko’ra bilish va uning tavsiflarini aniqlash juda muhim ish.
ZIO va XIOlardan himoyalanish uchun avvalo ularning manbaadagi darajasini pasaytirish kerak; buning uchun tegishli profilaktik va ogohlantiruvchi tadbirlari qo’llanadi. Bunda ishlovchilarning vakolati xavfsizlikni ta’minlashning zaruriy sharti bo’ladi.
|