Sud kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risida ajrim chiqaradi, unda ish yuritish to‘liq yoki qisman
tugatilganligi ko‘rsatiladi.
Kelishuv bitimi apellatsiya yoki kassatsiya, taftish instansiyasi sudi tomonidan tasdiqlangan
taqdirda, ajrim chiqarilib, ish bo‘yicha ilgari qabul qilingan barcha sud hujjatlari ushbu ajrim bilan
bekor qilinadi va ish yuritish tugatiladi. Kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalani apellatsiya
yoki kassatsiya, tegishli taftish instansiyasi sudi tomonidan ko‘rib chiqishda tegishli sud hujjatining
qonuniyligi va asosliligi tekshirilmaydi.
Kelishuv bitimi sud hujjatini ijro etish bosqichida tuzilgan taqdirda, bitim ishni ko‘rgan
birinchi instansiya sudiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
Ijro bosqichida tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala bitim sudga taqdim
etilgan kundan e’tiboran o‘n besh kunlik muddatda, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda
tutilgan qoidalar bo‘yicha ko‘rib chiqiladi.
Sud kelishuv bitimini qisman tasdiqlashga, o‘zgartirishga yoki undan taraflar tomonidan
kelishilgan biron-bir shartni chiqarib tashlashga haqli emas. Sud ushbu bitimdan qonunga zid
bo‘lgan yoki uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan ayrim
shartlarni chiqarib tashlashni taraflarga taklif qilishga haqli.