Shikoyat sud tomonidan arizachini va tegishli saylov komissiyasining vakilini, shuningdek,
prokurorni, agar shikoyat arizachiga emas, balki boshqa fuqaroga daxldor bo‘lsa, o‘sha shaxsni ham
chaqirgan holda ko‘rib chiqiladi. Bu shaxslarning kelmasligi ishni ko‘rib chiqishga to‘sqinlik
qilmaydi.
Sudning hal qiluv qarori chiqarilishi bilanoq darhol tegishli saylov komissiyasiga va arizachiga
topshiriladi.
143-modda. Sud majlisi
Ish muhokamasi sud majlisida amalga oshiriladi. Sudning
majlisi videokonferensaloqa
rejimida o‘tkazilishi mumkin.
Sud tashabbusiga ko‘ra yoki ma’muriy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining
iltimosnomasiga ko‘ra sud majlisining audio- yoki videoyozuvi amalga oshirilishi mumkin.
Majlisda raislik qiluvchi sudya:
1) sud majlisini ochadi va qanday ish ko‘rilishini e’lon qiladi;
2) ma’muriy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari majlisga kelgan-kelmaganligini,
ularning
vakolatlarini, majlisga kelmagan shaxslar tegishli ravishda xabardor qilingan-qilinmaganligini
hamda ularning kelmaganligi sabablari to‘g‘risida qanday ma’lumotlar borligini tekshiradi;
3) sud tarkibini e’lon qiladi, prokuror, ekspert, mutaxassis, sud majlisi kotibi, tarjimon sifatida
kimlar ishtirok etayotganligini ma’lum qiladi hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning rad
qilish huquqini tushuntiradi;
4) kelgan guvohlarni so‘roq qilish boshlanguniga qadar ularni majlis zalidan chiqarib
yuboradi;
5) sud protsessi ishtirokchilariga ularning protsessual huquqlari
va majburiyatlarini
tushuntiradi;
6) tarjimonni bila turib noto‘g‘ri tarjima qilganlik uchun, ekspertni bila turib noto‘g‘ri xulosa
berganlik uchun, guvohni bila turib yolg‘on ko‘rsatuv berganlik uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida
ogohlantiradi;
7) dalillarni tekshirish tartibini belgilaydi;
8) ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar aniqlanishini ta’minlab, majlisga rahbarlik qiladi;
9) majlisda tegishli tartibni ta’minlash choralarini ko‘radi.
Ma’muriy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari va sud majlisi zalida hozir bo‘lganlar yozma
qaydlar qilish, stenogramma yuritish va ovoz yozib olish huquqiga ega.
Sud majlisining
fototasviriga, videoyozuviga, shuningdek radio va televideniye orqali translatsiya qilinishiga ishni
ko‘rayotgan sudning ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.