|
Konfliktologiya ilmiy apparati
|
bet | 3/45 | Sana | 22.11.2023 | Hajmi | 1,28 Mb. | | #103672 |
Bog'liq 37255 Ijtimoiy Psixologiya majmua qisqargan2.Konfliktologiya ilmiy apparati
Konfliktlar o‘zining tabiatiga ko‘ra, serqirra va murakkab hodisa hisoblanadi. Ushbu hodisa XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab konfliktologiya nomi bilan alohida ilmiy yo‘nalish sifatida tadqiq etib kelinayotgan bo‘lsada, uning turli jihatlari bir qator an’anaviy va maxsus ijtimoiy fanlar tomonidan ham o‘rganiladi. Aytish joizki, ushbu fanlarning har biri o‘zining predmeti doirasida konfliktlar to‘g‘risidagi umumiy dunyoqarashni shakllantirish bilan birga, ushbu hodisaning turli jihatlarini chuqurroq yoritish orqali jamiyatda yuzaga keladigan mazkur salbiy hodisaning kelib chiqishi sabablari va uni oldini olish usullari hamda hal etishning amaliy chora-tadbirlari yuzasidan batafsil bilimlarga ega bo‘lishga imkon yaratadi.
Bugungi kunda konfliktologiyaning tarkibiy qismi hisoblangan konfliktologiya fani ham huquqshunoslar, psixologlar, sotsiologlar, faylasuflar, siyosatshunoslar va boshqa fan vakillarining birgalikdagi faoliyatlari natijasida ijtimoiy fanlar tizimida alohida o‘ringa ega bo‘lgan va tez rivojlanayotgan ilmiy tadqiqot yo‘nalishi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Konfliktlar yuzasidan ijtimoiy fanlarning predmet doirasi tahlil etilganda, ulardan 10 ga yaqini, ya’ni, tarix, pedagogika, iqtisodiyot nazariyasi, siyosatshunoslik, psixologiya, sotsiologiya, falsafa kabi fanlar ushbu hodisaning u yoki bu jihatlarini o‘rganishini ko‘ramiz. Konfliktlarni tadqiq etishda psixologiya fani etakchi o‘rin tutadi. Z.Freyd, A.Adler, K.Xorni, E.Fromm, K.G.YUng, L.I.Petrajitskiy kabi yirik psixolog olimlar konfliktlarning yuzaga kelish sabablarini inson ruhiyati xususiyatlari bilan uning biopsixik instinktlari va shu kabilar bilan bog‘laydilar. Psixoanalitika yo‘nalishi asoschisi Z.Freyd davlatni tashkil etish zaruratini inson ruhiyati va shu asosda kelib chiqqan konfliktlarga bog‘laydi. Xususan, uning fikricha, alohida xirsiy va biopsixik instinktlar ta’siri ostida harakat qilgan isyonchi o‘g‘illar tomonidan boshlig‘i o‘ldirilgan mavjud patriarxal oilada insonning tajovuzkor mayllarini bostirib borish maqsadida davlat paydo bo‘lgan.
Sotsiologiya fani doirasida konfliktlarning jamiyat hayotidagi roli bilan bog‘liq masalalarni o‘rganish XIX asrning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. Ushbu davrda yashab, ijod etgan ingliz sotsiolog olimi Gerbert Spenserning “Sotsiologiya asoslari” nomli asarida konfliktlarning serqirra va universal hodisa ekanligi ilmiy jihatdan asoslab berilgan. Nemis sotsiolog olimi Georg Zimmelning 1908 yilda chop etilgan “Sotsiologiya” nomli asarida ilk bor konfliktlarni o‘rganishning yangi yo‘nalishiga, ya’ni, konfliktlarning funksional nazariyasiga asos solingan. Georg Zimmelning fikricha, konfliktlarsiz kishilik jamiyatini tasavvur qilib bo‘lmaydi. CHunki, aynan konfliktlar jamiyat rivojlanishining o‘ziga xos mexanizmi hisoblanadi. Sotsiologlar ijtimoiy guruhlar o‘rtasidagi kurashni keskinlikni yumshatish vositasi va jamiyat taraqqiyotining muhim harakatlantiruvchi kuchi sifatida baholaydilar. SHu bilan birga, sotsiologiya fani doirasida ijtimoiy konfliktlarning tabiati, uning jamiyat rivojlanishiga ta’siri hamda konfliktlar kechishini boshqarish masalalari yuzasidan turli xil nazariyalar yaratilgan.
Siyosatshunoslik fani doirasida jamiyat ustidan siyosiy hokimiyatni amalga oshirish jarayonida siyosiy guruhlar va qatlamlar o‘rtasida yuzaga keladigan konfliktlarning mazmun va mohiyati hamda ularni hal etish masalalari o‘rganiladi.
konfliktologiya inson xatti-harakatlarining sabablari va kishilik jamiyati taraqqiyotining turli bosqichlarida yuz bergan urushlar, to‘qnashuvlar, qo‘zg‘olonlar va boshqa ijtimoiy ziddiyatlar haqida mulohaza yuritish uchun boy ozuqa beruvchi tarix fani bilan ham bog‘liq. Konfliktologiya turli xil konfliktlar tabiatini, rivojlanish mexanizmini va oqibatlarini aniqlashtiruvchi iqtisodiyot nazariyasi va etnologiya kabi boshqa ijtimoiy fanlar bilan ham yaqindan hamkorlik qiladi.
konfliktologiya fani ham nazariya, ham amaliy fan sifatida fanlar tizimida alohida o‘rin tutadi. konfliktologiyani boshqa fanlar bilan qiyoslash, o‘z navbatida, ular o‘rtasidagi uzviy aloqa va o‘zaro bog‘liqlik mavjudligi to‘g‘risida xulosa chiqarishga olib keladi.
Bunda olib borilayotgan izlanishlarning maqsadi konfliktologiya fani doirasida umumiy konfliktologiya, davlat va huquq nazariyasi, huquq sotsiologiyasi bazasida hamda umumiy va huquqiy psixologiya bilan bog‘liqlikda konfliktlar nazariyasini ishlab chiqishga qaratilgan.
YUrisprudensiya sohasida konfliktologik yondashuvni qo‘llash muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, huquqbuzarlik (xususan, jinoyat) shaxslar o‘rtasidagi konflikt natijasida kelib chiqqan deb qaralsa, uning yuzaga kelish sabablari va omillari ham butun borlig‘icha oydinlashadi.
Ko‘pgina konfliktlar ahamiyatga ega bo‘ladi, chunki, ular vaziyatlarda va muayyan huquqiy munosabatlarga kirishilganda yuzaga keladi. SHu jihatdan olganda, fuqarolik protsessual huquqi, jinoyat protsessual huquqi, xo‘jalik protsessual huquqi, konstitutsiyaviy huquq kabi huquq sohalarida konfliktlarni hal etishning huquqiy mexanizmlari va vositalari belgilab beriladi. Umuman olganda, huquqning barcha sohalari u yoki bu darajada konfliktlar bilan bog‘liq ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Xususan, xalqaro huquq fani doirasida davlatlararo nizolar (konfliktlar), fuqarolik huquqi doirasida mulkiy nizolar, jinoyat huquqida kriminal holatlar va boshqa shu kabi nizolar o‘rganiladi.
|
| |