7.1-rasm. Harakat qismidagi nosozlik
Harakat qismi gidroizolyatsiyasi ko‘prikning uzoq muddat ishlashiga ta’sir etadigan elementlardan biri. Harakat qismini ochmasdan gidroizolyatsiyadagi nosozliklarni aniqlashning tashqi alomatlari: harakat qismi plitasining pastki yuzasida choklar, yoriqlar, bo‘shliqlar va boshqalar oldida paydo bo‘lgan betondagi sement yuvilishi izlari. Ayrim hollarda bunday joylarda ohakdan tashkil topgan stalaktitlar paydo bo‘ladi.
Suv qochirish va gidroizolyatsiyaning nosozliklari davomli yomg‘irlar davrida ko‘rinadi. Gidroizolyatsiyaning barcha nosozliklari, odatda, oraliq qurilma yoki butun ko‘prikning harakat qismini ta’mirlash vaqtida bartaraf etiladi, ammo ayrim hollarda giroizolyatsiyaning qismlarini ta’mirlash rejali - oldini olish ta’mirlash ishlari (ROOT) davrida bajarilishi mumkin.
7.2-rasm. Suv qochirish quvurchasi atrofida gidroizolyatsiyaning shikastlanishi
Deformatsion choklar – inshootning mas’ul elementlari, ularning ishidagi buzilishlar oraliq qurilmalarning harorat ta’siriga normal sharoitda ishlashiga yo‘l qo‘ymaydi va vaqtincha yuklardan harakat qismi plitasi qirralarining yemirilishiga olib keladi. Natijada suv va iflosliklar tayanch va tayanch qismlarga tushishi mumkin. Deformatsion choklar tagida oraliq qurilmalar erkin harakat qilish imkoniga ega bo‘lishi kerak. Bunga xalaqit beradigan barcha jismlar olib tashlanishi lozim (qo‘shni oraliqlar orasidagi va shkaf devorchalari oldidagi choklar tagidan ortiqcha beton va qoliplar qoldiqlari).
Korroziyani oldini olish uchun ko‘prik qoplamasining barcha metall elementlari – xavfsizlik to‘siqlari, panjaralar va boshqalar – gruntovkalanadi, so‘ngra bo‘yaladi. Ishlov beriladigan yuza lak-bo‘yoq materiallar surtilishidan oldin mukammal tayyorlanishi lozim – iflosliklardan, eski bo‘yoqlardan, korroziya qoldiqlaridan tozalanishi, yog‘sizlantirilishi, changsizlantirilishi va shundan so‘ng gruntovkalanishi. Bunday ishlar ko‘prik inshootlarida har yili bajarilishi kerak. sinklangan yuzali konstruksiyalarni qo‘llash maqsadga muvofiq.
Cho‘kishlar paydo bo‘lishiga turli sabablar bo‘lishi mumkin: keluv yo‘llari qurilishi vaqtida ko‘tarmalar grunti yaxshi zichlanmagan, suv qochirish to‘g‘ri tashkil etilmaganligi sababli ko‘tarma tanasi va konuslardagi yemirilishlar, gruntlarning yuvilishi va namligi ortib ketishi, muzlagan gruntlarning qo‘llanishi, shuningdek o‘tkazish plitalarining cho‘kishi, siljishi yoki plitalarning yo‘qligi. Inshootlarni saqlash davrida ko‘prikning ko‘tarma bilan birlashuv joylariga katta e’tibor berish lozim. Bunday nosozliklar tashqi ko‘rik yoki ko‘tarmani ochish yordamida aniqlanadi.
Birlashuv joylarini saqlash ushbulardan iborat: suv qochirish sistemasini to‘g‘ri tashkil etish, yuvilgan va cho‘kkan joylarni to‘ldirish va zichlash, qoplamadagi notekisliklarni asfaltbeton yordamida bartaraf etish.
|