10.6. Katta kesimli tonnellarni qurish
Katta kesimli tonnellarga kо‘ndalang kesim yuzasi 100 m2 va undan kо‘p bо‘lgan sun’iy bо‘shliqlar, shuningdek, hajmi 1000 m3 va undan yuqori bо‘lgan turli maqsadlarda ishlatiladigan yer osti kameralari kiradi.Katta kesimdagi sun’iy bо‘shliqlar hozirgi vaqtda gidrotexnik tonnellar, gidravlik, atom va gidroakkumulyatsiyali elektrostansiyalar yer osti mashina binolari, kо‘pyо‘lli avtoyо‘l va ikki izli temiryо‘l tonnellari, bir gumbazli metropoliten bekatlari, yer osti omborlari, yer osti mudofaa inshootlari, shuningdek, maxsus maqsadlarga mо‘ljallangan yer osti inshootlari qurilishida keng qо‘llanilayapti
10.21-rasm. Tunnel sun’iy bо‘shlig‘ini Bernold usulida mustahkamlash sxemasi.
О‘rtacha mustahkamlikdagi gruntlarda metall arka yoki kо‘pburchakli rama kо‘rinishdagi mustahkamlash inshooti qо‘llaniladi. Seryoriq gruntlarda uzunligi 10 metrgacha bо‘lgan ilgarilovchi ankerlarni metall arkalar bilan birga ishlatish mumkin. Shuningdek, bunday sharoitlarda, sachratmabeton qoplama himoyasida sun’iy bо‘shliqni о‘rab turgan tog‘ massivini sementatsiya qilinadigan kombinatsiyalashtirilgan mustahkamlash inshootidan ham foydalanish mumkin. Bundan tashqari tonnellarni Bernold usuli mustahkamlab qazish ham mumkin.
Bu usulning mohiyati shundaki, qazilayotgan joy ochilgandan sо‘ng, о‘sha zahoti qalinligi 0,2-0,3 metr bо‘lgan bikr-armaturalangan beton mustahkamlash inshooti quriladi. Uni qurishda, tortki 3 yordamida, bir-birining ustiga chiqarilib ulanib, montaj arkalari 2 ortiga о‘rnatiladigan, turli о‘lchov va kо‘rinishdagi egiluvchan perforatsiyalangan metall konstruksiyalar kо‘rinishidagi maxsus qolip-armatura shitlari 1 dan foydalaniladi. Qolip shitlari va grunt orasidagi bо‘shliq plastik beton 4 bilan tо‘ldirilib, hatto bо‘sh gruntlarda ham qazilayotgan joyning bevosita yonida industrial yuk kо‘taruvchi armaturalangan (shitlar armatura sifatida ishlaydi) beton mustahkamlash inshootini tez fursatda hosil qilish imkoni bо‘ladi.
Qoyatosh yaxlit gruntlarda qazilayotgan yuzani tо‘la ochish usuli odatda kо‘ndalang kesimi 100-130 m2 bо‘lgan sun’iy bо‘shliqlar qazishda ishlatilib, faqat eng qulay sharoitlardagina kesim yuzasi 160 m2 ga yetishi mumkin. Bunda sun’iy bо‘shliq kengligi (oralig‘i) odatda 20 metrdan oshmaydi.
Ostki pog‘onali usulda birinchi navbatda, bir varaqay inshootning butun uzunligida kesimning yuqori gumbazsimon qismi (kalotta) qazilib, sо‘ngra asoslari bilan gruntga tiraladigan gumbaz betonlanadi va qatlamlarda qaziladigan ostki pog‘ona ochiladi. Bunda har bir qatlamning qalinligi xavfsizlik texnikasi qoidalariga binoan, ekskavator qaziydigan eng katta balandlikdan 1,5 baravardan oshmasligi kerak. Yer osti qurilishi amaliyotida odatda pog‘ona qatlami balandligi 8-10 metr atrofida bо‘lib, 15 metrdan oshmaydi. Har bir qatlamni qazish uchun mustaqil yotiq yondoshish yо‘li ochilib, katta uzun (100 metr va undan ortiq) inshootlar uchun har bir gorizontga (qatlamga) yondoshish yо‘llari о‘rniga, shu inshoot ichida joylashadigan qiya tushish yо‘llari ishlatiladi.
Mustahkamlik koeffitsiyenti f ≥ 3 bо‘lgan, buzilgan yoriqli gruntlarda katta kesimli tonnellar qurilishida tiralgan gumbaz usuli muvaffaqiyatli qо‘llaniladi. Tonnel uzunligiga qarab bu usulda tonnel qurishning ikki sxemasi qо‘llanilishi mumkin. Suvsiz tuproqlarda quriladigan uzunligi 300 metrgacha bо‘lgan tonnellar uchun biryо‘lakli sxema, uzunligi 300 metrdan ortiq va yer osti suvlari mavjud gruntlarda esa ikkiyо‘lakli sxema qо‘llaniladi.
10.22-rasm. Katta kesimli tonnellarni tо‘ntarilgan gubaz usulida qurish sxemasi (sonlar bilan ishlar ketma-ketligi kо‘rsatilgan).
Sun’iy bо‘shliq oralig‘i 20 metrdan ortiq bо‘lgan hollarda, shuningdek, buzilgan qoyatosh va bо‘sh gruntlarda yuqori (gumbazosti) qismni bir necha marta, ketma-ket tartibda kontur qirqimi yordamida qaziladi. Kontur qirqimidan sun’iy bо‘shliq yuqori qismini qazishda foydalanish bо‘shliq minimal balandligida mustahkamlash inshootining yuqori darajada turg‘unligini ta’minlaydi.
|