«Kafansiz ko'milganlar» 39
Bordi-yu ular gunohkor ham bo'lsalar, axir, men-
ga nima aloqasi bor? Ularning menga qarindoshligi-
ni bilganda nima qilardi? Leninning akasi Aleksandr
Ulyanov Rusiya podshosiga suiqasd qilib, o'ldirmoq-
chi bolganda jinoyat ustida qo'lga tushgan. Jinoyati
isbotlanib osib o'ldirilgan. Ammo qarindosh-urug'la-
riga tegmagan-ku! Hatto podsho hazratlari uning
onasi - Mariya Aleksandrovnani bir inson, ona sifati-
da qabul qilib, arzi-dodini tinglab, unga taskin berib,
o'z afsusini bildirgan. O'glining jinoyati aniq va elga
oshkor bolgani uchun qonundan tashqari ish qilol-
masligini, uzrini aytgan. Gunohkor farzand uchun
podsho na ona, na otani xo'rlamagan-ku! Buzuq tar-
biya berishda gunohkor qilmagan-ku!
Bizda bo'lsa... Bizda shundaymi? Otasi uchun be-
gunoh farzandlarini, hatto yaqin qarindosh-urugla-
rini qamashlar bo'lmaganmi?
Akmal Ikromov xalq dushmani deb qamalganda
o'g'li Komil Ikromov 1 0 - 1 4 yoshlar chamasi voyaga
yetmagan bola edi. U sho'rlikning aybi nima ediki,
umrining o'n yil bahorini qamoqda, yana bir qismi-
ni Sibir surgunlarida, xor-u zorlikda kechirdi. Nega?
Bitta umi? Afsuski, bitta bu emas, minglab, million-
lab qamalgan eri yoki otasi uchun umri ta'qib, sur-
gunlarda o'tgan xotinlar, o'g'il-qizlar bo'lmaganmi?
Tergovchining tanish-bilish, qarindosh-urug',
yaqin odamlarim haqidagi savoliga javob oylarkan -
man, shayton xayolimni ming yoqqa olib qochardi.
Tergovchi bo'lsa, tepamga kelib, kimlar bilan qanday
aloqada bolgansan, kimlar bilan ulfatchilik qilib,
choyxonalarda osh ustida sovetlarga qarshi gaplar
aytgansan, deb o'dag'aylardi, gapir, derdi.
Ammo, men esa uyqusizlikdan o'zimni zo'rg'a tu-
tib gangigan holda unga javoban: - Gunohim senga
malum bo'lsa, ayt, qasam ichaman, iqror qilmasam
har qancha jazoga roziman... Ammo u bo'lsa: - Dush-
40
Shukrullo
man o'zicha taslim bo'lmaydi, sovetlarga qarshi faoli-
yating, sheriklaring kimligini o'zing aytishing kerak,
deyishdan boshqa gapni aytmasdi.
Bularga nima deb javob berasan! Axir kim o'zini
kim bilan qachon, qayerda uchrashgani, nima to'g'ri-
sida gaplashgani, kimlar bilan osh yeganini yozib yu-
radi. Bundan kuzatilgan maqsad bitta, u ham bo'lsa
qamalgan qarindoshlarim bilan aloqada meni aybla-
ganlaridek, men nomlarini aytgan kishilarni esa men
bilan aloqada ayblab qamash edi.
Albatta, olimlar bilan ilm haqida, shoirlar bilan
she'r, odamiga qarab hamma bilan har narsa to'g'ri-
sida gaplashasan. Tergovchimni bunday javoblarim
qiziqtirmasdi. Uning bularni surishtirishdan maqsa-
di butunlay bo'lak narsa edi.
Men nomlarini aytgan tanish-bilishlarim tergov-
chining kutganicha bo'lmadi, shekilli, sira xayolimga
kelmagan va men uchun mutlaqo kutilmaganda u:
- Usmon Nosir haqida nimalar bilasan? - deb
so'rab qoldi.
Men oyiab-netmay Usmon Nosir juda yaxshi, se-
vikli shoir bo'lganini aytdim.
- Bu senga qayoqdan malum, qanday aloqada
bo'lgansan?
- Kitoblarini, she'rlarini o'qiganman. Mening bun-
day javobimni eshitgan tergovchi nima uchundir
xuddi kutgan maqsadiga yetishib, uni qo'ldan boy
berib qo^ishdan xavotirlangandek, go'yoki aytgan
gapimdan men aynib qolayotgandek shoshilinch,
qandaydir jilmayish bilan menga:
- Bilganlaringni aytaber, yana kimlar o'qigan uning
kitoblarini, u bilan qayerda uchrashgansan? - dedi.
- 1936 - 1937-yillar. Pedagogika bilim yurtida
talabalik vaqtim. Usmon Nosir o'sha yillarning eng
sevikli, mashhur shoiri edi. «Yurak», «Mehrim» kabi
yangi chiqqan she'riy kitoblari o'quvchilarmng qo'li-
dan, ta'rif-tavsifi esa tillardan tushmasdi. Shu vaqt-
|