Teatrlar va tasviriy san'at




Download 9,85 Mb.
Pdf ko'rish
bet94/130
Sana14.05.2024
Hajmi9,85 Mb.
#232892
1   ...   90   91   92   93   94   95   96   97   ...   130
Bog'liq
Mantiqiy iqtisodiyot Shaxsiy va milliy farovonlikning dolzarb masalalari

Teatrlar va tasviriy san'at
Davlat san'atni subsidiyalashi kerakmi? Buning ijobiy va salbiy tomonlari
to'g'risida ko'p bahs yuritish mumkin.
Subsidiya tizimining ijobiy tomonlariga quyidagilarni keltirish mumkin: san'at
millat qalbini kengaytiradi, ko'taradi va ruhlantiradi; u moddiy tashvishlardan


365
uzoqlashtiradi va go'zal hislarni sindirish orqali odob-axloq, urf-odatlar va hattokki
sanoatga ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Frantsiyada «Italiya opera teatri» va Konservatoriyasiz
musiqaning, «Frantsiya teatri»siz dramaturgiyaning, kolleksiyalar va muzeylarsiz
rassomchilik va haykaltaroshlikning ahvoli nima kechardi, deb so'rashimiz mumkin.
Bundan ham chuqurroq qarab, tasviriy san'atni markazlashtirmasdan va natijada
subsidiyalarsiz frantsuzlarga xos nozik did paydo bo'lar edimi va uning mahsulotlari
butun dunyoni zabt etar edimi, deb so'rashimiz mumkin. Shunday natijalarga ega bo'la
turib, fuqarolarni ushbu kamtarin qadriyatlardan mahrum qilish o'ta fahmsizlik
bo'lmaydimi? Chunki aynan shu nozik did butun Evropa nazarida frantsuzlarga
ustunlik va shon-sharaf keltirgan.
Asosliligi menda shubha uyg'otmaydigan ushbu va boshqa ko'plab da'volarga
qarshi yana ko'plab ishonarli dalillarni keltirish mumkin. Avvalambor, adolatli
taqsimlash masalasini ko'tarish mumkin. Qonun chiqaruvchida rassomning foydasini
oshirish uchun hunarmandning ish haqiga tajovuz qilishga imkon beruvchi huquq
bormi? M. de Lamartin
(2)
 shunday degan edi: «Agar teatr uchun subsidiyani bekor
qilsangiz, unda bu yo'l qayerda tugaydi? Undan keyin universitet fakultetlarini,
muzeylarni, institutlarni va kutubxonalarni ham bekor qilish mantiqan to'g'ri
bo'lmaydimi?» Unga esa quyidagicha javob berishingiz mumkin: agar barcha yaxshi va
foydali narsalar uchun subsidiya ajratishni istasangiz, unda bu yo'l qayerda tugaydi?
Unda subsidiya ajratish uchun qishloq xo'jaligi, sanoat, tijorat, ijtimoiy himoya va ta'lim
sohalari ro'yxatini tuzish mantiqan talab etilmaydimi? Undan tashqari, subsidiyalar
san'atni rivojlantirishga hissa qo'shishi shubhasizmi? Bu savolga haligacha aniq javob
yo'q. Amalda taraqqiy etgan teatrlar bu o'z foydasi hisobiga kun kechiradigan teatrlar
ekanligini ko'rishimiz mumkin. Nihoyat, fikrimizni davom ettirsak, ehtiyoj va istaklar
bir-birini keltirib chiqarishini, ular milliy boylikka mutanosib ravishda boshqa noyob
sohalarga ham tez tarqalishini kuzatishimiz mumkin 
(3)
. Davlat ushbu jarayonga
aralashmasligi kerak, chunki milliy boylik darajasidan qat'i nazar, u san'atni soliqlar
orqali, muhim sanoat tarmoqlariga zarar yetkazmasdan va tsivilizatsiyaning tabiiy
taraqqiyotini orqaga tortmasdan rivojlantira olmaydi. Bundan tashqari, istaklar, didlar,
ish kuchi va aholini bunday sun'iy taqsimlash mamlakatni mustahkam poydevordan


366
mahrub qiladi hamda ularni beqaror va xavfli vaziyatga olib keladi.
Bular fuqarolar o'z ehtiyojlari va istaklarini qondirishlari uchun lozim deb
hisoblagan tartibga va shu orqali ular faoliyatini boshqarishga davlatning aralashuviga
qarshi chiqqan tarafning da'volaridan ba'zilaridir. Men tanlov va intilish yuqoridan
emas, balki pastdan, davlatdan emas, balki fuqaroning o'zidan chiqishi kerak deb
hisoblaydiganlardan biri ekanligimni e'tirof etmoqchiman. O'zgacha qarash esa,
menimcha, inson erkinligi va qadr-qimmatining barbod bo'lishiga olib keladi.
Ammo soxta va adolatsiz xulosa asosida endi iqtisodchilarni nima deb
ayblashayotganini bilasizmi? Subsidiyalarga qarshi chiqsak, bizni subsidiya berish
taklif qilingan faoliyatga qarshi va boshqa turli faoliyatlarning dushmani deb
ayblashyapti, chunki biz ushbu faoliyatlar ixtiyoriy amalga oshirilishini va o'z-o'zini
ta'minlashini istaymiz. Shunday qilib, agar biz davlat diniy masalalarga soliq hisobidan
subsidiya ajratmasligi kerak deb taklif qilsak, bizni ateistga chiqarishadi. Agar davlat
ta'limni soliqlar hisobidan moliyalashtirmasin deb talab qilsak, bizni maorifga qarshi
deb ayblashadi. Agar biz yer yoki biror sanoat tarmog'i mahsulotlari qiymatini davlat
tomonidan soliqlar yordamida sun'iy ravishda oshirmasligi kerak deb aytsak, bizni
xususiy mulk va ish kuchining dushmaniga chiqarishadi. Agar davlat rassomlarni
subsidiya orqali qo'llab-quvvatlamasligi kerak deb o'ylasak, bizni san'atni befoyda deb
hisoblovchi johillarga chiqarishadi.
Men bunaqa xulosalarga qat'iyan qarshiman. Biz davlatdan bu kabi inson
faoliyatlarini soliq to'lovchilar hisobidan emas, balki ularning erkin rivojlanishi orqali
qo'llab-quvvatlash kerak deb talab qilganimizda, biz din, ta'lim, xususiy mulk, ish kuchi
va san'atni bekor qilish kerak degan bema'ni fikrdan yiroqmiz. Aksincha, biz
jamiyatning bu kabi hayotiy kuchlari erkinlik ostida uyg'un rivojlanishi lozim deb
hisoblaymiz. Shuningdek, ularning hech qaysi, hozirda uchrab turganidek, notinchlik,
suiste'mollik, zolimlik va tartibsizlikning manbasiga aylanmasligi kerak.
Bizning muxoliflarimiz bu kabi faoliyatlar subsidiyasiz va davlat boshqaruvisiz
yo'q bo'lib ketadi deb o'ylaydilar. Biz esa aksincha hisoblaymiz. Ular insoniyatga emas,
balki qonun chiqaruvchiga ishonadilar. Biz esa qonun chiqaruvchiga emas, insoniyatga
ishonamiz. M. de Lamartin shunday degan edi: «Ushbu printsip asosida biz mamlakatga


367
boylik va sharaf keltiruvchi ommaviy ko'rgazmalarni bekor qilishimiz lozim edi».
Men M. de Lamartinga shunday deb javob berdim: «Sizning fikringizga ko'ra,
subsidiya bermaslik bu bekor qilish demakdir, chunki davlat irodasisiz hech narsa
mavjud emas degan nuqtai nazaringiz bilan siz soliqlarsiz hech qaysi faoliyatning iloji
yo'q degan xulosa chiqaryapsiz. Men o'zingiz bergan misol yordamida siz nohaq
ekanligingizni ko'rsatmoqchiman. Ko'rgazmalarning eng buyugi, eng oliyjanobi, eng
liberal va universal tushunchaga asoslangani (uni bo'rttirishsiz «insonparvar» deb ham
tariflashim mumkin) hozir Londonda o'tayotgan ko'rgazma bo'lib
(4)
, u na davlat
aralashuvi, na soliqlar hisobidan qo'llab-quvvatlangan yagona ko'rgazmadir.
Tasviriy san'atga qaytsak, yana takror aytaman, subsidiya tizimiga qarshi yoki
uni qo'llab-quvvatlashga ham asosli dalillar keltirish mumkin. Ushbu maqolaning
maxsus maqsadiga muvofiq, bu dalillarni na bayon etishga, na ulardan birini tanlashga
menda ehtiyoj yo'qligini o'quvchi tushunib yetadi.
Lekin M. de Lamartin bitta dalil keltirdiki, men uni e'tiborsiz qoldira olmayman,
chunki u ushbu iqtisodiy mavzuga aniq tegishli.
U shunday dedi:
«Teatrlarga tegishli iqtisodiy muammoni bir so'z bilan umumlashtirish mumkin:
bu bandlikdir. Bu bandlikning xususiyati uncha ahamiyatga ega emas; u boshqa bandlik
turi kabi ham samarali, ham unumdordir. Bilasiz, teatrlar sakson mingdan kam
bo'lmagan turli soha ishchilarini: rassomlar, g'isht teruvchilar, bino bezatuvchi ustalar,
kostyumerlar, arxitektorlar va hokazolarni maosh bilan ta'minlaydi. Ular esa ushbu
poytaxtning ko'plab mahallalaridagi hayot va sanoatni tashkil qilib, sizning
xayrixohligingizga loyiqdir!»
Xayrixohlik? Boshqacha aytganda: sizning subsidiyalaringiz. U yana davom etdi:
«Parijning ko'ngil ochish sohasi viloyatlarni ish o'rinlari va iste'mol mollari bilan
ta'minlaydi; badavlat odamlarning hashamatli hayot tarzi esa respublikaning murakkab
teatr sanoat tarmoqlarida band bo'lgan ikki yuz ming turli kasb egalarini ish haqi va
non bilan ta'minlaydi. Ular Frantsiyani mashhur qilgan teatrlarda ishlab, o'zlarini,
oilalarini va farzandlarini moddiy jihatdan ta'minlaydilar. Siz ushbu oltmish ming
frankni aynan shu ishchilarga beryapsiz». [Juda yaxshi! Barakalla! Gulduros qarsaklar].


368
Men esa, ko'rib chiqilayotgan masalaning iqtisodiy tomoniga e'tibor berib:
«Yomon! Juda yomon!», deb aytishga majburman.
Ha, to'g'ri, oltmish ming frankning hech bo'lmaganda bir qismi teatrlardagi
ishchilarga tegadi. Mablag'ning qanaqadir bir qismi shu yo'lda yo'qolib qolishi ham
mumkin. Agar masala diqqat bilan ko'rib chiqilsa, mablag'ning katta qismi boshqa
joylarga taqsimlanib ketganligi ayon bo'ladi. Agar ishchilarning omadi yurishsa, ularga
bir-ikki ushoq tegishi mumkin! Keling, subsidiya to'liq miqdorda rassomlarga,
bezatuvchilarga, kostymerlarga, sartaroshlarga va hokazolarga yetib boradi, deb ham
faraz qilaylik. Bu vaziyatning yaqqol tomoni.
Biroq, bu mablag' qayerdan keladi? Bu tanganing orqa tomoni bo'lib, unga ham
xuddi old tomoni kabi diqqat bilan qarash lozim. 60 ming frankning manbai nima? Agar
qonun chiqaruvchi organ bu mablag'ni avval Rivoli ko'chasiga, keyin esa Grenel
ko'chasiga yo'llamaganda, u qayerga yo'naltirilishi mumkin edi
(5)
? Bu vaziyatning bizga
yaqqol bo'lmagan tomoni.
Albatta, hech kim qonun chiqaruvchi organ ovoz berish orqali bu mablag'ni
yo'qdan bor qiladi, u milliy boylikka sof qo'shimcha bo'ladi, ushbu mo'jizaviy ovozsiz
oltmish ming frank ko'rinmay va sezilmay qolaverar edi, deb da'vo qilishga jur'at qila
olmaydi. Qonun chiqaruvchi organ faqat mablag'ni bir joydan olib, boshqasiga
yo'naltirishni hal qila olishini tan olish mumkin xolos.
Mablag'ni biror maqsadga yo'naltirish uchun uni boshqa maqsadlardan olib
qo'yish kerak bo'ladi. Shunaqa ekan, soliq to'lovchidan bir frank soliq undirilgandan
so'ng uning ixtiyorida ushbu bir frank boshqa bo'lmaydi. Natijada, unda o'z ehtiyojini
qondirish uchun bir frankka kam mablag' qoladi, uning ehtiyojini qondirishi mumkin
bo'lgan ishchi ham endi ushbu miqdorni ishlab topishdan mahrum bo'ladi.
Shunday ekan, 16 mayda berilgan ovoz milliy farovonlik va bandlikka ijobiy ta'sir
ko'rsatadi degan bolalarcha xom xayolga berilmaylik. U mulkni va ish haqini qayta
taqsimlaydi xolos.
U bir ehtiyoj va ishni ulardan zarurroq, ma'naviyroq va oqilonaroq ehtiyoj va ish
bilan almashtiradi deb ayta olamizmi? Men buni rad etish uchun bahslashishga
tayyorman. Men quyidagilarni da'vo qilishim mumkin: soliq to'lovchilardan oltmish


369
ming frankni olish orqali siz yer haydovchilar, yer qazuvchilar, duradgorlar va
temirchilarning maoshlarini kamaytirasiz va buning evaziga ashulachilar, sartaroshlar,
bezatuvchilar va kostyumerlarning maoshlarini oshirasiz. Ikkinchi guruhdagi
ishchilarning birinchi guruhdagilardan muhimroq ekanligini tasdiqlovchi hech qanday
dalil mavjud emas. M. de Lamartinning o'zi ham buni da'vo qilgani yo'q. U teatrlar
faoliyati boshqa sohalar qatori bir xil darajada samarali va sermahsul deb aytyapti.
Lekin bunga ham e'tiroz bildirish mumkin: teatrlar boshqa sohalar hisobidan
subsidiyalanishi ular unchalik samarali emasligiga dalildir.
Lekin turli faoliyatlarning ichki qiymati va sifatlarini solishtirish ushbu
mavzuga tegishli emas. Mening maqsadim M. de Lamartin va uning tarafdorlariga
masalaning ikki tomonini ko'rsatishdan iborat. Bir tomonda aktyorlar ehtiyojini
ta'minlashdan ish haqi oluvchilar tursa, ikkinchi tomonda soliq to'lovchilar ehtiyojini
ta'minlashdan daromad oluvchilarning bu imkoniyatdan ajralib qolishi turadi. Agar
ular buni tushunib yetmasalar, qayta taqsimlashni foyda bilan adashtirganliklari uchun
masxara bo'lishlari mumkin. Agar ular o'z qarashlariga qat'iy rioya qilsalar, unda ular
subsidiyani cheksiz miqdorda ajratishni talab qilishlari kerak. Nega deganda, bir frank
yoki oltmish ming frank uchun to'g'ri bo'lgan vaziyat, ayni bir xil holatlarda milliard
frank uchun ham to'g'ri bo'lishi kerak.
Janoblar, soliqlar masalasiga kelganda ularning afzalligini «davlat xarajatlari
ishchi sinfini moddiy qo'llab-quvvatlaydi» degan bema'ni uqtirish bilan emas, balki
asosli sabablar bilan isbotlang. Zero, bunday da'vo qilish bilishimiz lozim bo'lgan
muhim haqiqatni oshkor qilmaydi. Negaki, davlat xarajatlari doimo nodavlat sektor
xarajatlarining o'rnini egallaydi. Ular bir ishchini boshqa bir ishchi hisobidan
ta'minlaydi, lekin, umuman olganda, buning ishchi sinfiga foydasi yo'q.

Download 9,85 Mb.
1   ...   90   91   92   93   94   95   96   97   ...   130




Download 9,85 Mb.
Pdf ko'rish