|
Mavzu: iqtisodiy xavfsizlikka tahdidlar
|
bet | 3/12 | Sana | 09.10.2024 | Hajmi | 217,28 Kb. | | #274238 |
Xavf va tahdidlarni quyidagi belgilari boʻyicha guruhlarga ajratish mumkin:
ta‘sir koʻrsatish obyektlariga nisbatan – tashqi va ichki;
xavfsizlik sohalari boʻyicha (ekologik, iqtisodiy, siyosiy, harbiy va h.k.);
makon yoki koʻlamiga koʻra (global, xalqaro, mintaqaviy, milliy, mahalliy va h.k.);
namoyon boʻlish uslubi va shakllariga koʻra (bayonot, kelajakda xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan va himoya choralari koʻrilishini talab qiluvchi shart-sharoitlar majmui, aniq harakatlar va h.k.);
manbalari va harakatlantiruvchi kuchlariga koʻra (tabiiy, inson faoliyati bilan bogʻliq va h.k.);
ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab (qaltis ish, tahlika, xavf hamda tahdid) va boshqalar.
Iqtisodiy xavfsizlik tizimli ta‘sir koʻrsatuvchi koʻplab destruktiv omillarning ta‘siri ostida shakllanadi. Bugungi kunda iqtisodiy xavfsizlikka ta‘sir etuvchi destruktiv omillarning quyidagi turlarini ajratib koʻrsatish mumkin.
4.1-rasm. Iqtisodiy xavfsizlikning destruktiv omillari.
Tahlikalar, qarshiliklar va tahdidlarga turli darajalar sifatida qaraladi.
Qaltis ish (risk) – odatda, xavfsizlik subyektlarining bevosita faoliyati natijasida vujudga keladigan noqulay va koʻngilsiz vaziyatlarni anglatuvchi xavfning eng kichik koʻrinishi – turi hisoblanadi. U doimo qandaydir ehtimollikdir.
Xavf - xatar – bu salbiy ta‘sirning obyektiv holda mavjud boʻlish imkoniyati boʻlib, uning natijasida holatni yomonlashtiruvchi biror-bir zarar hamda taraqqiyotga xalal beruvchi dinamika va parametrlar yuzaga kelishi mumkin.
Xavf- xatarning manbai oʻzida yomon niyatlarni, zarar keltiruvchi xossalarga, destruktiv xususiyatlarni yashirin holda saqlagan va muayyan shart-sharoitlarda yuzaga chiqaradigan sharoit va omillar hisoblanadi. Boshqacha aytganda, xavf-xatar shaxsga, iqtisodiy yoki tabiiy tizimga nisbatan zarar keltirishi, tashkillashtirishga putur yetkazish yoki uni toʻliq yoʻq qilib yuborishgacha boradigan, barqarorlikni buzib tashlashi mumkin boʻlgan real yoki potensial (salohiyatli) kuch va omillarning mavjudligi hamda ta‘sirini koʻzda tutadi.
Xavf-xatar har xil shakllar va turlarda, xususan, maqsadga yoʻnaltirilgan gʻanimlik xatti-harakatlari, odamlarning hayot faoliyatiga tahdid soladigan xatolarning, mas‘uliyatsiz xattiharakatlarning oqibati, tahlika, tabiat va jamiyatga zarar keltiruvchi ofatlar hamda boshqalar sifatida namoyon boʻlishi mumkin. Ushbu atamalar qatorida tahlika xavf-xatarning eng quyi darajasi hisoblanadi, uning ortida qarshilik turadi, tahdidlar esa xavfsizlikning eng yuqori darajasidir.
Tahlika – roʻy berishi mumkin boʻlgan xatar yoki xavfxatarni tugʻdirishga qodir boʻlgan holatning ehtimollik imkoniyatidir. Tahlika yoʻqotishlarning, zarar, ziyon va boshqalarning roʻy berishi mumkinligini anglatadi. Qarshilik – kurashga, bahslashishga kirishish istagi, uydirma xatti-harakatlar yoki bosim oʻtkazish vositasi, talabidir.
Tahdid – xavfning eng oliy darajasi boʻlib, unda nafaqat yaqqol niyat, balki xavfsizlik obyektiga bevosita ziyon yetkazish qobiliyati va tayyorgarlik namoyon boʻladi. Tahdid – zarar keltirish niyati, xavf-xatar imkoniyatini amalga oshirish jarayonida dolzarblashgan shaklidir. Tahdid – bu bevosita xavfxatar boʻlib, uning manbai koʻproq yoki kamroq darajada aniqlangan boʻlishi mumkin. Tahdid kimga qarshi yoʻnaltirilgan boʻlsa, shularning unga tez munosabat bildirishini (reaksiya qilishini) talab qiladi.
Zarar – tizimning tub mohiyatini belgilovchi xususiyatlar hamda tizim mavjudligining shart-sharoitlari oʻzgarishi natijasida barqarorligi yoki chidamliligining susayishi hisoblanadi.
Bardoshlilik (chidamlilik) – tizimning turli vayronkor omillar ta‘siriga qaramasdan, koʻngilsiz oqibatlarning kamaytirilishini keltirib chiqaruvchi aks ta‘sir choralarni ishga solish yoʻli bilan yoki koʻngilsiz tashqi ta‘sirlarga nisbatan tabiiy qarshilik natijasida oʻzining asosiy xususiyatlarini saqlab qolish qobiliyatidir.
Barqarorlik– tizimga nisbatan sezilarli salbiy ta‘sirlarning mavjud emasligi yoki uzoq muddat mobaynida bunday ta‘sirlarga nisbatan uning bardoshliligi ta‘minlanishi natijasida muayyan vaqt davomida tizimning muhim xususiyatlari saqlanib qolish holati.
Tahdid obyektlariga – tahdid manbai ta‘sir etishi mumkin boʻlgan tashkiliy tuzilmalar, jismoniy va yuridik shaxslar, xoʻjalik subyektining moddiy va nomoddiy aktivlarining hisob birliklari (texnik va infratuzilma obyektlari, koʻchmas mulk obyektlari, tovar va moddiy boyliklar, naqd pullar qimmatbaho qogʻozlar, hujjatlashtirilgan majburiyatlar, axborot resurslar va h.k.) kiradi.
Tahdid predmeti – tavakkalchilik hodisasi natijasida sarflanadigan (yoʻqotiladigan) xoʻjalik subyektining resurslari (ijtimoiy-iqtisodiy tizimi) boʻlib hisoblanadi. Iqtisodiy xavfsizlikka tahdidlar gʻoyat oʻzgaruvchan, diversifikatsiyalangan va eng muhimi har doim ham oldindan aniqlash mumkin emas. Chunki tabiiy muhitning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish holati omillarining kompozitsiyasi doimiy ravishda oʻzgarib turadi. Shu boisdan qulay vaziyatda, iqtisodiy xavfsizlikka tahdidlarni ta‘riflashda milliy manfaatlarni kamroq yoki koʻproq darajada toʻliq tushunishda yuz berishi mumkin boʻlgan tahdidlarni keltirib chiqaradigan, oldindan aytib boʻlmaydigan omillarni hisobga olish zarur.
Agar tahlikalar qarshilikka, qarshiliklar esa tahdidlarga aylanayotgan boʻlsa, bu soʻzsiz ravishda iqtisodiy xavfsizlik tizimidagi jiddiy buzilishlarning belgisidir. Bu holatni dastlab oddiy misolda koʻrsatamiz. Har qanday, hatto juda tajribali haydovchi ham avtomobilning ruliga oʻtirib, katta yoʻlga chiqar ekan, oʻzining shaxsiy xavfsizligini va oʻz yoʻlovchilarining xavfsizligini muayyan tahlikaga qoʻyadi. Oʻrnatilgan harakat tezligini oshirayotgan haydovchi xavf-xatarni yuqoriroq darajaga, ya‘ni qarshilik darajasiga oʻtkazadi. Agar u mast holda rulga oʻtirsa yoki mashinani yoʻl harakati qoidalaridagi belgilarga e‘tibor bermasa, bu oʻzining shaxsiy xavfsizligiga ham, yoʻlovchilarning xavfsizligiga ham tahdid boʻlib hisoblanadi.
Xavfsizlik darajalarining xuddi shunday ierarxiyasi piyodalar uchun ham mavjud. Agar inson koʻchani piyodalar oʻtadigan yoʻlak boʻylab svetoforning qizil chirogʻida kesib oʻtsa, bu qarshilik; agar mashinalar oqimida mumkin boʻlmagan joyidan kesib oʻtsa, bu endi tahdid hisoblanadi.
Tahdidlarni milliy yoki xalqaro xavfsizlikning har qanday muammosiga nisbatan qoʻllanilishi mumkin. Masalan, transmilliy terrorizm (xususan, tolibonlarning harakati) – bu inson qoʻli bilan yaratilgan, faqat Amerika hamda sovet maxsus xizmati faoliyatining mahsuli boʻlib, u biroz nazoratning boʻshashtirilishi oqibatidir.
Iqtisodiy xavfsizlik siyosatining eng muhim komponenti tahdidlarni qarshilikka, qarshiliklarni tahlikaga aylanish texnologiyalarini oʻzlashtirish va ularni oqilona qoʻllay bilishdan iboratdir.
Tahdidlar iqtisodiy manfaatlarga, ularning oʻzgarishlariga, oʻzgarib borayotgan sharoitlarda ularga tuzatishlar kiritishga, yangi ustuvorliklar va vazifalarni belgilashga ta‘sir oʻtkazishga qodir boʻladi. Ichki va tashqi tahdidlarning ta‘siri ostida oʻzgartirish uchun tuzatishlar kiritilgan iqtisodiy manfaatlar jamiyat va shaxsning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha samarali qarorlarni qabul qilish nuqtayi nazaridan davlatga, mamlakat iqtisodiyotiga, tegishli tuzilmalarga va hokimiyat organlariga ta‘sir oʻtkazadi. Agar barcha darajalarda qabul qilinayotgan qarorlar haqiqatan ham konstruktiv xususiyatga ega boʻlsa, ushbu qarorlarni roʻyobga chiqarishning ishonchli mexanizmi joriy etiladi va bu mamlakatning iqtisodiy xavfsizligini mustahkamlashda ijobiy aks etadi.
Keyingi oʻrinlarda biz xavf-xatarlarning barcha darajalari – tahlika, qarshilik va tahdidlarni koʻzda tutgan holda ―tahdid‖ atamasini ishlatamiz. Iqtisodiy xavfsizlik uchun eng ahamiyatli tahdidlarni aniqlash yetarlicha murakkab masaladir. Tahdidlarning nazariyada yetarlicha tadqiq etilmaganligi ularni amalda tahlil qilish va neytrallashning murakkabligi izohlanadi. Iqtisodiy xavfsizlikka tahdidlarni koʻrib chiqish chogʻida zaiflikdan farqlay bilish, zarur hollarda tadqiqotchilar zaiflik va tahdidlarning tabiati garchi har xil boʻlsa-da, ularni bir-biriga tenglashtirib qoʻyadilar.
Mazkur muammolarni oziq-ovqat xavfsizligi misolida ham koʻrib chiqish mumkin. Oziq-ovqat mahsulotlari importiga qaramlik agrosanoat majmuasining zaifligi va inqiroz holatida ekanligidan dalolat beradi, lekin oziq-ovqat mahsulotlari jahon bozoridan erkin holda xarid qilinsa, tahdid toʻgʻrisida gapirishga hojat qolmaydi. Agar bu shart bajarilmasa yoki uni buzishning real imkoniyatlari mavjud boʻlsa, (masalan, embargo, sanksiyalar, jahon bozoridagi kamyob, mamlakatimiz importyorlarida zarur mablagʻlarning yoʻqligi), tahdidlar sifatida agrosanoat majmuasining zaifligi emas, balki aynan sanab oʻtilgan omillar chiqadi.
Xuddi shu narsa xomashyo va texnologiyalar bozoriga kirish xavfsizligining koʻpgina muammolariga tegishlidir: tahdidni milliy iqtisodiyotda tegishli ishlab chiqarishlarning mavjud emasligi (xalqaro bozorga qaramlik), balki tegishli mahsulot va texnologiyalarni sotib olishga xalal berishga qodir boʻlgan omillar (masalan, sanksiyalar) keltirib chiqaradi. Bu albatta zaifliklarga e‘tibor berishga kerak emasligini anglatmaydi (aynan shular tizimni tahdidlar uchun ochiq qilib qoʻyadi), ammo ularni tahdidlar bilan tenglashtirish kerak emas.
Tahdid jamiyat, davlat va ularning subyektlari, alohida shaxsning normal hayot faoliyatiga hamda manfaatlarini roʻyobga chiqarishga toʻsqinlik qiluvchi, ziyon-zahmat keltiruvchi, xavfxatar tugʻdiruvchi omillar, shart-sharoit va voqealiklarni ifodalaydi. Iqtisodiy xavfsizlikka tahdidlar gʻoyat oʻzgaruvchan, diversifikatsiyalangan va eng muhimi har doim ham oldindan aytish mumkin emas, chunki tabiiy muhitning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish holati omillarining kompozitsiyasi doimiy ravishda oʻzgarib turadi. Shu boisdan qulay vaziyatda, iqtisodiy xavfsizlikka tahdidlarni ta‘riflashda milliy manfaatlarni kamroq yoki koʻproq darajada toʻliq tushunishda yuz berishi mumkin boʻlgan tahdidlarni keltirib chiqaradigan, oldindan aytib boʻlmaydigan omillarni hisobga olish zarur. Tadqiqotchilarning koʻpchiligi tahdidlarni tasniflash va umumlashtirishga urunadilar tasniflash koʻplab ma‘lumotlarga moʻljal olish yengilroq boʻlishi uchun kerak.
Oʻzbekiston Respublikasida jamiyat va uning har bir fuqarosining xavfsizligiga, yangilanish va taraqqiyot yoʻliga, jahon hamjamiyatiga qoʻshilish yoʻliga solinayotgan tahdidlarni quyidagi guruhlarga ajratib, tahlil qilish mumkin. Barcha tahdidlar u yoki bu belgiga (tahdidlarning manbaiga, turiga va boshqalarga) koʻra guruhlarga boʻlinadi va bu quyidagi jadvalda oʻz aksini topgan.
Tahdidlar kelib chiqishiga koʻra fuqarolarning konstitutsion huquqlariga, erkinliklariga, barqaror turmush darajasi va sifatiga, fuqarolik jamiyatini rivojlanishiga, davlat suverinitetiga, hududiy yaxlitligiga, mudofaasiga va davlat xavfsizligiga toʻgʻridan-toʻgʻi yoki bilvosita yoʻllar orqali zarar, talofat keltirish imkoniyatlariga aytiladi.
|
| |