|
-§. Rangtasvirda “Bahor gullari” natyurmortini moybo’yoqda ishlash
|
bet | 7/13 | Sana | 15.05.2024 | Hajmi | 21,87 Mb. | | #236248 |
Bog'liq Гулшан2.3-§. Rangtasvirda “Bahor gullari” natyurmortini moybo’yoqda ishlash
“Bahor gullari ” natyurmortini kompozitsiyasini belgilab olingandan so`ng, uni eskizi yordamida kartina kartoniga tushiriladi. Shu bilan birga uni rangli yechimi ham hal qilinishi lozim. Kartina teri matoga tushirish uchun rangtasvir texnologiyasi bilan tanish bo`lish kerak. Aksariyat rassomlar rangtasvir texnologiyasiga kam e`tibor berishlari natijasida ular tomonidan ishlangan tasviriy san`at asarlari qisqa vaqt ichida yaroqsiz bo`lib qoladi, ya`ni bo`yoqlari qorayib, chatnab yorilib ketadi, xolstning gurunti ko`chib kyetib, ishdan chiqadi. Rangtasvirda bo`yoqlar bilan ishlash uchun, albatta, rangtasvir texnologiyasiga katta e`tibor beriladi.
“Bahor gullari ” mavzusidagi natyurmortining moybo`yoqda ishlash uchun asos sifatida teri mato tanlandi. Rangtasvirda mato (xolst) mustaqil asos sifatida ishlatilishidan avval bir necha yuz yillar davomida yog’och rangtasvirga yordamchi material bo`lib xizmat qilgan. Rangtasvir asosi sifatida xolst Yevropada XV-asrda qo`llanila boshlagan. Bugungi kunda mato(xolst)dan rassomlar keng foydalanmoqdalar. Asar ishlanadigan sathni sifatli tayyorlanishi katta ahamiyatga ega. Ish jarayonini qulayligi asar umrini uzayishi yoki tez yaroqsiz holga kelishi asosni qanday grunt qilinishiga bog’liq.
Gurunt – tasvir ishlanadigan sathni tayyorlash, ya`ni mato (sath) va bo`yoq o`rtasidagi bog’lovchi qism hisoblanadi. Matoga gurunt berish bir nechta talablarga javob berishi kerak, ya`ni mato teshiklarini berkitish, yorilmasligi, egiluvchanlik xususiyatiga ega bo`lishi, sath bir xil qalinlikda yopilishi, bo`yoqning rangiga ta`sir etmasligi, chirish holatlaridan saqlanishi kerak.
Bugungi kunda ko`plab rassomlar o`z asarlarini asosini mustaqil guruntlamoqdalar. Qaysi gurunt afzalligi va uni tayyorlanishi tarkibi haqida ko`plab savollar uchraydi. Shu sababli turli tuman gurunt tayyorlash yo`llari mavjud. Natyurmort uchun tayorlangan sath uchun guruntlash jarayonini birinchi qismi yelim surtishdir. Duradgorlik yelimidan foydalanganda, yelim bir necha soat suvga solib qo`yildi. Keyin u kichikroq idishga solinib, bu idish kattaroq bo`lgan suvli idishga solinib olovda qaynatildi. Shu holatda katta idishdagi suv qaynab, yelimli idishga olov tegmay yelimi eriydi. Matoga yelim surtish jarayoni yakunlangach, xona sharoitida quritiladi va ikkinchi yelim surtish jarayoni oldingidek bajarildi. Uchinchi yelim surtish jarayonida yelimga oq sink kukuni aralashtirib, emul’tsiya hosil qilib bo`yaldi. Shu tariqa natyurmortni moyli bo`yoqda ishlash uchun kartina sathi tayyorlanadi. Tayyorlangan yuzaga asar kartoni yordamida natyurmortni tushirib olinadi. Endi uni moybo`yoqda ishlash jarayoni boshlanadi.
Moybo`yoq rangtasviri o`ziga xosligi bilan ajralib turadi. Moybo`yoq bilan ishlashdan oldin uning xususiyatlarini va ishlatish yo`llarini bilish zarur. Moybo`yoqlar bilan shug’ullanishni yaxshi bilgan kishi rangtasvir sirini o`ziga xos tomonlarini bilib oladi, bu esa unga rangtasvir asarlarini har tomonlama va mukammal taxlil qila olishiga yordam beradi.
Moybo`yoqlar bilan ishlaganda, ularning ba`zi birlari xolstga yaxshi, ba`zi birlari esa yomon surkaladi. Bo`yoq, tag qismidagi bo`yoq ko`rinib turadi, bunda rang yorqinligi paydo bo`ladi, yupqa surkalgan bo`yoq lissirovka deyiladi.
Natyurmortni ishlash jarayonida ranglarni o`ziga xos xususiyatlarini bilish zarur. Bizning o`rab turgan tabiat, undagi jismlar, o`simliklar, jonivorlar dunyosi, hatto o`zimiz ham ma`lum bir ranglarni jamlaganmiz. Ranglarning asosiy tavsiflari: axromanik, xromanik ranglar, issiq va sovuq ranglarga bo`linib o`rganiladi. Shu bilan birga ranglar asosiy va qo`shimcha ranglarga bo`linadi. Asosiy ranglarning bir-biriga aralashtirish yo`li bilan chiqarib bo`lmaydigan ranglar bo`lib, ular – qizil, sariq, ko`k ranglardir. Asosiy ranglarni bir-biriga aralashtirib chiqariladigan ranglar qo`shimcha ranglar deyiladi. Ranglarni yana asosiy tavsiflari sifatida rang tusi, ranglarning och-to`qligi, yorqinlik kabi rangning o’ziga xos uch xususiyatini aytib o`tish lozim.
Ranglar rangtasvir texnologiyasida mexanik birikishi natijasida hosil qilinadi. Ranglarning mexanik birikuvlari bo`yoqlarni palitrada aralashtirganimizda sodir bo`ladi.
Ranglar tabiatda biz kashf yetib to`plagan bo`yoqlarga nisbatan ko`pdir. Bo`yoqlar rangi ko`pchilik narsalarning rangiga nisbatan kam ta`minlangan. Eng och bo`yoq eng to`q qora bo`yoqqa nisbatan atigi 25-30 marotaba yorqinroqdir. Rangtasvirda tabiatning barcha boyliklari, uning rang – barangligini bu kamgina bo`yoqlar bilan aks ettirib bo`lmaydigandek. Lekin musavvirlar o`z mahorati bilan asarlarida barcha ranglarni jilolantirib kelmoqdalar. Biroq rassomlar rangshunoslikda o`z bilimlaridan hamda ma`lum tuslarni tanlash va kolorit uyg’unligidan foydalangan holda kerakli yechimlarga erishmoqdalar.
Rangtasvirda yaratiladigan asarlar turli ranglar yoki ularning qorishmalaridan hosil bo`lgan ikkilamchi ranglardan foydalanib ishlanadi. Asarning umumiy ko`rinishida biron-bir rang ustivor bo`lsa, asar koloriti shu rang nomi bilan aytiladi. Rassoimlar biron-bir asarni ta`riflaganlari qizil koloritda yoki jigarrang koloritda deb aytishadi. Asar koloritini ahamiyati shundaki, ma`lum bir koloritda ishlangan asarning tomoshabinning qabul qilishi oson bo`lib, bunday asarlar o`ziga e`tiborni jalb qiladi. Bir koloritda ishlangan ishlarga bashqa ranglar mohirona kiritilmasa, bunday rang begona bo`lib qoladi va asarning umumiy yaxlitligiga putur etkazadi.
“Bahor gullari” natyurmortini ishlashda ko`k koloritdan foydalanildi. Ko`pincha kolorit milliylik, tabiiylik, insoniylik xususiyatlari kabi tushunchalarni aks ettirishda asosiy vosita bo`lib xizmat qiladi. Misol uchun taniqli o`zbek rassomi Chingiz Ahmarovning ijodiy faoliyatini keltirish mumkin. Uning ijodidagi asarlarning ko`p qismi ko`k, moviy, zangori ranglar koloritida bajarilgan. Bunday asarlar koloriti ko`zga dam berib, insonda hotirjamlik, osoyishtalik, o`ychanlik tuyg’ularini uyg’oradi. Shuni ham ta`kidlash kerakki, tasvirda to`g’ri topilgan ranglar uyg’unligi, go`zallikni anglay olish bilan birga, nafis asarlar go`zalligini bilim ravnaqiga ham zamin yaratadi.
Natyurmort asarini ishlashda ranglarning inson ruhiyatiga ta`sirini e`tiborga olindi. Buning uchun natyurmortni tasvirlashda erta tong mahalini ranglar vositasida ishlandi. Guldondagi gullar yangi uzulgan holatda, derazada quyosh nurlari guldon va gullarda aks yetib turibdi, deraza ortida ko`m-ko`k osmon, charaqlagan quyosh nurlari yam-yashil zaminni yoritib turibdi. Bular inson ruhiyatiga ta`sir ko`rsatib kayfiyatimizda ko`tarinkilik, hayotga muhabbat, go`zal his-tuyg’ular paydo qiladi. Insonlarga go`zallik doimo yaxshi kayfiyat bag’ishlab kelgan. Shularga asoslanib “Bahor gullari” natyurmortini moybo`yoqda chiroyli, go`zal ko`rinishda tasvirlashga ko`proq xarakat qilindi. Guldon turgan stolni jigarrang tusda ishlandi, Chunki issiq rang sovuq ranglardagiga qaraganda yaqinroq turgandek taassurot tug’diradi, buning natijasida gullar tomoshabinga yaqin bo`lib ko`rinish kasb etadi, devor, deraza, deraza fonida ko`rinib turgan tabiat manzarasi sovuq rang tuslariga tortganligi sababli bizdan uzoqlashish taassurotini uyg’otadi. Issiq ranglar “oldinga chiqib tursa”, sovuq rangdagilar “orqaga chekinib” turadi. Buyuk nemis shoiri Gyote aytganidek, “moviy osmon bizdan uzoqlashadi”.11
Natyurmortdagi nastarin gullarini ko`rinishi ko`proq yorqin, och tuslar bilan ishlandi. Bu rang turlari gullarni go`zalligi ko`rsatish uchun xizmat qilishi darkor. Rang tuslari ongimizda bizga tanish narsalar rangi orqali shakllanadi. Ko`pchilik ranglarning nomlari to`g’ridan-to`g’ri o`sha narsalarni o`ziga xos ranglaridan kelib chiqqan. Yuqorida aytib o`tilgandek guldon va u turgan stol issiq rang tusida berilganligi, deraza fonida ko`rinib turgan tabiat manzarasi sovuq rang tuslari orqali bajarilgan. Ya’ni sovuq va issiq ranglar bir biriga kontrast qo`yilgan, lekin u umumiy koloritga salbiy ta’sir ko’rsatishga yo`l qo`ymaslikka xarakat qilindi. Bu kontrast rang tuslari umumiy koloritga bo`ysundirilgan.
Kontrast so`zi “teskari”, “qarama-qarshi” degan ma`noni anglatadi. Kontrastning natyurmortda hajm jihatidan katta-kichik, uzun-qisqa, rang jihatidan oq-qora, qizil-ko`k, qizil-yashil kabi issiq va sovuq ranglarning qarama-qarshilikda ko`rish mumkin. Ranglar kontrasti hodisasi – har qanday rangning atrofdagi boshqa ranglar ta`siri natijasida asl rangiga nisbatan o`zgarishini ko`rsatadi.
Rangtasvirda moybo`yoq bilan ishlashda, yosh rassomlarni ko`pchilik hollarda qiynab qo`yadigan narsa ularning ranglarning o`zbekcha nomlarini yaxshi bilmasliklaridandir. Bu hol ayniqsa, natyurmort ishlashda, uning ranglari to`g’risida so`z yuritganda ko`zga yaqqol tashlanadi. Ma`lumki, bo`yoqlarning yuzdan ortiq ruscha tuslari (nomlari) mavjud. O`zbek tilida esa ularning nomlari durustroq ishlab chiqilmagan. Shuning uchun rang to`g’risida gap ketganda, turmushda bor materiallar, buyumlar, sabzavot va mevalarning nomlaridan foydalanishga to`g’ri keladi. Masalan, baxmal rang, jiyda rang, bodom rang, olov rang, o`t rang, sabzi rang va hakozo. Ammo bu xildagi shartli nomlar ko`pincha ranglarning tuslarining aniq tasavvur qilish imkonini bermaydi. Shuning uchun bo`yoqlarni xususiyatlari bilan tanishishda ularni mavjud guruhlarga ajratilgan va bir-biriga bog’lab o`rgangan ma`qul. Misol uchun, sariq rang o`rganilayotganda uning tarkibiy qismini hosil qilish yo`lini, ishlatish va qo`llanish usullarini hamda tuslarini ko`rib o`tish tavsiya etiladi. Natyurmort janrida gullar natyurmortini moybo`yoqda ishlashda ranglarning o`ziga xos jihatlari, asosiy ranglar va ularning bir-biri bilan aralashuvidan hosil bo`ladigan ranglar tuslarini o`rganishga to`g’ri keladi.
Sariq ranglar umuman ochiq va tiniq tusda bo`lib, sariq kukuni bor moddalardan olinadi. Sariq ranglarning eng yaxshi xususiyati, ularni xohlagan bo`yoqlar bilan aralashtirish mumkin. Sariq ranglar o`z navbatida zangori rang bilan aralashib quyidagi tuslarni hosil qiladi: sarg’ish, sarg’ish yashil, yashil, to`q yashil, och yashil, tutaki, zaynovi, zumrad ranglar. Shuni unutmaslik kerakki, sariq ranglarning bir qancha tuslari: nim sariq, och sariq, sarg’ishtob, to`q sariq, qovoq sariq, malla, to`q malla, pistoqi va boshqa tuslari bo`ladi.
Limon rangli sariq, sariq rang tuslari ichida eng chiroyli va ravshanidir. Uni qaysi rang bilan aralashtirmang, ta`siri sezilib turadi. Hosil bo`lgan rang o`zining yoqimliligi bilan boshqa o`ziga o`xshash ranglardan ajralib turadi. Bu hol ayniqsa, zaynovi, zumrad ranglarda yaqqol seziladi.
Sariq rangni qizil rang bilan qo`shilishidan esa zarg’oldoq rang hosil bo`ladi. Agar eritmada sariq rangning ta`siri kuchli bo`lsa, zarg’oldoq, och zarg’oldoq, qovoq rang va shu kabi rang tuslari, qizil rangning ta`siri kuchliroq bo`lsa, to`q zarg’oldoq, och qizil va boshqa rang tuslari hosil bo`ladi.
Bulardan tashqari sariq rangning quyidagi tuslari ham ishlatiladi: Strontsi sariq – ravshan, limon tusidagi sariq rang;
Kronli sariq – och sariq, tiniq va nafis;
Kadmiyli sariq – och va to`q, yorug’ tusdagisi esa ba`zan passiv limon rangga o`xshab ketadi, to`q sariq, zarg’oldoq tusga ega;
Oxra-jagarrang tusdagi sariq, yorug’ va ravshan, tilla rang, jagarrang, qizg’ish tuslarda bo`ladi.
Sariq rang asosan yorug’ joylarni, iliq tusdagi ko`rinishlarni berishda qo`l keladi.
Qizil rang bo`yoqlar ichida o`zining alohida xususiyati bilan ajralib turadi. Chunki uning turi ko`p bo`lib, bir-biri bilan tus jihatdan biroz farq qiladi. Qizil bo`yoq asosan qirmizi, alvon rang, gulgun, baxmal rang, och qizil, to`q qizil, och pushti, nim pushti, pushti, och safsar, nim safsar, siyoh rang, qizg’ishtob, och binafsha, qizg’ish binafsha va boshqa rang tuslaridan iborat. Qizil rangning zangoriga yaqinroq tuslari o`zida sovuq ko`rinishni aks ettiradi. Safsar hamda binafsha ranglarning sovuq tuslari shular jumlasidandir.
Qizil ranglar:
Kinovar – ravshan qizil bo`yoq (simob sul’fid, qizil rangli mineral, simob rudasidan qilingan qizil bo`yoq);
Kraplak – turli tusda ko`rinuvchi to`q qizil bo`yoq;
Karmin-koshinel – hashoratdan olinadigan och tusli qizil bo`yoq;
Kadmiyli qizil – juda tiniq, ravshan va iliq tusdagi qizil kabi tuslari ham mavjud.
Zangori bo’yoq sovuq ranglarning butun bir gammasini tashkil etadi. Kerakli sovuq rang tusini hosil qilish uchun zangori rang shu bo`yoq bilan aralashtiriladi. Shuni esda tutish lozimki, zangori rangning miqdori mazkur ranglar aralashmasi tarkibida ko`p bo`lsagina sovuq tus hosil bo`ladi. Zangori rang sariq rangning har xil tuslari bilan yaxshi aralashadi. Ammo u qizil rang bilan hamisha ham kerakli tuslarni hosil qilavermaydi. Zangori rangni och zangori, to`q zangori, havorang, moviy rang, feruza rang, billur, ko`kish, ko`kishtob, ko`kish binafsha, lojuvard va boshqa tuslari bo`ladi. Bulardan tashqari zangori bo`yoqning ultramarin-sinka rangini eslatuvchi to`q ko`k tusi mavjud.
Kabolt – och havorangning har xil tusdagi ko`rinishi.
Berlin moviy rang – to`q zangori tuslari ham bor.
Zangori rangning tiniq tuslarigina sariq hamda qizil ranglar bilan yaxshi aralashadi va hech qanday xunuk tus hosil qilmaydi.
Yashil bo`yoqlar sariq rangning bevosita zangori rang bilan aralashuvi natijasida hosil bo`ladi. Sariq rangning ta`siri ko`proq bo`lsa sariqqa, zangori rangning ta`siri ko`proq bo`lsa zangoriga xos tus hosil bo`ladi.
Zumrad rang ravshan, tiniq, shaffof, kraplakdan boshqa barcha bo`yoqlar bilan yaxshi aralashadi. Juda go`zal yashil rang, erta bahor maysalarining rangini eslatuvchi tiniq bo`yoq xrom oksidi – zaytun daraxti rangidan tiniq emas, tutaki zangoriga sariq rangni oz miqdorda qo`shilishidan hosil bo`ladigan rang tusi.
Qora rang boshqa ranglardan o`zini tamoman qarama-qarshi xususiyatlari bilan ajralib turadi. Qora rang yordamida axromatik ranglarning butun bir kompozitsiyasini topish mumkin. Uning har qanday xromatik rang bilan aralashmasi axromatik ranglarning yoki kerakli ranglarning xira tusini beradi. Jigarrang bo`yoqlar qora ranglarning qizil, sariq va zarg’oldoq rang tuslari bilan aralashuvidan hosil bo`ladi.
Kuydirilgan siena – qizg’ish jigarrang, to`q jigarrang, ba`zan yashil tusda tovlanadi. Kuydirilgan umba – tiniq, ravshan sariq tusdan to`q sariq tusgacha va qizg’ish tusdan to`q jigarrang tusgacha bo`ladi.
Mars – chiroyli jigarrang tus. Bu ranglarni hosil qilish uchun rassomdan o`z ish jarayonida tinmay xarakat qilishi lozim bo`ladi. Shundagina yuqorida nomlari zikr etilgan ranglardan boshqa rang tuslari mavjud ekanligiga ishonch hosil qiladi.
Oq rang moybo`yoq bilan ishlashda juda keng qo`llaniladi. Axromatik ham xromatik ranglarning oq rang bilan har qanday aralashmasi och rang hosil qiladi. Oq rangning bu xususiyati esa moybo`yoq bilan ishlaganda juda qo`l keladi. Oq rang barcha ranglar bilan yaxshi aralashadi. Oq rangning ham sut rang, ko`kish oq, sadaf rang, qoramtir oq, oqish va boshqa tuslari mavjud. Oq rangning o`zgaruvchan tuslari turlanishi ko`pincha atrofda turgan yoki o`ziga yaqinlashtirgan buyumlarning ranglariga bog’liq bo`ladi. Chunki oq rangning yaqiniga qanday rangdagi buyum, material va boshqalarni olib borilsa, u darhol osonlik bilan shu tusni o`zida aks ettiradi. Agar oq rang bilan boshqa rangdagi bir qancha kuchli qorong’u joyga qo`yilsa, oq rang o`zining oqlik xususiyatini saqlab qoladi. Bunda oq rangning ko`rinishi atrofdagi buyumlarga nisbatan olinadi. Binobarin, yorug’lik boshqa ranglarga qanchalik ta`sir etsa, oq rangga ham shunchalik ta`sir etadi.
Rangtasvirda moybo`yoqlar bilan ishlash uchun palitrani ahamiyati katta. Palitrani qattiq va yengil daraxt turlaridan tayyorlanadi. Eng yaxshisi yong’oq, o`rik, tut daraxtlaridir. Palitralar oval va to`g’ri to`rtburchak shaklida bo`ladi. Katta hajmdagi surat ishlash uchun kattaroq palitra ishlatish maqsadga muvofiqdir. Moybo`yoqlarning moyini shilib ketmasligi uchun palitraga qaynatilgan kanop moyini surkab shimdirish lozim, 2-3 kun turgandan so`ng palitradagi moy shimilib quriydi, keyin unga moybo`yoqlarni joylashtirish mumkin. Palitra ishlatib bo`lingandan so`ng mastixin bilan tozalab, latta bilan artib qo`yishga odatlanish lozim.
Palitrada bo`yoqlar quyidagicha joylashadi:
Yuqori qatorda o`ng tomonda issiq bo`yoqlar (oq, sariq, zarg’aldoq, qizil, jigarrang), palitraning chap tomonida sovuq rangdagi bo`yoqlar (barikaram, ko`k, zangori, qora) joylashtiriladi. Bunda biz iliq va sovuq ranglarni yaqqol ajrata olamiz. Palitraning o`rta qismida esa bo`yoqlarni qorish mumkin. Palitra bilan ishlaganda, uni chap qo`l bilan ushlash zarur, chunki aksariyat rassomlarni ko`pchiligi o`ng qo`l bilan ishlaydilar.
Ushbu keltirilgan tavsiyalardan natyurmortni ishlash jarayonida unumli foydalanildi.
Moybo`yoqlar bilan ishlaganda, ushbu tavsiyalar biz uchun “Gullar” mavzusidagi natyurmortini tasviriy san`at talablari asosida ishlash imkoniyatini berib,yakunlashga katta yordam berdi.
Umumiy qilib aytganda, “Bahor gullari” natyurmortida ranglarni umumiy munosabatini aniqlab olganimizdan keyin ranglarni umumiy koloritga bo`ysundirdik. Yuqorida ta`kidlanimizdek, to`g’ri tanlangan kolorit asarning muvafaqqiyatli chiqishini ta`minlaydi. Rangtasvirda natyurmort ishlashda kolorit bugungi kunda ham o`z ahamiyatini yo`qotgani yo`q. Aksincha, endilikda qarama-qarshilik asosida uyg’unlikka erishish muxim ahamiyat kasb etamoqda. Bularning barchasini jamlagan holda ushbu xulosaga kelish mumkin, tabiat shunday go`zal yaratilganki, ta`riflashga hamisha so`z topib bo`lmaydi. Ba`zan esa bu maftunkor go`zallikka e`tibor bermaymiz. Ijodkor rassom esa buni ko`radi, his qiladi va ijodida aks ettirishga intiladi. Bu ishni mohirlik bilan uddalay olsa, kolorist-rassom darajasiga ko`tariladi.
|
| |