Tarjimon (Ahmad Otaboyev)
Richard BAX
Asl Jonatanga — har birimizda yashaydigan Oqcharloqqa bag‘ishlanadi.
BIRINCHI QISM
Tong pallasi edi, bo‘y ko‘rsatgan quyosh jimirlab yotgan dengiz betini oltin tusga
belagan.
Baliqchi qayig‘i qirg‘oqdan bir mil narida. Suv uzra chaqiriq tovushi taraladi — bu
nonushta xabari. Katta yig‘in. Chorlov tag‘in bot-bot yangraydi, nihoyat minglab
oqcharloqlar uchib kelib o‘zini to‘daga urmaguncha takrorlanadi. Har qaysi qush ayyorlik
va abjirlik bilan tashlanib yog‘liroq luqmani yulib qochishga urinadi.
Biroq Jonatan Livingston ismli Oqcharloq to‘dada yo‘q edi. U mashq qilardi —
boshqalardan olisda, yolg‘iz o‘zi, qayiqdan va qirg‘oqdan juda balandda parvoz etardi.
Osmonga yuz fut yuksalib, pardali panjalarini bo‘sh qo‘ydi, tumshug‘ini ko‘tardi va butun
kuchini yig‘ib qanotlarini egdi, juda qattiq og‘riqqa chidab ularni yoy shakliga keltirdi.
Qanotlarni bunday shaklga keltirish, uning fikricha, parvozni imkon qadar sekinlatishi
lozim edi. Va Jonatan havoda tobora sekin va sekin sirg‘andi. Qulog‘iga urilayotgan
shovullagan tovush eshitilar-eshitilmas shivirlashga aylandi va tubanda okean muallaq
qotdi. Ko‘zlarini qisib, zo‘r berib diqqatini jamlagancha Jonatan nafasini ichiga yutdi.
Oqcharloq Jonatan Livingston (rivoyat-qissa). Richard Bax
www.ziyouz.com kutubxonasi
3
Yana... birgina... bir... dyuym... birdan... bu... egri... Uning parlari titradi, chuvalashdi, u
tezlikni butkul yo‘qotib qo‘ydi, chalqanchasiga ag‘darilib ketdi va pastga quladi.
Sizga ma’lum bo‘lsa kerak — oqcharloqlar hech qachon bunday tang ahvolga tushmaydi.
Oqcharloqning parvoz chog‘ida tuyqusdan to‘xtagani, tezligini yo‘qotgani kechirilmas hol.
Bu — uyat, bu — sharmandalik.
Biroq, ayni damda Oqcharloq Jonatan Livingstonga uyat hissi begona edi. U tag‘in, juda
qattiq og‘risa-da, qanotlarini egik shaklga keltirdi — sekinlik bilan, ohista sirg‘aldi va
mashqi tag‘in muvaffaqiyatsiz chiqdi. U mashqni takrorlayverdi. Chunki, u oddiy
qushlardan emas edi.
Aksar oqcharloqlar uchishning jo‘ngina qoidalari bilan qanoatlanadi, jiddiyroq parvoz
qilishni o‘rganishga o‘zlarini urintirib o‘tirmaydi. Qirg‘oqdan oziqqacha uchib borib uchib
qaytilsa — shuning o‘zi kifoya ular uchun. Ko‘pchilikka parvoz emas, faqat ozuqaning o‘zi
zarur, xolos. Biroq, Jonatan Livingston otliq Oqcharloq uchun muhimi parvoz. Ozuqa esa
— bu shunchaki... Chunki, dunyoda Jonatan barchasidan uchishni yaxshi ko‘radi.
Hayotga bunday munosabat, Jonatanning anglashicha, oqcharloqlar galasida unga obro‘
keltirmasdi. Hatto ota-onasi ham uning har kuni yolg‘iz o‘zi, yuz martalab sekin pastlab
sho‘ng‘ib uchishni mashq qilishidan sarosimaga tushardi.
U hali ko‘p narsani, misol uchun, qanotlarini yarim qoqib ucharkan, havoda o‘zining
uzoqroq va deyarli zo‘riqishsiz turishining sababini tushunmasdi. Jonatan hech qachon
sekin pastlab qo‘nishni odatdagi tarzda yakunlamas — panjalarini kerib, qanotlarini keng
yoygancha qorni bilan «tap» etib suvga o‘tirib olmasdi. Buning o‘rniga u havoda davomli
bir tekis sirg‘alib, tanasi bo‘ylab oldinga uzalgan panjalari bilan suv betiga tegib-tegmay
uchishni mashq qilardi. Qushloq sohilga sirg‘alib uchib qo‘nishni o‘rgana boshlagan
paytda, har gal mahkam siqilgan panjalari bilan qumloqqa tepadan tushib kelarkan, uni
ko‘rgan ota-onasining o‘takasi yorilguday bo‘lardi.
— Nega bunday qilasan, Jon, nega? — deb qayg‘urardi onasi. — Nahotki, hamma qatori
uchib-qo‘nib yurish shuncha qiyin bo‘lsa?! Soqqaqush shunday past uchadi. Albatroslar
ham. O‘shalar mashq qilaversin suv ustida pastlab uchishni! Axir, sen — oqcharloqsan!
Nega hech ovqat yemaysan? O‘zingga bir qara, o‘g‘lim — pating suyagingga yopishib
ketibdi-ku!
— Mayli, yopishsa yopishar. Biroq, men o‘zimni hecham yomon his etayotganim yo‘q,
ona. Menga shunisi qiziq: osmonda nimaga qurbim yetadi, nimaga yetmaydi — men
shuni bilishni xohlayman, xolos.
— Gapimni eshit, Jonatan, — deya g‘azabdan xoli ohangda gapirdi unga otasi. —
Hademay qish kiradi, dengizda kemalar siyraklashib qoladi. Suv betida yashaydigan
baliqlar tubroqqa ketadi. Agar senga biror-bir narsani o‘rganish zarur bo‘lsa, ozuqa
topish yo‘llarini o‘rgangin. Sening bu uchish mashqlaring — ular, albatta, yaxshi, biroq,
o‘zing tushunasan, sekin pastlab qo‘nishni mashq qilish bilan qorin to‘ydirib bo‘lmaydi.
Sening uchishdan maqsading ovqat topish. Buni unutish yaramaydi.
Jonatan itoatkorona bosh irg‘adi. Va bir necha kun mobaynida o‘zini tiyib, xatti-
harakatlari boshqa barcha oqcharloqlarnikidan farq qilmasligiga urindi. Buni u baliq
ovlaydigan kemalarda va ular to‘xtaydigan joyda oqcharloqlar galasi uyushtiradigan
jangga — baliq ichak-chavog‘i, qotgan non bo‘laklari uchun kechadigan qiy-chuv va
to‘polonga qo‘shilib, o‘zicha halol va hafsala bilan talashib-tortishib ko‘rsatishga harakat
qildi. Biroq, yashash uchun bunday kurashishga nisbatan o‘zida jiddiy munosabat
uyg‘otish Jonatanga muyassar bo‘lmadi.
— Qandaydir bema’nilik, — o‘yladi u uchib borarkan va ming mashaqqat bilan talashib
tortib olgan luqmani atay tushirib yubordi.
Jonatanning ortidan quvib kelayotgan qari oqcharloq luqmani ilib oldi.
Oqcharloq Jonatan Livingston (rivoyat-qissa). Richard Bax
|