Microsoft Word oqcharloq ziyouz com doc




Download 98,91 Kb.
Pdf ko'rish
bet6/24
Sana13.06.2024
Hajmi98,91 Kb.
#263246
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   24
Bog'liq
Jonatan Livingston-Oqcharloq(Kutubxona)

www.ziyouz.com kutubxonasi 
6
qanotlari bilan soatiga yetmish mil uchgandagiga qaraganda, behisob darajada sust; 
qanotlarining uchini bilinar-bilinmas harakatlantirgani shiddatli sho‘ng‘ishdan chiqib 
olishiga kifoya qildi va u oy yog‘dusida misoli zambarakning kulrang o‘qiday to‘lqinlar 
uzra uchib o‘tdi. 
Jonatan, shamoldan ayab, ko‘zlarini qisdi. Ko‘zlari bir chiziqday ensiz tirqishga aylandi. U 
mamnun edi. Soatiga bir yuz ellik mil! Va yana boshqaruvni yo‘qotmagan holda! Agar 
ikki ming emas, besh ming futga ko‘tarilsa-chi... Qiziq, unda tezlik qanaqa bo‘larkan...
Bundan atigi bir necha daqiqa oldingi ahdu qarori unut bo‘lgan, shiddatli shamolda 
to‘zg‘ib uchib ketgan edi. Jonatan o‘ziga bergan va’dasini buzdi, biroq o‘zini aybdor his 
etmadi. Bunday va’dalar kundalik oddiy hayot tarziga ko‘nikib ketganlar uchun 
qandaydir ahamiyat kasb etar, ehtimol. Biroq bilimi va uquvi bilan favqulodda 
hodisalarni anglab yetadiganlar uchun — ahamiyatsiz. 
Quyosh bo‘y ko‘rsatgan pallada Jonatan mashq qilardi. Besh ming fut balanddan baliqchi 
qayiq suvga tashlangan cho‘pga o‘xshaydi, nonushtaga yig‘ilgan To‘da — ko‘z ilg‘ar-
ilg‘amas gir aylanayotgan g‘uborday. 
Jonatan o‘zining tirik ekanini his qildi va qoniqish hissidan tuygan quvonchdan vujudi 
yengilgina titradi, botinidagi qo‘rquvni yenga olganidan g‘ururlandi. Deyarli qiyinchiliksiz 
qanotlarining old qismini yig‘ib, ularning o‘tkir uchini shamolga to‘g‘rilagancha dengiz 
sari — quyiga sho‘ng‘idi. To‘rt ming fut masofaga parvoz etib, Jonatan eng yuqori 
tezlikni oldi. Qarshisidan bostirib kelayotgan havo oqimi metinday qalin sershovqin 
to‘siqqa aylandi, uni yorib o‘tishning hech iloji yo‘q edi. Bu oxirgi marra edi. Jonatan tez 
harakatlana olmasdi, u soatiga ikki yuz o‘n to‘rt mil tezlikda uchayotib o‘zini quyiga tik 
tashladi. Agar bunday tezlikda qanotlari yoyilguday bo‘lsa — halokat muqarrarligini, 
ayovsiz oqim zarbasi o‘zini million bo‘laklarga titib yuborishini va okean betiga faqat shu 
bo‘laklargina yetib borishini bilib yutindi. Biroq bu shiddatli parvozda o‘zgacha Kuch bor 
edi, quvonch va shaffof bir go‘zallik mujassam edi. 
Ming fut balandlikda Jonatan sho‘ng‘ishdan chiqishga kirishdi. Quturib bostirib 
kelayotgan oqimda qanotlarining uchi g‘uvillab titradi, kema va oqcharloqlar To‘dasi ko‘z 
o‘ngida bezovta to‘lg‘andi va uchar yulduz tezligida yiriklasha bordi, ular shundoq 
Jonatanga ko‘ndalang turardi. 
Jonatan o‘zini to‘xtata olmas, chetlab o‘tib ketishning ham iloji yo‘q edi. Bunday 
vaziyatda qanday amalni qo‘llash zarurligini u bilmasdi.
Har qanday to‘qnashuv esa bir lahzada kechadigan o‘lim bilan yakun topishi aniq edi. 
Va u ko‘zlarini chirt yumdi. 
Shunda, ayni tong mahali, quyosh endi bo‘y ko‘rsatgan pallada Oqcharloq Jonatan 
Livingston nonushtaga yig‘ilib gir aylanib uchayotgan oqcharloqlar to‘dasining qoq 
o‘rtasiga yorib kirdi. Soatiga ikki yuz o‘n ikki mil tezlikda To‘daning o‘rtasidan shuvillab 
uchib o‘tdi — ko‘zlari chirt yumilgan — bir siqim par va shamoldan iborat misoli 
zambarak o‘qiday. Faqat bu gal omad kulib boqdi — hech kim halok bo‘lmadi. 
Sho‘ng‘ishdan chiqib olgach, uning tumshug‘i tag‘in tepaga ko‘tarildi — Jonatan hanuz 
olg‘a uchar va uchish tezligi soatiga oltmish milni tashkil etardi. Tezlik yigirma milgacha 
kamayganda esa, to‘rt ming fut balandlikda kema suvga tashlangan xasday bo‘lib 
ko‘rindi. 
Bu chinakam zafar edi. U buni bilardi. Tezlikning eng yuksak nuqtasi — shu! Soatiga ikki 
yuz o‘n to‘rt mil! Oqcharloqlar To‘dasi tarixida eng ulug‘vor yutuq — chinakam yuksalish. 
Oqcharloq Jonatan Livingston hayotida bu mutlaqo yangi davrning boshlanishi edi. 
U odatda uchish mashqlarini o‘tkazadigan joyga yo‘l oldi. Sakkiz ming fut balandlikdan 
tik sho‘ng‘ish uchun qanotlarini yig‘ib oldi, endi tezlik oshganda burilishni o‘rganishni 
maqsad qilgan edi. 


Oqcharloq Jonatan Livingston (rivoyat-qissa). Richard Bax 

Download 98,91 Kb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   24




Download 98,91 Kb.
Pdf ko'rish