Oqcharloq Jonatan Livingston (rivoyat-qissa). Richard Bax
www.ziyouz.com kutubxonasi
1
OQCHARLOQ JONATAN LIVINGSTON
Rivoyat-qissa
«QUSH TILI»GA SIRDOSHLIK
Adabiy mavzular zamonlar osha ko‘chib yuradi. Bir xalq adabiyotidagi
majoziy obrazlar
boshqa bir xalq badiiy tafakkurida butunlay o‘zgacha shaklda va janrda namoyon bo‘ladi.
Bu — uzluksiz jarayon. Qolaversa, bu umuminsoniy madaniyatning mushtarakligini
tasdiqlovchi hodisadir.
Bundan besh asr muqaddam yaratilgan ulug‘ o‘zbek shoiri va
mutafakkiri Alisher
Navoiyning «Lisonut-tayr» dostoni jahon adabiyotidagi badiiy kashfiyotning bir namunasi
sifatida hanuz kishilarni hayratga solib keladi. «Chun «Lisonut-tayr» ilhovi bila tarannum
tuzubmen, qush tili ishorasi bila haqiqat asrorin majoz suratida ko‘rguzubmen», deb
yozgan ulug‘ shoir.
«Majoz suratida» inson orzu-umidlarini ifodalashga intilish
bizning zamonimizda ham
qalam ahlining tafakkurini band etib keldi. Sharq uyg‘onish davrining ma’rifiy ta’siri
G‘arbning keyingi asrlar mobaynidagi taraqqiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgani sir emas.
Sayyor syujetlar, umuminsoniy qadriyatlarni mujassam etgan obrazlar har qaysi
davrning o‘ziga xos badiiy shaklu shamoyilida munosib ifodasini topdi.
Xususan, XX asr G‘arb adabiyotining e’tiborli
namunalarida bizning mumtoz
madaniyatimizga ohangdosh, mohiyatan juda yaqin asarlarni ko‘plab uchratamiz.
Shulardan biri amerikalik mashhur adib, buyuk kompozitor
Iogann Sebastyan Baxning
avlodi Richard Baxning «Oqcharloq Jonatan Livingston» nomli rivoyat-qissasidir.
Juda ko‘plab tillarga tarjima qilinib, millionlab nusxada chop etilgan bu asar adibga katta
shuhrat
olib keldi, o‘z vaqtida betsellerga aylandi. O‘tgan asrning 70-yillarida alohida
kitob holida nashr etila boshlangan «Oqcharloq Jonatan Livingston» kattalar ham berilib
o‘qiydigan o‘smirlar adabiyotining mumtoz namunalaridan biridir.
Richard Bax bu asarining yozilishi bilan bog‘liq sabablarni
sirli voqea tarzida bayon
etgan. Adibning e’tiroficha, u Kaliforniya shtatidagi Belmont Shor kanalining tumanli
qirg‘og‘i bo‘ylab kezib yurgan paytda qulog‘iga qandaydir tovush chalinadi. Tovushda
ifodalangan: «Oqcharloq Jonatan Livingston» degan sirli so‘z
ijodkor xayolini band etadi
va u shu «tashqi ta’sir» tufayli mazkur qissani yoza boshlaydi...