|
Microsoft Word oqcharloq ziyouz com docBog'liq Jonatan Livingston-Oqcharloq(Kutubxona)www.ziyouz.com kutubxonasi
14
Oqcharloqlar sukut saqlab turishardi, Jonatan esa o‘zini noqulay sezib chayqalib qo‘ydi.
— Ana endi, agar xohlasang, vaqt bilan ishlashga kirishishimiz mumkin, — dedi Chiang,
— chunki sen o‘tmish va kelajakka erkin o‘ta olishni o‘rganishing zarur. Shunda sen eng
mashaqqatli, eng shijoatli va eng qiziqarli ishga kirishishga tayyor bo‘lasan. Ya’ni sen
yuksakka parvoz etishga chog‘lanasan hamda ezgulik va muhabbatning mohiyatini
tushunib olasan.
Oradan bir oy, aniqrog‘i, vaqtning bir oy sifatida qabul qilingan muddati o‘tdi. Jonatan
favqulodda zo‘r g‘ayrat bilan ilmini oshirdi. U oldinlari ham bir ko‘rganini darhol ilg‘ab
olar, oddiy tajribaga tayanib, ustozsiz ham murakkab mashqlarni uddalardi. Endi esa
Chiangday Ulug‘ Ustozning tanlagan shogirdi bo‘lib, u yangidan-yangi tushunchalarni tez
qabul qilar, go‘yo qush emas, balki bir siqim parga o‘ralgan mukammal rejalashtirilgan
mo‘’jaz qurilma edi.
Biroq bir kun kelib Chiang g‘oyib bo‘ldi. Bungacha u oqcharloqlar bilan osoyishta suhbat
qurdi, ularni ilm olishni har qanday holatda ham to‘xtatmaslikka da’vat etdi, umrning
mazmunini ta’min etuvchi, ko‘z bilan ilg‘ab bo‘lmaydigan ulug‘ maqsad — komillik sari
izchil intilish zarurligini tayinladi. U gapirar, parlari esa tobora yorqin yog‘du taratardi;
nihoyat Chiangdan taralayotgan nur ko‘zlarni qamashtiradigan darajada yaraqlay
boshladiki, oqcharloqlar endi unga ortiq qarab turolmadilar.
— Jonatan, — dedi Chiang, va bu uning so‘nggi kalomi edi, — Muhabbat nimaligini
anglashga harakat qil.
Oqcharloqlarning qamashib qolgan ko‘zlari yana ko‘ra boshlaganda Chiang g‘oyib bo‘lgan
edi.
Kunlarni quvib kunlar o‘tardi. Jonatan keyingi paytda Yer haqida, o‘zi uchirma bo‘lgan
o‘sha makon — Zaminni tez-tez o‘ylayotganini payqadi. Bu joyda bilganlarining o‘ndan
bir, hatto yuzdan bir qismigina o‘sha paytda — Yerdaligida unga ma’lum bo‘lganida edi
— umrining yerda kechgan pallasi naqadar mazmunli va samarali o‘tgan bo‘lardi! U
qumloqda o‘tirib o‘y surardi: qiziq, hozir u yoqda, Yerda o‘zining cheklangan tug‘ma
imkoniyatlari doirasini yorib chiqishga, parvoz mohiyatini anglashga, o‘ziga ato etilgan
qanotlar dengizdagi kemaga uchib borish va undagi baliqning ichak-chavoqlariyu
yug‘indiga qorishib yotgan non bo‘laklariga chang solishdan boshqa ishga ham yarashini
tushunishga intilgan Oqcharloq bormikan. Ehtimol, u yoqda hatto To‘daga o‘zining
haqiqat deb bilgan to‘g‘ri so‘zini oshkora aytib, quvg‘inga uchragan birorta qush bordir.
Jonatan ezgulik ilmini chuqur egallagani, mehr-muhabbat mohiyatini aniq-tiniq idrok eta
boshlagani sayin Yerga qaytishga xohishi ortib borardi. Zero, umr yo‘li yolg‘izlikda
o‘tganiga qaramay, Oqcharloq Jonatan murabbiy bo‘lish uchun yaralgan edi. U qalbini
to‘ldirgan mehr-muhabbatni, o‘zi ming mashaqqatlar bilan anglab yetgan haqiqatlarni
bilimga chanqoq va ularni egallashning imkonini qidirayotgan oqcharloqlarga berishni
ko‘zlardi.
Bu paytga kelib fikr tezligida uchish san’atini to‘la-to‘kis egallagan va boshqalarga ham
allaqachon ko‘maklashayotgan Salliven Jonatanning niyatlarini ma’qullamadi. U
Jonatanga shunday dedi:
— Jon, seni bir paytlar Quvg‘inga hukm qilgandilar. Endi sen nimaga ishonib o‘sha
oqcharloqlar hozir gapimga quloq tutishadi, deb o‘ylaysan? Sen shunday hikmat borligini
bilasan va uning haqqoniyligiga ishonasan: oqcharloq qancha baland uchsa, shuncha
uzoqni ko‘radi. Sen tark etgan o‘sha oqcharloqlar yer bag‘irlab ivirsib, bir-biriga baqirib-
chaqirib, tortishib-yulishib yurishibdi. Ular Falakdan minglab mil quyida yashashadi, sen
esa ularga Falakni — o‘sha yoqdan, yerdan turib ko‘rsataman, deb o‘ylaysan! Axir ular
qanotlarining uchidan narini ko‘rolmaydilar-ku! Shu yerda qol, sen shu yerda keraksan.
Oqcharloq Jonatan Livingston (rivoyat-qissa). Richard Bax
|
| |