|
Microsoft Word oqcharloq ziyouz com docBog'liq Jonatan Livingston-Oqcharloq(Kutubxona)www.ziyouz.com kutubxonasi
17
Har gal muvaffaqiyatsizlikka uchraganda Fletcherning fig‘oni falakka chiqardi. Uning
nazarida yuqori nuqtadan qulab tushish, quyiga chirpirak bo‘lib ketishdan ortiq fojea
yo‘q edi. Bu safar, ustozidan yuz futlar quyida u sharmandali ag‘nab ketishdan o‘zini
zo‘rg‘a o‘nglab oldi. Havodan to‘yib simirdi va ko‘tarilib ustoziga tenglashdi.
— Jonatan sen men uchun vaqtingni behuda sarflayapsan! Men iste’dodsiz,
kallavaramman! Urinaveraman, urinaveraman, biroq biror-bir natijaga erisholmayman!
Oqcharloq Jonatan unga boshdan-oyoq razm soldi va bosh silkib dedi:
— Sen haqsan. Agar shiddatli sho‘ng‘ishdan shunday keskin harakat bilan chiqadigan
bo‘lsang hech narsaga erisholmaysan. Fletcher, sen boshidayoq qirq mil tezlikni yo‘qotib
qo‘yding! Sho‘ng‘ishdan bir tekis parvoz qilib chiqiladi. Sen uchmasliging, balki suvday
oqishing kerak! Keskinlik bilan oquvchanlikni uyg‘unlashtirishing zarur. Tushundingmi?
U pastga, shogirdi yoniga sho‘ng‘idi.
— Kel-chi, birgalikda — bir bo‘g‘in bo‘lib mashq qilaylik. Sho‘ng‘ishdan chiqishga — bir
tekis va yengil chiqishga diqqatingni qarat...
Oradan uch oy o‘tdi. Jonatanning shogirdlari yana oltitaga ko‘paydi. Oltovi ham
Quvg‘indilar edi va barchasi g‘aroyib yangi g‘oyaga — parvoz quvonchini his etish uchun
uchishga behad intiyoqmand edi...
Albatta, ular uchun o‘ta murakkab amaliy usullarni o‘zlashtirish bu mashqlarning nimaga
kerakligini tushunib yetishdan ko‘ra xiyla oson edi.
Shom pallasida qumloq sohilda Jonatan ularga shunday derdi:
— Har birimizda Buyuk Oqcharloq g‘oyasi mujassam — bu har qanday to‘siqlardan xoli
mutlaq ozodlik g‘oyasi. Shuning uchun ham parvozda aniqlik va mukammallikka erishish
— botinimizdagi haqiqiy mohiyatni kashf etish va namoyon qilish yo‘lidagi ilk qadam. Bu
yo‘lda to‘siq bo‘ladigan narsalardan xalos bo‘lish zarur. Katta tezlikda uchish, tezlikni
me’yorida saqlash, yuksak parvoz sirlarini egallash — mashqlarning muhim jihati
shunda...
... Kunduzgi mashqlardan toliqqan shogirdlari bu payt mizg‘iy boshlashardi. Ularga
amaliy mashg‘ulotlar xush kelar — tezlikning zavqi qiziqtirar, har bir navbatdagi
mashg‘ulot ilmga bo‘lgan chanqoqlikni qondirardi. Biroq ulardan birortasi, hatto
Oqcharloq Fletcher Lind ham, hali fikriy parvoz realliklarini anglab yetmagan edi. Ular
hali fikr, g‘oya parvozi shamol va qanotlar parvozi kabi reallik ekanini tasavvur qila
olishmasdi.
— Vujudingiz — bir qanotingiz uchidan ikkinchisining uchigacha, — deya qayta-qayta
takrorlardi Jonatan, — bu sizning muayyan shaklda mujassamlashgan, ko‘zingizga
yaqqol ko‘rinadigan o‘z tafakkuringizdir. Fikringizga band soladigan zanjirlarni uzing va
shunda siz vujudingizni band etgan zanjirlardan ham qutulasiz...
Biroq bu so‘zlarga u qanchalik ma’no va quvvat jo etmasin, shogirdlariga sehrli ertakday
tuyulardi. Ayni damlarda ular uxlashga va orom olishga mushtoq bo‘lishardi...
Oradan atigi bir oycha vaqt o‘tganiga qaramay, Jonatan ularga To‘daga qaytib borish
fursati yetganini aytdi.
— Biz hali tayyor emasmiz! — e’tiroz bildirdi Oqcharloq Genri Kevin. — Qolaversa, biz
hech kimning ko‘zidan uchib turganimiz yo‘q! Biz — Quvg‘indilarmiz! Chaqirilmagan
joyga borishga or qilamiz. To‘g‘rimasmi, axir?
— Biz ozod qushlarmiz — qaerga borish xohish-irodamizga bog‘liq va qaerda bo‘lmaylik
o‘z aslimizcha qolishga haqlimiz. — Shunday deb Jonatan havoga ko‘tarildi va sharqqa
— To‘da istiqomat qiladigan qadrdon qirg‘oqlar tomon burildi.
Shogirdlari esa bir necha daqiqa nima qilishni bilmay sarosimalanib turishdi.
To‘da qonuni qat’iy edi: Quvg‘indi ortiga qaytmasligi shart. Va keyingi o‘n ming yil
Oqcharloq Jonatan Livingston (rivoyat-qissa). Richard Bax
|
| |