|
Microsoft Word oqcharloq ziyouz com docBog'liq Jonatan Livingston-Oqcharloq(Kutubxona)www.ziyouz.com kutubxonasi
13
allaqachon uchib borganingga o‘zingni ishontirishing zarur.
Bu ustomonlikning, Chiangning uqtirishicha, mohiyati shundan iborat ediki, Jonatan
o‘zining jonzotligini, uzunligi qirq ikki dyumli qanotlari bor tanasiga o‘zi asir ekanini va
rejalashtirilgan chegarali harakat ko‘lamidan chetga chiqolmasligini unutmog‘i lozim edi.
Jonatandan, shuningdek, o‘zining tabiatan va mohiyatan kamolga yetganini, makon va
zamonda — hamma vaqt va hamma joyda o‘zining mavjudligini anglamoq talab etilardi.
Jonatan tong otgandan kun botguncha tinimsiz mashq qilar, bir zum qarab turmasdi.
Biroq qanchalik ter to‘kib mashq qilmasin, turgan joyidan bir qarich ham jila olmadi.
— E’tiqodning bunga aloqasi yo‘q, — deya takrorlashdan charchamasdi Chiang, — uni
yodingdan chiqar. Shunchaki parvoz qilganingda ham birgina e’tiqodning o‘zi bilan
uzoqqa borolmaysan... Bu amalda qanday qilinishini bilishing shart. Shuning uchun, kel,
yana bir marta urinib ko‘ramiz...
Bir kuni Jonatan qirg‘oqda ko‘zlarini yumib, diqqatini bir nuqtaga jamlashni mashq
qilardi. Shunda favqulodda hammasini lahzada anglab yetdi — bu yarq etib chaqnagan
chaqmoqday ro‘y berdi — Chiangning bergan saboqlarini tushundi.
— Ha-ya, men allaqachon kamolga erishganman, men aslida komil edim! Hech qanday
kuch meni cheklangan doirada majbur qilib ushlab turolmaydi, chunki tabiatimga ko‘ra
mening imkoniyatlarim cheku chegarasiz.
U vujudida ishonchdan tug‘ilgan quvonchning qudratini his qildi.
— Yasha! — dedi Chiang va uning ovozida g‘alabadan masrurlik ohangi ustuvor edi.
Jonatan ko‘zlarini ochdi. Ular ikkovlon — Ulug‘ Ustoz va Jonatan mutlaqo notanish
qirg‘oqda turishardi. Yonlarida biror-bir jonzot yo‘q edi. Suvning kanorigacha tushib
kelgan daraxtlarning uchida bir juft oltin tusli quyosh porlardi.
— Xayriyat, nihoyat maqsadni anglab yetding, — dedi Chiang, — biroq ongingni
boshqarish ustida yana biroz shug‘ullansang yomon bo‘lmasdi...
Jonatan hayratga tushgandi:
— Biz qaerdamiz?
Ulug‘ Ustoz esa boshqa joyda hozir bo‘lganidan, o‘zga shart-sharoitdan hecham
ajablanmasdi. Shu bois, u odatdagiday bemalol javob qildi:
— Aftidan, boshqa bir sayyoradamiz, Quyoshning o‘rnida — bir juft yulduz.
Jonatan quvonchini ichiga sig‘dirolmay qichqirdi — bu uning Yerni tark etganidan beri
birinchi xitobi edi:
— AMALGA OShDI!!!
— Albatta, Jon, amalga oshishi tabiiy, — dedi Chiang. — Nima qilayotganingni bilib,
tushunib qilsang, doimo amalga oshadi. Endi ongni boshqarish va nazoratni mashq
qilamiz...
Ular qaytib kelishganida qosh qoraygan edi. Oqcharloqlar qirg‘oqda tizilishib turishar va
Jonatandan ko‘zlarini uzolmasdi. Ularning havasdan chaqnab turgan ko‘zlarida hayrat
qotib qolgandi: oqcharloqlar uni uzoq vaqt toshday qotib turgan joyidan bir zumda
g‘oyib bo‘lganini ko‘rishgan edi.
Ular Jonatanni qutlay boshlashgandi, biroq u tabriklarni qabul qilishga iymandi.
— Men bu joyda hali yangiman, men endi boshlayapman... Hali men sizlardan ko‘p
narsani o‘rganishim kerak.
— Taqdirning hazilini qara, Jon, — dedi yonida turgan Chiang, — aftidan, sen
yangilikdan umuman cho‘chimaydigan ko‘rinasan, biroz cho‘chisang ham sezdirmaysan,
men o‘n ming yil mobaynida senga o‘xshagan qushni juda kam uchratdim.
Oqcharloq Jonatan Livingston (rivoyat-qissa). Richard Bax
|
| |