|
Tabiatning estetik jihatlari
|
bet | 136/193 | Sana | 29.05.2024 | Hajmi | 2,19 Mb. | | #256562 |
Bog'liq Muhandislik-texnologiyaTabiatning estetik jihatlari. Darhaqiqat estetik go‘zalliklarning xilma-xil ko‘rinishilari orasida tabiat go‘zalligi inson uchun hammadan ko‘ra yaqinroq va tushunarliroqdir. Tabiat bilan yaqin bodishga ichki bir intilish, undagi go‘zallik, nafosat olamiga oshno bo‘lish barcha uchun xosdir. Tabiat butun tabiiy xilma-xilligi bilan bizni o‘rab turgan dunyo demakdir. Jonli va jonsiz tabiat o‘zining murakkab qonunlari asosida yashaydi va rivojlanadi.
Tabiat estetikasi insonga tabiiy go‘zallik va uyg‘unlikni ko‘rish va qadrlashni o‘rgatadi. Tabiatdagi har bir hodisaning go‘zal va takrorlanmasligini sezish mumkin. Inson tabiatdagi go‘zallikni avvalo ko‘rish orqali idrok etadi, uni tabiatdagi ranglar va shakllarning uyg‘unligi, tabiiyligi zavqlantiradi. Masalan, bahorda olamning gulga burkanishi, yozda o‘rmonlarning yashillika burkanishi, kuzda esa olovdek tovlanishi, barglarning qizg‘ish rangi, qishda oppoq qorga burkangan qir-adirlar barchaga estetik zavq beradi.
Tabiat go‘zalligini his etish va idrok etish uchun uning uch jihatini tushunish lozim. Bu tabiiy organizmning o‘ziga xos tuzilishi, uzaro mutanosibligi, doimiy harakatda, rivojlanishda bo‘lgan jonli organizmning o‘ziga xos xususiyatini, tabiiy obektlarga xos bo‘lgan dekorativ go‘zallik, masalan, kapalak qanotlari, yoki tovus patlaridagi ajib bir uyg‘unlik va go‘zallikni ajrata bilish lozim. Bu ayniqsa san’at orqali yetkazib beriladi.
Tabiat estetikasi tabiatni sevishni, uning go‘zalligiga beg‘araz munosabatda bo‘lishni o‘rgatadi, ya’ni tabiatni faqat odamlar uchun yaratilgan deb emas, uni jamiyatdan tashqaridagi umumolamiy mustaqil qadriyat sifatida idrok etishni taqozo qiladi.
Ekologik estetika. Globallashuv jarayonida yangi estetik qadriyatlar qaror topib bormoqda. Bu insonning tabiatga va jamiyatga bo‘lgan munosabatida aks etadi. Hegelning, tabiatda ideal yo‘q, shu sababli u ikkinchi darajali go‘zallik turi, degan fikri estetikada hukmronlik qilib keldi, ayniqsa, bu fikr tabiatni «bo'ysundirishni» targ‘ib qilgan marksizm ta'limotida keng e'tirof etildi. Natijada uzoq yillar mobaynida tabiat estetikasiga e'tibor qaratilmadi. Biz me'moriy obidalarni asrash, tiklash haqida qayg‘urdik, ularni estetik qadriyatlar deb e’lon qildik, lekin landshaft estetikasini chetga chiqarib qo'ydik.
Hozirgi kunda shu narsa aniq boldiki, tabiatni eng ulug‘ va mangu estetik qadriyat deb bilmaslik borib turgan estetik savodsizlikdir. Aniqrog'i, bugun tabiatsiz estetikani tasavvur qilish mumkin emas. XXI asrda olamni bilish, voqelikni estetik o‘zlashtirish bilan bir qatorda uni qadriyat sifatida e’zozlashga alohida e’tibor berilmoqda. Endilikda odamlarning yaratuvchanIk faoliyati yuksalishi barobarida estetik qadriyatlarga nisbatan munosabati tubdan o‘zgarmoqda. Bu o‘z navbatida inson mohiyatan eng oliy qadriyat ekanligi, inson manfaatlarining ustuvorligini ta'minlash barcha islohot va evrilishlarning bosh maqsadiga aylanganligi bilan belgilanadi.
Insoniyatni o‘rab turgan borliq, tabiiy va ijtimoiy atrof-muhit, tirik va notirik tabiatning eng muhim tomonlarini ifodalaydigan qadriyatlar umumbashariy xususiyatga egadir. Bunday qadriyatlar jamiyat uchun hech qachon o‘z ahamiyatini yo'qotmaydigan, abadiy, mutlaq va muqaddas qadriyatlardir.
Tabiat muqaddas bir dargoh, inson ko‘z ochib ko‘rgan dunyo, ona zamin, insoniyatning umumiy uyi. Shunday ekan uni avaylab-asrash, atrof-muhitning ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik, umumdavlat, umuminsoniyat ishidir. Ekologik muammoni hal etish barcha xalqlarning manfaatlariga mos bo‘lib, sivilizatsiyaning hozirgi kuni va kelajagi ana shu muammoning hal qilinishiga bog‘liqdir. Bu esa odamlarning, xalqlar va millatlarning ma’naviyatini yuksaltirish, tabiatga estetik munosabatini shakllantirishni taqozo etadi. Negaki voqelikka estetik munosabatda bo‘lish tabiatga bo‘lgan muhabbatdan boshlanadi. Tabiat uning o‘zini gavdalantiruvchi barcha san’at turlari uchun bitmastuganmas shakllar manbayi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.
|
| |