|
Muhandislik-texnologiya
|
bet | 138/193 | Sana | 29.05.2024 | Hajmi | 2,19 Mb. | | #256562 |
Bog'liq Muhandislik-texnologiyaEstetik hissiyot hayot hodisalarini yoki san’at asarlarini estetik idrok etish jarayonida paydo bo‘ladi.
Estetik hissiyot shu idrok yuzaga keltiradigan o‘ziga xos kechinmadan iborat bo‘lib, go‘zallikni va yuksaklikni, fojiaviylik yoki kulgililikni his qilish sifatida yuz beradi. Insonning hayotga estetik munosabati nozik hissiyot tarixiy taraqqiyot mahsulidir. U jamiyat estetik ongining darajasini aks ettiradi.
Estetik did turli estetik hodisalarga nozik baho berish, avvalo, chiroylilikni, go‘zallikni xunuklikdan, jirkanchlikdan farq qila bilish qobiliyatidir. San’at asarlariga baho beriladigan hollarda estetik did badiiy did ham deb ataladi. Yaxshi estetik did chinakam go‘zallikdan lazzat ola bilish, mehnatda, turmushda, yurish-turishda, san’atda go‘zallikni idrok etish va yaratishga ehtiyoj sezish demakdir. Aksincha, yomon estetik did insonning voqelikka estetik munosabatini buzadi, chinakam go‘zallikka uni loqayd qilib qo‘yadi, ba’zan esa hatto shunga olib keladiki, inson xunuk narsadan lazzat oladigan bo‘ladi. Rivojlangan estetik didni shakllantirish — estetik tarbiyaning eng muhim vazifalaridan biridir.
Ta’lim-tarbiyaning boshqa shakllari kabi estetik tarbiya ham o‘z diqqat-e’tiborini yakka odamga va ijtimoiy guruhga qaratadi. Estetik tarbiya umuminsoniy va milliy qadriyatlarni qaror toptirishga xizmat qiladi. Ayonki, tarbiya inson ongiga, his-tuyg‘ulariga, tasavvurlariga, e’tiqodiga, dunyoqarashiga, xatti-harakatlariga, xulq-atvoriga ta’sir o‘tkazishni o‘z oldiga maqsad va vazifa qilib qo‘yadi.
Estetik tarbiya ham ana shu umumiy maqsad va vazifaning tarkibiy qismi sifatida amal qilib, ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik hodisani anglatadi. Shuni ta’kidlash lozimki, qadimgi dunyoda umuman tarbiya maqsadi estetik asosda namoyon bo‘lgan. Masalan, qadimgi yunonlarda estetik tarbiya maqsadi fuqarolarni har tomonlama rivojlanishga, «ruh va badan» hamohangligini qaror toptirishga yo‘naltirilgan edi.
Aflotun va Arastu kabi zabardast mutafakkirlar ta’limotlarida estetik tarbiya tizimining bir-biridan farqli tomonlari bo‘lgani holda umumiylik ham mavjud bo‘lib, u yagona estetik orzuni qaror toptirishga, yagona axloqiy xulq-atvor va fuqarolik xislat-fazilatlarni shakllantirishga xizmat qilgan edi.
Bugungi kunda estetik tarbiyaning ahamiyati yanada ortib bormoqda.
Birinchidan, mustaqillik sharoitida inson omili ortib bormoqda, hayotning barcha jabhalarida faoliyat ko‘rsatayotgan insonlarning ezgu xislat-fazilatlari, ongliligi, faolligi, ijodiy qobiliyatlari o‘smoqda.
Ikkinchidan, O‘zbekiston aholisining ko‘pchiligining umumiy madaniyati yuksalib borishi jarayonida yangi texnika va texnologiyalar, ishlab chiqarishni tashkil qilish ishi tobora takomillashib boryapti.
Uchinchidan, yangi ishlab chiqarish munosabatlari, bozor iqtisodiyotining keng o‘rin egallab borayotganligi, qonunchilikning yanada rivojlanib, amal qilayotganligi fuqarolarning umumiy madaniyati, ayniqsa, estetik madaniyati darajasining yuksalib borishini taqozo etmoqda.
To‘rtinchidan, hozirgi davr ilmiy-texnika inqilobi sharoitida elektronika, avtomatika, kibernetika, informatika kabi fanlar ishlab chiqarish sohasini tubdan qayta qurishga imkoniyatlar yaratib berayapti. Bu hol ishlab chiqarishda band bo‘lgan odamlarning ruhiy holatining ham tubdan o‘zgarishini, ijtimoiy-ruhiy, axloqiy-estetik saviyasini oshirishni taqozo etmoqda.
Beshinchidan, radio, matbuot, ayniqsa, «oynai jahon» kabi ommaviy axborot vositalarining turmushdan keng o‘rin olishi natijasida badiiy axborot hajmining ham keskin ortib borishi estetik tarbiyaga yanada ko‘proq e’tibor berishni talab etmoqda.
Avvallari estetik tarbiya o‘ta tor va bir tomonlama talqin qilinar, ya’ni uni san’at asarlarini to‘g‘ri idrok etish, bu bilan alohida lazzatlanish yoki biror san’at turini bilib olib, muayyan badiiy ko‘nikmalarga ega bo‘lish doirasida in’ikos etilar edi.
Badiiy tarbiya estetik tarbiyaning tarkibiy qismi bo‘lib, u estetik tarbiyaning asosiy mazmuni va maqsad-yo‘nalishlarini to‘la ifodalamaydi. Badiiy tarbiyaning asosiy maqsadi munosabatlarni san’at vositalari yordamida shakllantirishdir.
Estetik tarbiya bilan badiiy tarbiyani bir-biriga tenglashtirish ham, qorishtirish ham, qarama-qarshi qo‘yish ham xato bo‘lardi. Shuni esda tutish lozimki, estetik tarbiya san’at bilan chegaralanib qolmaydi, balki uning asosiy mazmuni insonning voqelikka estetik munosabatini faollashtirish va rivojlantirishdan iboratdir.
Estetik tarbiya insonning estetik ongini shakllantirish jarayonida uni axloqiy, mehnat, ekologik jihatlardan ham tarbiyalash vazifalarini qamrab oladi.
Estetik tarbiyaning axloqiy tarbiyaga ta’siri shundaki, nafosat olami ezgulik va yaxshilikdan, beg‘arazlikdan ajralmagan holda amal qiladi. Estetik tarbiyaning mehnat tarbiyasi bilan birlashib ketishi, mehnat jarayoni shaxsning tabiiy ehtiyojiga aylanib borishida o‘z ifodasini topadi.
Estetik tarbiya bilan ekologik tarbiya bog‘liqligi esa tabiatga beg‘araz, insoniy munosabatda bo‘lishda, jamiyat bilan tabiat o‘rtasida hamohang aloqadorlik munosabatlarini o‘rnatishda namoyon bo‘ladi.
Shunday qilib, estetik tarbiya — bu estetik jihatdan rivojlangan va ijodiy faol bo‘lgan inson shaxsini shakllantirish demakdir. Estetik tarbiya insonparvar mohiyatga, estetik orzu mos keladigan voqelikni idrok etish, baholash va nafosat qonunlari asosida qayta yaratishga qodir bo‘lgan inson shaxsini shakllantirishga mo‘ljallangan ta’lim-tarbiya sohasidir.
Estetik tarbiyaning eng muhim vositasi sifatida san’at nafaqat badiiy qadriyatlarni idrok qilish, balki ularni yaratishni ham o‘z ichiga oladi. Badiiy qadriyatlarni yaratishda jamiyat a’zolarining, ayniqsa, yosh avlodning faol ishtirok etishi muhimdir. Buning uchun esa ularda estetik did-farosat va estetik talab-ehtiyojlari rivojlangan bo‘lishi zarur.
Estetik tarbiya ijtimoiy faol, har tomonlama va hamohang rivojlangan shaxsni tarbiyalash maqsadiga xizmat qiladi. Yoshlarni har tomonlama ham aqlan, ham jismonan barkamol, axloqan yetuk, ma’naviy pok, estetik idrokli qilib tarbiyalashdek muhim va dolzarb muammolarni hal etishni taqozo qiladi.
Estetik tarbiya shaxsning estetik kamolotiga ta’sir o‘tkazadigan tashqi va ichki shart-sharoitlarga bog‘liqdir. Estetik tarbiya vositalari deb, shaxsning voqelikka estetik munosabatini rivojlantirishga xizmat qiladigan tarbiyaviy faoliyat shakllariga aytamiz. Estetik tarbiya omillari va vositalari o‘rtasidagi chegara nisbiy va shartlidir. Muayyan sharoitlarda estetik tarbiya omillari estetik tarbiya vositalari vazifasini o‘tashi va aksincha bo‘lishi ham mumkin.
Yoshlarni go‘zallikka oshno qilish, ularda hayotiy voqealarni to‘g‘ri tushunish olijanob his-tuyg‘ularni va intilishlarni shakllantirishga yordam beradi. Yoshlarda go‘zallikni idrok qilishni tarbiyalash orqali ularda boshqa kishilarning kechinmalarini his eta bilish, kishilarning xursandchiliklariga sherik bo‘lish, qayg‘usini birga baham ko‘rish kabi xususiyatlar shakllantiriladi.
Ayrim yoshlar yasama, sun’iy «go‘zallik» bilan o‘zlarini badbashara qilib qo‘yadilar, ular haqiqiy go‘zallik yuzning tabiiy latofatida, sodda va xushbichim kiyimda ekanini unutib qo‘yadilar. Kishining tashqi go‘zalligi kiyim ranglarining bir-biriga mos kelishida, tabiiylik va soddalikda yaqqol ko‘rinadi. Ko‘zga tashlanmagan holda husniga tabiiy latofat va nafosat beradigan, ayrim kamchiliklarini bilintirmay ketadigan ust-bosh kiygan inson ko‘rkam va go‘zaldir.
Insonning did-farosati kiyim-boshida, xatti-harakatlarida, o‘zini tuta bilishida ko‘zga tashlanadi. Samimiy, oqko‘ngil, o‘ziga talabchan, tarbiyalangan inson tashqi ko‘rinishida sun’iylik, qalbakilikni ko‘rsatuvchi biron-bir bema’nilikka yo‘l qo‘ymaydigan tarzda kiyinishga, o‘zini shunga munosib tutishga harakat qiladi. Didli-farosatli kishi hamisha ana shu qiyofani saqlab qoladi. Tashqi qiyofaga e’tibor berish ichki, ma’naviy go‘zallikning ifodasi hisoblanadi.
Estetik taraqqiyot shaxsning estetik ongi va estetik faoliyatining shakllanishi va takomillashuvida uzoq vaqtni talab etadigan jarayondir. Shaxsning estetik taraqqiyoti ijtimoiy-tarixiy va estetik tajribani ijodiy o‘zlashtirish natijasida yuzaga keladi. Bu har xil yo‘llar va shakllar orqali amalga oshiriladi. Shaxsning estetik jihatdan rivojlanishida ta’lim va tarbiya hal etuvchi rol o‘ynaydi.
|
| |