I.2. Syujet va uning turlari




Download 55,43 Kb.
bet4/8
Sana16.01.2024
Hajmi55,43 Kb.
#138280
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
romanda syujet (2)

I.2. Syujet va uning turlari
Syujetlilik badiiy adabiyotning xos xususiyatlaridan biri bo`lib, barcha turdagi badiiy asarlarda ham sujet mavjuddir. Faqat shunisi borki, har bir turda, janrda sujet o`ziga xos tarzda namoyon bo`ladi. Masalan, aksariyat lirik she'rlarda voqealar tizimi mavjud emas, biroq ularda o`y-fikrlar, his-kechinmalar rivoji kuzatiladiki, bu ularning sujetini tashkil qiladi. Shuningdek, ba'zan kichik hajmli hikoya va novellalardagi sujet ham "voqealar tizimi" degan ta'rifga muvofiq kelmaydi: bunda bir hayotiy holat ichidagi o`sish, rivojlanish kuzatiladi (Mas.: Cho`lponning "Taraqqiy", A.Qahhorning "Bemor" hikoyalari). Shu xil holatlarni ko`zda tutgan holda adabiyotshunoslikda voqeaband sujet va voqeaband bo`lmagan sujet turlari ajratiladi. Yana shuni aytish kerakki, ayrim adabiyotshunoslar (mas., G.Pospelov) fikricha, sujet epik hamda dramatik asarlarga xos bo`lib, lirik asarlar sujetga ega emas. Boshqalar sujet deb atagan lirik asardagi o`y-fikrlar, his-kechinmalar rivojini ular kompozitsiya bilan bog`lab tushuntiradilar. Ya'ni, bu o`rinda lirik asar kompozitsiyasi sujet (voqealar tizimi) o`rnini bosadi, o`y-kechinmalarni muayyan tartibda uyushtiradi. Bu xil qarashning qulayligi shundaki, u ishda terminologik chalkashliklardan qochishga, "sujet" deganda asarda tasvirlangan voqealar tizimini tushunishga imkon beradi. Kursimiz davomida biz ham shu xil qarashdan kelib chiqamiz va "sujet" deganda ko`proq epik va dramatik asarlarga xos bo`lgan sujetni, voqealar tizimini tushunamiz.
Mavjud darslik va qo`llanmalarda sujetga M.Gorkiy tomonidan berilgan ta'rif keltiriladiki, unga ko`ra sujet "u yoki bu xarakterning, tipning tarixiy rivojlanishi, tashkil topib borishidir". Biroq, ma'lumki, barcha badiiy asarlarda ham xarakter rivojlanishda, o`sish va shakllanishda ko`rsatilmaydi. Misol uchun A.Qahhorning mashhur "O`g`ri" hikoyasini olib ko`raylik. Ma'lumki, bu hikoyada xarakterlar tayyor holda beriladi, voqea davomida rivojlanmaydi, - sujet bu o`rinda voqeaning ichki rivojini namoyon etadi, xolos. Demak, M.Gorkiyning sujetga bergan ta'rifi universal bo`lolmaydi, u ayrim tipdagi asarlarga (mas.,"Qutlug` qon","Kecha va kunduz") nisbatangina to`g`ri keladi. Modomiki biz "sujet" deganda epik va dramatik asarlarga xos sujetni nazarda tutarkanmiz, unda sujet asardagi "bir-biriga bog`liq voqealar tizimi" yoki "konkret holat, bitta voqeaning ichki rivoji sifatida tushunilgani to`g`riroq bo`ladi. Shu bilan birga, sujet voqealari davomida personajlar xarakterining ochilishi, shakllanishi ham bor narsa. Faqat bunga sujetning badiiy asardagi funksiyalaridan biri sifatida qarash haqiqatga yaqinroq, uni sujetning mohiyati sifatida tushunish xatodir.
Sujetning badiiy asardagi funksiyalari haqida so`z ketganda, avvalo, uning asar problemasini badiiy tadqiq etishga imkon beradigan hayot materialini uyushtirib berishini aytish kerak. Demak, sujet asarda mavzuni shakllantirgani holda, uning qanday bo`lishi mazmunga, muallifning ijodiy niyatiga bog`liq bo`lib qoladi. Masalan, A.Qodiriy "O`tkan kunlar" uchun tanlagan sujetda Otabekning Toshkentdan, Kumushning Marg`ilondan bo`lishi – ijodiy niyat ijrosi uchun eng maqbul (optimal) variant. Negaki, romanning o`zagi bo`lmish "ishqiy-maishiy" sujet chizig`ining Toshkent – Marg`ilon orasida kechishi yozuvchiga o`zini o`ylatgan problemalar tadqiqi uchun zarur voqealarni asarga olib kirish imkonini yaratadi. Jumladan, Otabekning dor ostiga borishi, Toshkent isyoni, qipchoq qirg`ini kabi voqealar asarga hech bir zo`rakiliksiz, o`quvchi xayolini band etgan Otabek – Kumush liniyasiga uzviy bog`langan holda olib kiriladi va, muhimi, ular adibga shaxs erki, millat erki, millat taqdiri muammolarini atroflicha badiiy tadqiq qilish, fikrlarini ifodalash imkonini yaratadi. Ko`rinadiki, sujetning badiiy asardagi eng muhim funksiyasi – badiiy konsepsiyani shakllantirish va ifodalashga xizmat qilishida namoyon bo`lar ekan.7
Badiiy asar sujeti personajlarning "harakat"laridan tarkib topadi. Ma'lumki, keng ma'noda "harakat" so`zi vaqt birligi davomida kechuvchi har qanday jarayonni anglatadi. So`zning biz ishlatayotgan maxsus ma'nosi ham mohiyatan shunga yaqin: "harakat" istilohi ostida personajlarning makon va zamonda kechuvchi xatti-harakatlari ham, ruhiyatidagi o`y-fikrlar, his-kechinmalar rivoji ham tushuniladi. Demak, "harakat"ning o`zi ikki turli ekan. Shunga muvofiq, bu harakat tiplaridan qaysi biri yetakchilik qilishiga qarab sujetning ikki turi ajratiladi: a) "tashqi harakat" dinamikasiga asoslangan sujet va b) "ichki harakat" dinamikasiga asoslangan sujetlar.
Tashqi harakat dinamikasiga asoslangan sujetlarda personajlarning muayyan maqsad yo`lidagi xatti-harakatlari, kurash va to`qnashuvlari, hayotidagi burilishlar tasvirlanadi, shu asosda ularning taqdirida, ijtimoiy mavqeida muayyan o`zgarishlar yuz beradi. Sodda qilib aytsak, bu xil sujetli asarlarda voqea to`laqonli tasvirlanadi, u o`z holicha ham badiiy-estetik qimmat kasb etadi. Kelib chiqishi jihatidan sujetning bu turi qadimiyroq, xalq og`zaki ijodidagi sehrli ertaklar, rivoyatlar, dostonlar, shuningdek, mumtoz she'riyatimizdagi dostonlarning ham shu xil sujetga egaligi buning dalilidir. Zamonaviy o`zbek nasrida ham sujetning bu tipi kengroq tarqalgan: "O`tkan kunlar", "Mehrobdan chayon", "Kecha va kunduz", "Qutlug` qon", "Sarob" – bularning barida tashqi harakat dinamikasi yetakchilik qiladi. Ayni paytda, bu asarlarda "ichki harakat" dinamikasi ham kuzatiladi, biroq u mavqe jihatidan sujet tipini belgilashga ojizlik qiladi. Sujetning ikkinchi tipiga asoslangan asarlar adabiyotimizda ancha keyin, 80-yillardan boshlab maydonga kela boshladi. Hozircha, sujetning mazkur navi nasrning kichik shakllarida, shuningdek, bir qator dramatik asarlarda (masalan, Sh.Boshbekovning "Taqdir eshigi", "Eshik qoqqan kim bo`ldi" pesalari) sinab ko`rildi. Xususan, A.A'zamning "Bu kunning davomi", "Asqartog` tomonlarda" nomli qissalarida voqealar o`z holicha emas, personaj ruhiyatidagi jarayonga turtki berishi jihatidan ahamiyat kasb etadi. Asar davomida personajlar hayotida, taqdirida yoki ijtimoiy holatida emas, uning ruhiyatidagina burilishlar, o`zgarishlar sodir bo`ladi.
Badiiy asarda tasvirlangan voqealar bir tizimga bog`lanar ekan, ular orasida asosan ikki turli munosabat kuzatiladi. Sujetdagi voqealarning o`zaro munosabatiga ko`ra xronikali va konsentrik sujet turlari ajratiladi. Xronikali sujetda voqealar orasida vaqt munosabati (A voqea yuz berganidan so`ng B voqea yuz berdi) yetakchilik qilsa, konsentrik sujet voqealari orasida sabab-natija munosabati(A voqea yuz bergani uchun B voqea yuz berdi) yetakchilik qiladi. Kelib chiqishiga ko`ra xronikali sujetlar qadimiyroq sanaladi. Xronikali sujet qahramon taqdirini davriy izchillikda, uning xarakterini rivojlanishda ko`rsata olishi jihatidan ustunlik qiladi. Shu bois ham katta epik asarlarda ko`proq xronikali sujet qo`llaniladi. Sujetning mazkur turi epik ko`lamdorlikni ta'minlashga ham katta imkon yaratadi. Zero, bunda asosiy sujet bilan yondosh holda yordamchi sujet chiziqlarini ham yurgizish, juda katta hayot materialini qamrab olish imkoniyatlari mavjud. Xronikali sujetda asarning "badiiy vaqt"i istalgancha kengaytirilishi mumkin: unda "parallel vaqt"da kechayotgan voqealarni tasvirlash, retrospeksiya usulidan – zamonda ortga qaytish usulidan foydalanish imkoniyatlari ancha keng. Shunindek, xronikali sujetga qurilgan asarga sujetdan tashqari unsurlar, muallif mushohadalari, tafsilotlarni tabiiy ravishda kiritish, badiiy matnga singdirib yuborish mumkin. Sanalgan xususiyatlarni, masalan, S.Ayniyning "Qullar", P.Qodirovning "Yulduzli tunlar" asarlarida kuzatish mumkin bo`ladi.8
Konsentrik sujet voqealari bitta asosiy voqea tegrasida aylanishi bilan xarakterlanadi. Xronikali sujetdan farq qilaroq, bunda voqealar yetakchiligi kuzatiladi. Sababi, konsentrik sujet konflikt asosida sujetning shiddat bilan rivojlanishini, uning yechimga tomon intilishini taqozo qiladi. Sujetning bu turi badiiy asar qurilishining mukammal, asarning o`qishli va qiziqarli bo`lishiga imkon beradi. Ya'ni, bu xil sujet o`quvchi diqqatini bitta nuqtada tutib turadi, o`qish jarayonidagi faolligini oshiradi. Buning yorqin misoli sifatida detektiv asarlarni ko`rsatish mumkin. Detektiv asarlarning aksariyatida sujet voqealari konkret hodisa atrofida aylanadi, o`quvchi xayolini shu hodisaning sabablarini, qay tarzda yuz bergani bilish istagi egallaydi, bu savollarga o`zicha javob izlaydi, o`zi topgan javobning qay darajada to`g`riligini bilmoqchi bo`ladi – bularning bari o`quvchini asarga bog`laydi qo`yadi. Konsentrik sujet nisbatan qisqa vaqt ichida kechgan voqealarni qamrashi, yondosh sujet chiziqlarini kiritish imkoniyatlarining kamligi bilan ham xarakterlanadi. Sanalgan xususiyatlarni O.Yoqubovning "Muqaddas", "Billur qandillar", "Ulug`bek xazinasi" kabi asarlari misolida kuzatish mumkin.
Aytish kerakki, sujetlarni yuqoridagicha ikki turga ajratilsa-da, bu ikki turga xos xususiyatlar ko`proq aralash holda zuhur qiladi. Zero, xronikali sujet voqealari orasida sabab-natija (oldin yuz bergan voqea keyin yuz bergan voqeaga qisman sabab bo`lib keladi) munosabati, kontsentrik sujet voqealari orasida vaqt munosabati (natija sababdan keyin keladi) kuzatilishi tabiiy. Demak, konkret asardagi sujet tipini belgilashda mazkur munosabatlarning qaysi biri yetakchi mavqega egaligi e'tiborga olinishi lozim. Ba'zan asarda har ikki tipdagi sujet xususiyatlari uyg`un holda namoyon bo`ladi va ayni shu uyg`unlik uning jozibasini ta'minlagan muhim omil bo`lib qoladi. Xususan, A.Qodiriyning "O`tkan kunlar", Cho`lponning "Kecha va kunduz" romanlarida shu xil uyg`unlikni ko`ramiz. Har ikki romanda ham xronikalilik yetakchi bo`lgani holda, konsentrik sujet xususiyatlaridan maksimal foydalanilganki, bu o`rinda qorishiqlik har ikki tipga xos eng yaxshi jihatlardan foydalanish asosida asarning badiiy mukammal bo`lishiga xizmat qiladi.
Badiiy asar sujetidagi ekspozitsiya sujetning boshlanish qismi bo`lib, o`quvchini asar voqealari kechadigan joy, qahramonlar, asar konflikti yetilgan shart-sharoitlar bilan tanishtiradi. Aytish kerakki, ekspozitsiya hajm e'tibori bilan turlicha bo`lishi va asarning turli o`rinlarida kelishi, ba'zan umuman tushirib qoldirilishi mumkin. Masalan, "Mehrobdan chayon"da ekspozitsiya juda katta o`rinni - xondan sovchilar kelgunga qadar bo`lgan epizodlarni o`z ichiga olsa, "Qutlug` qon"da u juda qisqa va tugundan keyin beriladi, "Qo`shchinor chiroqlari"da esa ekspozitsiya umuman tushirib qoldiriladi.
Ekspozitsiyadan farqli o`laroq, tugun sujetning zaruriy elementi sanaladi, ya'ni u sujetda har vaqt hozirdir. Faqat ayrim hollarda, xususan, ba'zi xronikali sujetlarda, shuningdek, "ichki harakat" dinamikasi asosidagi sujetlarda u yetarlicha bo`rtib ko`rinmasligi mumkin. Tugun, odatda, asarning boshlanishida, ekspozitsiyadan keyinoq beriladi. Ba'zan, muayyan badiiy-estetik maqsadni ko`zda tutgan holda, uning o`rni o`zgartirilishi ham (masalan, "O`tkan kunlar" romanida Otabek bilan Kumushning daf'atan uchrashib qolishi – asarning tuguni, biroq bu voqea birinchi bo`lim nihoyasida bayon qilinadi) mumkin. Shunisi ham borki, ba'zi katta hajmli asarlar sujetida bir emas, bir nechta tugunga duch kelishimiz ham mumkin. Masalan, "Kecha va kunduz"da Akbaralining Zebiga sovchi qo`yishi bitta tugun bo`lsa, Miryoqubning Maryamga ishqi tushgani ikkinchi tugunni tashkil qiladi. Bundan anglashiladiki, asarda mavjud sujet liniyalari ba'zan o`z tuguniga ega bo`lishi mumkin ekan.
Tugundan keyingi voqealar zanjiri voqea rivojidir. Odatda sujet voqealari bosqichma-bosqich rivojlantirib boriladi. Asardagi voqealar rivojining eng yuqori nuqtasi, undagi konflikt benihoya kuchaygan o`rni kulminatsiyadir. Masalan, "Mehrobdan chayon"da Anvarning xon bilan to`qnashuvi kulminatsion nuqta sanaladi. Ayni shu nuqtada qahramonning muhit bilan ziddiyati o`zining eng yuqori darajasiga ko`tariladi va o`z ifodasini topadi. Kulminatsiya endi asar voqealarining yechimga tomon intilishini, bir tomonga hal bo`lishini taqozo qiladi. Yechim sujet voqealari rivojining yakuni, ularning nihoyasida qahramonlar ruhiyatida, taqdirida yuzaga kelgan holatdir. Yechimda konfliktli holat, qahramonlar orasidagi ziddiyatlar o`zining badiiy yechimini topadi. Biroq buni qoida maqomida tushunmaslik lozim. Sababi, bu xil yechim ko`proq makon va zamonda cheklangan sujetlarga(dramatik asarlar, shuningdek, konsentriklik darajasi yuqori bo`lgan epik asarlar) xosdir. Ko`plab asarlarda esa yechimdan so`ng ham ziddiyatlar, qahramonlar taqdiridagi chigalliklar hal qilinmaganicha qolaveradiki, bu o`quvchini o`ylashga, mushohada qilishga undaydi. Ya'ni, tom ma'nodagi yechimning mavjud emasligi asarning ta'sir kuchini, o`quvchining ijodiy faolligini oshirishga xizmat qiluvchi usulga aylanadi. Masalan, P.Qodirovning "Erk", O.Yoqubovning "Matluba", "Qanot juft bo`ladi", X.Sultonovning "Saodat sohili" kabi qissalarida xuddi shunday holga duch kelinadi. Demak, yechimni asarda qo`yilgan konfliktning yechimi sifatida emas, balki undagi voqealar rivojining yakuni, natijasi sifatida tushunilgani to`g`riroq bo`ladi.
Yuqoridagilardan ma'lum bo`ldiki, tugun, voqea rivoji va kul`minatsiya sujetni tutib turuvchi asosiy unsurlar sanaladi va ular har qanday sujetda mavjud bo`ladi.
Ayrim adabiyotlarda prolog va epilog ham sujet elementi sifatida ko`rsatiladi. Shuningdek, ba'zi asarlar borki, ularda qahramonlarning asarning sujet vaqtidan oldingi (oldingi tarix – "predistoriya") yoki keyingi hayoti (keyingi tarix – "последующаяистория”) haqida ma'lumot beriladi (yoki tasvirlanadi)ki, ular ham sujet elementlari qatorida sanaladi. Biroq bu unsurlar sujetga bevosita bog`liq emas, ular ko`proq kompozitsiyaga aloqador elementlardir. Masalan, "O`tkan kunlar"dagi muqaddima, "Kecha va kunduz"dagi bahor lavhasi – prolog, "O`tkan kunlar" romanidagi Otabekning qabristonda Zaynab bilan to`qnash kelishi –epilog, uning keyingi hayoti haqidagi ma'lumotlar "keyingi tarix" sifatida olinishi mumkin.
Adabiyotshunoslikda "sujet" va "fabula" istilohlarini ishlatishda turlichalik bor: ayrim adabiyotshunoslar bu ikki istilohni sinonim sifatida ishlatsalar, boshqalari farqlaydi. Xususan, rus formal maktabi vakillari "fabula" deganda asarda tasvirlangan voqealarning hayotda yuz berish tartibini, "sujet" deganda esa ularning asarda joylashtirilish tartibini tushunadilar. Voqealarning hayotda yuz berish tartibi bilan ularning asarda joylashtirilish tartibini farqlash badiiy asar qurilishini o`rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Biz ham o`z ishimizda buni farqlagan holda, istilohiy chalkashliklardan qochish maqsadida voqealarning asarda joylashtirilish tartibini "sujet kompozitsiyasi" deb yuritamiz.9
Ma'lumki, badiiy asarlarda ko`pincha voqealarning hayotda yuz berish tartibi o`zgartiriladi. Albatta, bunda yozuvchi muayyan badiiy-estetik maqsadni ko`zlaydi. Masalan, "O`tkan kunlar" romanidagi voqealarning hayotda yuz berish tartibi nuqtayi nazaridan Otabek bilan Kumushning tasodifiy uchrashuvi romanning boshlanishida berilishi lozim edi. Biroq A.Qodiriy bu tartibni o`zgartirib, uni birinchi bo`lim oxirida, to`y tasviridan keyin beradi. Bu bilan adib nimaga erishadi? Romanning boshlanishidan Otabekning xatti-harakatlarini diqqat bilan kuzatgan, Rahmatjon va Homid bilan karvonsaroydagi suhbatda Qutidorning qizi tilga olinishi bilan allanechuk bezovtalanganini sezgan, Hasanali bilan birga uning uyqusida alahlashlariga guvoh bo`lgan, Qutidorning qiziga unashtirilganini eshitganda "qaysi qiziga" deya bezovtalanganini ko`rgan o`quvchi buning sababini, sababchisini bilishga intiladi, asarni yanada sinchiklab o`qiydi, unga butun vujudi bilan bog`lanib qoladi. Rivoyadagi "sirlilik" o`quvchi Kumushning xatti-harakatlarini, uning o`ychanligi-yu ariq suvi bilan sirlashishlarini, qizlar majlisidagi bo`zlashlarini kuzatganda yana bir bahya ortadi. Nihoyat, Kumushning "Siz o`shami?" degan hayrat to`la so`zlarini eshitgach, o`quvchi dilidagi taxmini to`g`ri chiqqaniga amin bo`ladi, qoniqish hosil qilib turgan payti adib ham o`sha tasodifiy uchrashuvdan so`z ochadi. Ko`ramizki, oddiygina shu usul o`quvchining ijodiy faolligini oshiradi, uni qahramonlar ruhiyatiga yaqinlashtiradi, asarning jozibasi-yu ta'sir kuchini oshiradi. "O`tkan kunlar" misolida ko`rilgan usul retrospeksiya deb atalib, uning mohiyati shuki, bunda yozuvchi sujet voqealarini to`xtatib o`tmishga, ilgari bo`lib o`tgan voqealar tasviriga o`tadi. A.Qodiriy mazkur usulni romanning bittagina o`rnida qo`llagan bo`lsa, ba'zi asarlarning sujet qurilishida retrospeksiya yetakchi mavqe egallab, ularda asarning badiiy vaqti bilan o`tmish navbatma-navbat berib boriladi. Masalan, M.M.Do`stning "Galatepaga qaytish", X.Sultonovning "Oddiy kunlarning birida", E.A'zamovning "Bayramdan boshqa kunlar" qissalarida shu xil sujet qurilishiga duch kelamiz. Bundan ko`rinadiki, sujet qurilishida badiiy vaqtni turli yo`sinlarda berish usuli ancha keng qo`llanilar ekan. Ayni shu o`rinda badiiy vaqt va uning ko`rinishlari xususida to`xtalib o`tishimiz maqsadga muvofiq ko`rinadi.
Ma'lumki, badiiy asarda tasvirlanayotgan voqealar makon va zamonda kechadi, shunga ko`ra adabiyotshunoslikda "badiiy vaqt" tushunchasi keng qo`llaniladi. Avvalo, badiiy asarda tasvirlanayotgan voqealarning yuz berish vaqti bilan ularni hikoya qilish vaqtini farqlash kerak. Biz shartli ravishda asardagi voqealarning yuz berish vaqtini "sujet vaqti", asar voqealarining hikoya qilinish vaqtini "kompozitsiya vaqti" deb oladigan bo`lsak, u holda bu ikkisi har vaqt ham bir-biriga mos kelmasligi ko`riladi. Chunki asar (bu o`rinda epik asarlar nazarda tutiladi) ustida ishlayotgan yozuvchi ijodiy niyatini amalga oshirish yo`lida "badiiy vaqt" imkoniyatlaridan turli yo`sinlarda foydalanishi mumkin. Deylik, u zarur o`rinda asar vaqtidan chekinib, o`tmishda yuz bergan voqealarni tasvirlashi ("retrospektiv vaqt"), yuz berishi jihatidan bir paytga to`g`ri keladigan voqealarni navbati bilan tasvirlashi ("parallel vaqt" – bu asosiy sujet chizig`iga nisbatan olinadi) mumkin. Asar sujetidagi voqealar o`quvchi tasavvurida uzluksizlik illyuziyasini hosil qilgani (shu bois ham biz sujet voqealari haqida gapirganda "keyin bunday bo`ladi" deymiz, "shuncha vaqtdan keyin bunday bo`ladi" demaymiz) holda, haqiqatda ularning orasida katta vaqt bo`shlig`ining bo`lishi tabiiydir. Masalan, S.Ayniyning "Qullar" romanida bir asrdan ziyod, "Mehrobdan chayon"da esa atigi olti oyga yaqin vaqt davomida kechgan voqealar qalamga olinadi. Shunga qaramay, bu ikki roman bir-biridan hajm (yoki hikoya qilinish vaqti) jihatidan unchalik katta (ularda tasvirlangan vaqtga mutanosib ravishda) farq qilmaydi. Zero, xronikali sujet asosiga qurilgan "Qullar"da kompozitsiya vaqti voqealarning yuz berish vaqtining uzunligi hisobiga cho`zilsa, konsentrik sujet asosidagi "Mehrobdan chayon"da retrospektiv va parallel vaqtlar hisobiga kengaygan. Demak, badiiy vaqt – shartli tushuncha, bu shartlilik sujet vaqtini kompozitsiya vaqti doirasiga sig`dirish talabi bilan yuzaga keladi.

Download 55,43 Kb.
1   2   3   4   5   6   7   8




Download 55,43 Kb.