218
ta’minot qo‘mitasi, davlat narxlar qo‘mitasi va bir qator vazirliklar hamda juda katta
ma’muriy apparatlar tugatildi.
Ularning o‘rniga yangi boshqarish bo‘g‘inlari tuzildi. Bular bozorga
asoslangan yangi iqtisodiy munosabatlarning tashabbuskorlari va ularni ro‘yobga
chiqaruvchilar bo‘lmog‘i kerak. Masalan, o‘zini oqlamagan Davlat reja qo‘mitasi
o‘rniga Davlat Statistika Departamenti tuzildi. Bu qo‘mita iqtisodiyotni isloh qilish
qoidalari va ustivorliklar, ularni amalga oshirish mexanizmlari asosida iqtisodiy
islohotlarning borishiga baho berish hamda ularni yanada chuqurlashtirishga
qaratilgan takliflar tayyorlash; balans hisob-kitoblari asosida makroiqtisodiy
nisbatlarni, tarmoqlar va hududlardagi tarkibiy o‘zgarishlar tamoyillarini tahlil
qilish; respublika iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarini shuningdek, mintaqalarni
O‘zbekistonning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash zarurligidan kelib chiqqan
holda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ko‘p variantli istiqbollarini belgilash
vazifalari yuklatildi. Yakkahokim bo‘lib olgan taqsimot idorasi — Davlat ta’minot
qo‘mitasi va uning vorisi bo‘lgan «O‘zshartnomasavdo» o‘rniga yangi bozor tizimi
Respublika ulgurji va birja savdo hissadorlik uyushmasi tuzildi. Bu uyushma tovar
ishlab chiqaruvchilar, iste’molchilar va tadbirkorlar tovar resurslari bozorida erkin
hamda teng huquqli ishtirok etishi uchun zarur infrastrukturani (bozor xizmati
sohasini) yaratishi kerak. Uning tarkibiga respublika hissadorlik tovar-xomashyo
birjasi, hissadorlik birja banki, hududiy hissadorlik tijoratchi-vositachi
kompaniyalar kiritildi. Bular mulkchilik shakllaridan qat’i nazar korxonalar,
tashkilotlar va jismoniy shaxslarga kontrakt-shartnoma asosida tijorat-vositachilik,
savdo, marketing va boshqa xizmatlar ko‘rsatishi ularga birja savdosida qatnashish
uchun teng sharoitlar yaratib berishi kerak.