30
bu nashrlar talabchan bo’lmagan auditoriyaga mo’ljallab ish tutib, foyda ko’rardi. Sariq
nashrlar soni keskin oshib ketganligi hamda radio va televideniega sariq matbuot
uslublari kirib borganligi ham ana shundan. E’tirof etish kerakki, SSSR parchalanib,
Markaziy Osiyo, Kavkaz, Boltiqbo’yida mustaqil milliy davlatlar, Rossiya
Federatsiyasining o’zida ham milliy mustaqillik maqomi aniq belgilab berilgan
respublikalar e’lon qilingandan keyingi davrda bu mamlakatlar ommaviy axborot
vositalarida o’xshash jarayonlar kuzatilmoqda. OAV huquqiy bazasini ta’minlash,
tegishli qonunlarni qabul qilish, axborot sohasini milliy va madaniy tiklanish doirasiga
kiritish, tarixning oq dog’larini to’ldirish shular jumlasidandir.
Bu davrdagi Rossiya nashrlarida bizning respublikamiz faoliyatining ijobiy, qayta
o’zgartiruvchilik jihatlari haqida materiallar deyarli e’lon qilinmadi. Xorijiy mamlakat
hayotini bir tomonlama, bir yoqlama yoritish nashrning g’arazli, noxolis ekanligidan
dalolat berib, ahamiyatiga putur etkazadi, uni jiddiy o’quvchilar ishonchidan mahrum
etadi. Arkadiy Dubnovning (Albert Musin ham o’sha) “O’zbekiston Markaziy Osiyo
Germaniyasi rolida” kichik sarlavhasi bilan berilgan “Erkinlikni qanday boshqarish
kerak” maqolasi bunga misol bo’la oladi
2
. Ushbu maqola muallifi Toshkentga
jurnalistlarning xalqaro konferentsiyasida ishtirok etish uchun taklif qilingan. Biroq,
maqola mazmunidan ko’rinib turganidek, anjumanda muhokama qilingan muammolar
muallif e’tiboridan chetda qolgan yoki u tomondan pichingli tanqid uchun
foydalanilgan. “Novoe vremya” jurnalining qo’sh sahifasida Toshkent turmush tarziga
hech ham xos bo’lmagan mazmundagi surat bilan katta maqola e’lon qilgan A.Dubnov
uchun jamiyatimiz hayotidan nomuhim, ikkinchi darajali jihatlarni qidirib topish va
bo’rttirib ko’rsatish asosiy vazifa bo’lgan. Bu xalqaro mavzularga ixtisoslashgan
jurnalistning qaysidir mamlakatda bo’laturib, boshidanoq barcha ko’rgan-eshitganlarini
salbiy baholashga o’zini shaylagan holda, shunga muvofiq mazmundagi material
berishini ko’rsatuvchi misollardan biri, xolos. Bunday bir tomonlama yondashuv
avvalgi kommunistik mafkuraga, ayniqsa, G’arb mamlakatlariga munosabat bildirishda
xos bo’lib kelgan. Bu uslub 1990-yillarda Markaziy Osiyo mintaqasi hayotini yorituvchi
bir qator jurnalistlar ham saqlab qoldilar.
Ijtimoiy fanlarda ommaviy axborot vositalariga yangicha qarash qaror topmoqda.
Aloqalarning, axborotni umumlashtirish, qayta ishlash, uzatishning gipermatnli,
ko’rish-klipli, dizayn-bezakli, lingvo- terminologik singari yangi uslublari paydo
bo’lganligi shunga olib keldiki, endilikda ommaviy aloqa tizimlari mo’ljalni real
voqealarni aks ettirish (yoritish) tomon emas, balki ma’lum timsollar, bilim, kartinalarni
ishlab chiqish tomon olmoqda. Ommaviy axborot vositalari buni Iroqdagi urushni (1991
yil) yoritishda g’oyat yorqin namoyish etishdi. Ular yaratgan harbiy harakatlar timsoli
voqelikka mos emasdi. Ommaviy kommunikatsiya vositalari yangi obrazlar, g’oyalar,
o’zaro munosabatlar vujudga kelayotgan voqelikni, virtual makonni o’zgartirib
yuboradilar. Ya.N.Zasurskiy so’zi bilan aytganda, Internet bosma davriy nashrlardan
shunisi bilan farq qiladiki, u asosan butun tahririyat nuqtai nazarini emas, ayrim
jurnalist yoki jurnalistlar guruhi nuqtai nazarini aks ettiradi.