Media, madaniy va kasbiy-ijtimoiy darajadagi nomutanosiblik.
Butun er kurrasini
o’rab oladigan aloqa tarmoqlarining yoyilishi texnologik sabablar, xususan, sun’iy
yo’ldosh aloqasini, telekommunikatsiya uskunalarini takomillashtirish taqozosidir.
Boshqa tomondan, yuz berayotgan jarayonlar tahlili iqtisod, madaniyat va media
mahsuloti o’zaro chambarchas bog’liq ekanligini ko’rsatmoqda. Korxonalar birorta
muhitga kirib borishlari, yangi mintaqa, iste’molchilarni topishlari uchun o’zlari taklif
qilayotgan tovarlar va xizmatlar yaxshi qabul qilinishini ta’minlaydigan ramziy shakl,
imij aktsiyalaridan foydalanadilar. Reklama, kliplar, filmlar, musiqali lavhalar,
hazil-mutoyiba, san’at, modalar namoyishi – bularning bari bozor, korxona, davlat
manfaatiga xizmat qildirilgan. Brendlar, markalar, firma belgilari muayyan
korporatsiya, tashkilot, mashhur kishining jozibali timsolini yaratishga imkon beradi.
Global infosferaning vujudga kelishi, o’z navbatida, bir qator muammolarni hosil
qildi. Media TMK yangi ramziy (yoki turli mazmundagi) muhit, matn va efir materiali,
barcha odamlar uchun birdek timsollar yaratilishiga, tomoshalar, kino va
videomahsulotning ko’p adadlab chiqarilishiga olib keldi. Ko’plab musiqali, sport
ko’rsatuvlari, shou-biznes, moda dunyo bo’ylab yoyildi. Bularning barchasi ijobiy
mazmunga ega bo’libgina qolmay, hali qudratli aloqa bazasiga ega bo’lmagan yoki
endigina xalqaro miqyosda tijoratchilik va tadbirkorlikka qadam qo’yayotgan
xalqlarning milliy madaniyatlari va ijtimoiy yutuqlariga ma’lum darajada xavf soladi.
Media sanoati mamlakatlarning axborot sohasida texnologiya jihatidan
rivojlangan va kambag’al, qoloq mamlakatlarga ajratilishiga asos bo’ldi. F.Uebsterning
qayd qilishicha, 1990-yillarda amerikaliklarning yigirmata filmi butun dunyoda eng
ko’p daromad keltirgan filmlar bo’ldi. “Titanik”, “Samoviy urushlar”, “Qora libosli
odam”, “Alouddin”, “Yura davri bog’i”, “Forest Gamp” va boshqa filmlar shular
jumlasidandir. Ularning barchasi 500 mln dollar, “Titanik”ning bir o’zi esa 2 mlrd
dollar daromad keltirdi. Germaniya, Angliya, Italiya, Frantsiya, Ispaniya, Avstriya,
AQShda – xullas, qaerdaki kino bo’lsa, hamma joyda ular etakchilik qilishdi. Shu tariqa
talablari va munosabatlari turlicha auditoriyalarda umumiy ramziy muhit vujudga
keltiriladi. Los-Anjeles va Londondan taralgan rok musiqa butun dunyodagi o’z
muxlislarini kiyinish va eyish-ichishda o’z pirlariga taqlid qilishga majbur etadi.
Kastels axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, Internet va umuman multmedia
ta’sirini har tomonlama qarab chiqadi. U elektron pochta ustunligi va qulayligini,
elektron hamjamiyat paydo bo’lganligini, aloqa vositalari interfaolligini va boshqa
holatlarni ajratib ko’rsatadi. Tarmoqqa kirish imkoni va unga kirishib ketish madaniyat
uchun eng muhimdir. Kastels aytganidek, iste’molchi tarmoqqa bog’lanmagan ekan, u
tarmoq jamiyati hayotida to’laqonli ishtirok eta olmaydi. Biroq olimda madaniy
an’analar nuqtai nazaridan kompyuter tarmoqlaridan foydalanishning ayrim oqibatlari
xususida jiddiy o’ylar paydo bo’ladi. Unga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini
joriy etishdan olinadigan madaniy samara demokratik kommunikatsiyalarning oddiy
26
imkoniyatidan ko’ra ancha jiddiy bo’lib tuyuladi. Tarmoqqa ulanganlik uchun uning
mantiqi, tili, “o’tish ball”iga, kodirovkasi va dekodirovkasiga moslashish talabi tarzida
narx qo’yiladi, deb yozadi u.
Kompyuter tarmoqlari, Internet, televidenie singari ommaviy aloqa tizimiga
muqobillik qiladi. Ular bir xillashtirilgan (homogenizatsiyalashtirilgan)
auditoriya
uchun markazlashtirilgan ishlab chiqarish va ko’rsatish bo’lmish televideniega xavfdan
darakdir. Internet paydo bo’lishiga qadar aloqa texnologiyalaridan foydalanish
natijasida ijtimoiy hayotni bo’laklarga bo’lib ko’rsatish mayli paydo bo’lgan edi. Kabel
va sun’iy yo’ldosh televideniesi bu jarayonni chuqurlashtirib yuborib, auditoriyaning
turli bozorlari paydo bo’lishiga olib keldi. Bu ko’rsatish-eshittirish vositalari aniq
maqsadli auditoriyaga ega bo’lgan holda, uni oldindan tanlangan axborot bilan
ta’minlaydi. Natijada, bunday “tabaqalashtirilgan
va xilma-xillashtirilgan dasturlar”
tomoshabinlarni ajratib tashlaydigan bo’ldi. Kastels kelajakda dunyo yaxlit bir global
qishloq bo’lishini oldindan xabar bergan Maklyuenga e’tiroz bildirgannamo aytadiki,
biz dunyoviy qishloqda emas, balki “alohida tabaqalashtirilgan kottejlarda” yashashimiz
juda ehtimol ko’rinadi. Maklyuen fikrini o’zgartirib, u “meeage is the medium” -
“xabar berish vositasi - nomadir“, ya’ni media auditoriyaning turli doiralari nimani talab
qilishsa, nimaga qiziqishsa, o’shani uzatadi, deb yozadi. Bu umummilliy televidenie
qo’llab-quvvatlab turgan umumiy madaniyatni boy berish xavfini tug’diradi. Zotan,
mediamagnat Rupert Merdokga tegishli New Corporation axborot mahsuloti voqealar
ana shu tarzda rivojlanishini tasdiqlovchi dalillardan biridir.
Muayyan axborot mahsulotining turli doiralarga bo’lib tashlangan hamda
o’yin-kulgi va xursandchilikka yo’naltirilgan auditoriyaga etkazib berilishi bilan
bog’liq xonanishin, biqiq turmush tarzining roli oshib borayotganligi ham tashvish
tug’diradi. Kastelsni xavotirga soladigan narsa shuki, turmushning asosiy qismini
ko’ngilxushlik tashkil qiladigan bo’lsa, bu shunga olib boradiki, odamlar, oddiy
foydalanuvchilar interfaol muloqotni o’zlari amalga oshirmaydigan bo’lib qoladilar.
Dasturlarni ishlab chiquvchilar, prodyuserlar, san’at va kinematografiya sohasi
mutaxassislaridan iborat markazlashtirilgan kuchlar bunday muloqotni yo’naltiradigan
bo’ladi. Tarmoq jamiyati muvaqqat cheklovlar borgan sari bekor qilina boradigan
abadiy olamni vujudga keltiradi. Bu turmush tarzlarining emirilish, maromiylikning
buzilish xavfini yuzaga keltiradiki, buning ustiga inson hayotining biologik bosqichlari
hiyla-nayranglar domida qoladi. Inson go’yoki ikki xil makonda – kosmopolit sifatida
global kenglikda, ma’lum etnik, mehnat guruhining vakili o’laroq mahalliy muhitda
yashayotgandek taassurot tug’diruvchi holat jiddiy fiziologik zo’riqish keltirib
chiqaradi. Birinchi holda u tarmoqda etakchi rol o’ynash, boshqaruv elitasi muhitida
hukmronlik qilish uchun faol aloqa bilan mashg’ul bo’ladi. Ikkinchi holda u birlikni
yo’qotmaslik, o’z guruhi, qarindosh-urug’laridan uzoqlashib ketmaslik uchun aloqa
bog’lab turishi kerak bo’ladi.
Televidenie va tarmoq auditoriyasi unga yo’naltirilgan materiallar,
eshittirish-ko’rsatuvlar, ularning mazmuni, ta’sir ko’rsatish yo’sinlari jihatidan ham
tashvish uyg’otadi. Evropada, hamonki sen siyosat bilan shug’ullanar ekansan,
televidenie bilan ish ko’rmasliging mumkin emas, degan fikr taomilga aylanib qolgan.
Davlat etakchilarining, saylov kampaniyasida qatnashuvchi nomzodlarning siyosiy
chiqishlari ko’pincha ulkan bir shou tarzida beriladi. Ko’p hollarda bunday
tomoshalarning personajlari ekranda real chiqishlar bilan navbatma-navbat ko’rsatib
turiladi. Matn bilan audioko’rish yo’sinlarining bunday omixtaligi yangi virtual reallikni
27
yaratishga olib keladiki, o’z navbatida, bu muayyan tajriba bo’lib yashab qoladi.
Kastelsning fikricha, multimedia – bu tizim bo’lib, unda reallik to’liq ilg’ab olingan va
virtual obrazlarga, o’ylab topilgan olamga jo etilgan, ekranda aks etgan tashqi tasvirlar
shu olamdagi qandaydir tajribadan xabar beribgina qolmasdan, o’zlari ham tajribaga
aylanadi.
O’ylashimizcha, Kastels ekran sanoati taraqqiyotining salbiy tomonlarini ham
ma’lum ma’noda oldindan ko’ra bilgan. Bugungi kunda hayotiy tajribaga va uydirmani
haqiqiy faktdan ajratish ko’nikmasiga ega bo’lmagan tomoshabin namoyish
qilinayotgan hamma narsani haqiqat, voqelik deb qabul qilishi ravshan ko’rinib turibdi.
Tabiiyki, ayrim tomoshabinlarda OAV namoyish qilayotgan lavhalar, epizodlar va
o’zlarini “hayajonga solgan” xatti-harakatlar psixikasiga taqlid qilish, o’xshatma amal
qilib ko’rish ishtiyoqi tug’iladi. Kompyuter o’yinlari, tomosha qilingan jangari filmlar,
ekranda ko’rsatilgan zo’ravonlik, vahshiylik sahnalari ta’siri ostida yoshlar sodir etgan
jinoyatlar, qotilliklar, terroristik harakatlar soni ko’paygani bunga dalildir.
Jamiyatning ijtimoiy qatlamlaridagi bo’linishlarda, farqlanishlarda ham
o’zgarishlar yuz berayotganiga e’tibor qilmaslik mumkin emas. Kastels nazdida,
axborotlashuvchi kapitalizm jamiyatning qatlamlarga ajralishini tubdan o’zgartirib
yubordi, Evropada iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot Tashkiloti mamlakatlarida
aholining 30 % axborot mehnati sohasida bandligi shundan dalolat beradi. Tarmoq
jamiyatining rivojlanishi aholining ilgarigidek qatlamlarga ajralish shakllarining
o’zgarishi va tengsizlikning yangi shakllari paydo bo’lishi bilan bir vaqtda davom
etmoqda. Mehnat bilan kapital o’rtasidagi ilgarigi taqsimot ham yo’qolib borayapti.
Foydali natijani nazorat qilishda asosiy rolni ekspertlar, ko’p sonli aktsiyaga ega
guruhlar, top-menejerlar, tahlilchilar, elektron boshqaruvchilar o’ynaydigan bo’lishdi.
Ular
zamonaviy
kompyuterlashtirilgan
ishlab
chiqarishning
tepasidadirlar.
Kompaniyalar faoliyatini yo’naltiruvchi kishilar ularga doimiy o’zgarib turgan
sharoitlarda yashovchanlikni saqlab qolish imkonini beradigan axboriy ko’nikmalarga
ega bo’lishlari lozim. Hozirgi paytda katta hajmdagi tovarlar, xizmatlar sohibi
bo’lishning o’zi kamlik qiladi, buning ustiga keng tarmoqli axborot, ma’lumotnoma
materiallariga ham ega bo’lish darkor. Busiz sur’atni, istiqbolni boy berib qo’yish hech
gap emas. Tahlil qilishga, strategiyani belgilashga, samarali muloqot olib borishga va
ommaviy axborot vositalari yordamida taqdimot tadbirlarini o’tkazishga qodir axborot
xodimlari zamonaviy tadbirkorlikning o’zagini tashkil qiladi. O’zlarini dasturga tuzgan,
zarur bo’lgan taqdirda o’qish va qayta o’qish mahoratini egallagan bu kishilarning
aksariyat qismi obro’li oliy o’quv yurtlarini bitirgan, biznesdagi va loyihalashtirishdagi
shaxsiy ishtiroklari bayon etilgan salmoqli hujjatlarga
ega mutaxassislardir.
Bugungi yangi dunyoda axborotlashgan mehnat asosiy qiymatni ishlab
chiqaruvchi bo’lib qolmoqda va unga yuksak talablar qo’yiladi. Ilgarigi ishchilar sinfi
tezda moslashuvga, sur’atni ushlab turishga va “sahnani” o’z vaqtida tark etishga qodir
emasligi ochiq-oydin bo’lib qoldi. Globallashgan dunyoda u o’zini nochor sezadi.
Malakasiz va yaxshi tayyorgarlikdan o’tmagan ishchi kuchi jamiyat nazar-e’tiboridan
chetda qoladi. Bu odamlar eng yaxshi deganda, o’zlariga kam haq to’lanadigan ish topa
oladilar, omad kulib boqmasa – turli jinoyatkor guruhlar qo’liga, uyushgan jinoyatchilik
muhitiga tushib qoladilar. G’arb mamlakatlarida, deb qayd etadi tadqiqotchi, bilimsiz,
axborotlashuvchi kapitalizm koriga yaramaydigan odamlar “to’rtinchi dunyo”ni tashkil
qiladi, chunki ular uchun globallashgan kapitalizmda kerakli rol ham, ko’nikmalar ham
qolmagan (shaharlik qashshoqlar, AQSh va boshqa mamlakatlardagi gettolar aholisi
28
shundaylar jumlasidandir). Natijada yirik megopolis-shaharlarda jahon iqtisodiy
tizimining markaziga aylangan axborotlashgan xodimlar qatorida kambag’allar, o’z
sinfi bilan aloqasini yo’qotgan aholi qatlamlari yashashadi. Bunday ayanchli ahvoldan
chiqish yo’li faqat bir narsada ko’rinadi: ilgarigi “umumiy tipdagi xodimlar” bilim olish
va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ishlash ko’nikmalarini o’zlashtirish
orqaligina yangi iqtisodiyot talablarini qondira oladilar.
Tarmoq jamiyati o’xshashlikning o’tmishga murojaat qilinmaydigan yangi
shaklini ham yaratadi. Bu erda e’tibor markazida ijtimoiy harakatlar turadi, deb
hisoblaydi Kastels. Ular qadriyatlarni, jamiyat institutlarini o’zgartiradigan va insonga
uning o’xshashlik bobidagi asosiy unsurlarini ato etuvchi maqsadga yo’nalgan jamoaviy
harakatlarni namoyon qiladilar. Mehnat bozorida axborot xodimlari sanoatlashgan
jamiyatning ilgarigi ishchilar sinfi o’rnini bosgan o’ziga xos yangi sinf bo’lib qoldi,
degan fikrga ham yo’l beriladi. Ijtimoiy hayotda ham avvalgi sinfiy ajratishlar yo’qolib,
siyosiy jihatdan uyushuvning boshqa, yangi shakllari paydo bo’layotir. Tarmoq jamiyati
qarshilik ko’rsatish harakatini va “loyihalashtirilgan o’xshashlik” harakatini dunyoga
keltiradi. AQShdagi Patriots yangi fashistik harakatni, Kataloniyadagi hududiy
separatizmni va boshqa tashkilotlarni qarshilik ko’rsatish harakatiga misol qilib
keltiradilar. Loyihalashtirilgan o’xshashlikni esa ekologik, feministik va milliy
harakatlar ifodalaydilar. Ularning paydo bo’lishiga ikki xil nuqtai nazardan qaraladi.
Birinchidan, an’anaviy sinfiy harakatlarga qaraganda ancha keng bo’lgan bu harakatlar
o’z tarafdorlarining turli xil turmush tarzlariga va qadriyatlariga murojaat qiladilar.
Boshqa tomondan, mazkur harakatlar - tarmoq jamiyati faoliyat ko’rsatishining qonuniy
natijasidirki, bu jamiyat insonlarga o’z g’oyalarini yoyish, muloqot qilish hamda o’z
masalalarini hal etishda keng imkoniyatlar beradi. Umuman olganda, “juda katta va
tobora kuchayib borayotgan bosimga javoban yangi o’xshashliklar shakllanishining
dalolati”ni ayni shu harakatlarda ko’rmoqdalar. Axborot asrining ruhiy zarbalari va
zo’riqishlariga munosabat sifatida ham qarash mumkin bo’lgan bu harakatlarning
barchasi axborot mehnati bilan sug’orilgan. Masalan, “Grinspis” yoki “Zamin do’stlari”
tuzulmalari global tarmoqlarga, o’z a’zolarining elektron ro’yxatiga, yuqori bilimli va
mediatexnologiyalarni o’zlashtirib olgan xodimlarga ega.
|