|
Loyihalashning asosiy bosqichlari
|
bet | 22/24 | Sana | 19.05.2024 | Hajmi | 15,81 Mb. | | #243747 |
Loyihalashning asosiy bosqichlari
Uzatish liniyasini loyihalashda quyidagi masalalar echiladi:
Uzatish liniyasining trassasini tanlash;
Oxirgi va oraliq punklarning ijtimoiy-iqtisodiy xarakteristikalari;
Talab etiladigan kanallar sonini asoslash va hisoblash;
Regeneratsiyalash punktlarini joylashtirish va boshqalar.
Uzatish liniyasining trassasini tanlash texnologik loyihalash normalariga muvofiq izlanish jarayonlarida amalga oshiriladi. Trassa uzunligi minimal bo‘lishi kerak. Trassaning shaxardan tashqaridagi qismi avtomobil yo‘llari bo‘ylab, o‘pirilish va cho‘kish bo‘lmasligi uchun qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallanmagan erlar, shuningdek kemiruvchi xayvonlar bo‘lmagan erlar bo‘ylab o‘tishi kerak. Loyihalashda turli xildagi er osti kommunikatsiyalarning, yuqori volьtli liniyalarning va elektr temir yo‘llarining joylashuvini hisobga olish kerak. Trassaning mos keluvchi ob’ektlar bilan kesishuvi va yaqinlashuvini loyihalash normativ xujjatlarda aniqlanadi.
Aholi punktlarida trassa asosan mavjud yoki loyihalashtirilayotgan kabelli kanalizatsiya bo‘ylab, tonnellarda va ayrim xollarda erda o‘tishi kerak. Trassa bo‘ylab punktlar orasidagi masofa izlanishlar jarayonida aniqlanadi. Bunda trassaning bir necha variantlari tanlanadi, ular eng afzal variant deb tanlangan uzatish liniyasining xolat plani ko‘rinishida aks ettiriladi.
Elektrik hisoblashlar uchun punktlar orasidagi masofa, trassaning to‘g‘ri emasligini va ularni aylanib o‘tishda kabel bukilishlarini hisobga oluvchi, kabel uzunligi bo‘yicha aniqlanadi. Odatda kabellar uzunligi mos keluvchi trassa uchastkasi uzunligidan oshadi. Normativ zapaslar mos keluvchi uchastka uzunligidan o‘rtacha 2% ni tashkil etadi.
Kabelli liniya trassasi shunday tanlanadiki, xamma punktlarni (loyihalash topshirig‘ida ko‘zda tutilgan) aloqa bilan ta’minlashda inshootlarga va uzatish liniyasining ekspluatatsiyasiga sarf etiladigan xarajatlar minimal bo‘lishi kerak.
Trassaning optimal variantini tanlash quyidagi me’zonlar bo‘yicha olib boriladi:
qurilishga minimal kapital xarajatlar;
minimal ekspluatatsiya xarajatlari;
xizmat ko‘rsatish qulayligi.
Ko‘rsatilgan me’zonlarni qoniqtirish uchun trassa berilgan punktlar orasida eng qisqa masofa va qurilishni murakkablashtiruvchi va qimmatlashtiruvchi, to‘siqlarning eng kam soniga ega bo‘lishi kerak. Agar kabelni avtomobil yo‘li bo‘ylab yotqizish, trassani juda ham uzunlashtirib yuborsa, trassa kabelini to‘g‘rilashga ruxsat etiladi.
Suvli to‘siqlarni kesib o‘tish uchun eng kichik kenglikka ega joy tanlanadi.
Ko‘rilgan variantlarning qiyosiy taxlil natijalari jadval ko‘rinishida rasmiylashtiriladi, tomonlar yo‘nalishi va masshtab ko‘rsatilgan kartadan nusxa olinadi va shartli belgilar qo‘yiladi.
Oxirgi va oraliq punktlarning ijtimoiy-iqtisodiy xarakteristikalari, tanlangan oxirgi va trassada joylashgan oraliq punktlar orasida aloqaning tashkil etilishini asoslash uchun zarur.
Turli xildagi telekommunikatsiya xizmatlari bo‘yicha tanlangan punktlarning bir-biriga intilishi, punktlarning ijtimoiy-iqtisodiy va ma’daniy rivojlanganlik darajasiga, birinchi navbatda aholi soniga bog‘liq. SHuning uchun xarakteristikada oxirgi ro‘yxatga olish ma’lumotlari bo‘yicha aholi soni, og‘ir va engil ishlab chiqarish korxonalari haqidagi moliyaviy-kredit va investitsiya muassasalari, ma’daniyat markazlari, ilmiy tadqiqot markazlari va o‘quv yurtlari, transport va aloqa, savdo-sotiq va b.q. haqidagi ma’lumotlar keltiriladi.
Keltirilgan ma’lumotlar asosida belgilangan aholi punktlarining bir-biriga intilish darajasi haqida, ularni turli xildagi telekommunikatsiya xizmatlari bilan ta’minlash haqida xulosa qilinadi.
Berilgan aholi punktlarini bog‘lovchi, kerakli kanallar sonini hisoblash va asoslash, bu punktlardagi aholining soniga va aholining ayrim guruhlarining o‘zaro aloqa va turli xildagi xabarlar bilan almashinuviga qiziquvchanlik darajasiga bog‘liq. Istalgan aholi punktidagi aholi soni oxirgi ro‘yxatga olishning statistik ma’lumotlari asosida aniqlanishi mumkin. Istiqbolli loyihalashda aholining o‘sishini e’tiborga olish kerak. Istiqbolli loyihalash yili hozirgi vaqtga nisbatan 5...10 yil oldinga qabul qilinadi.
Bir abonent hosil qiladigan solishtirma yuklamani, berilgan yo‘qotishlar qayd etilgan ulanishlarni va loyihalashtirilayotgan magistralniig ma’lum punktlarida telefon zichligini hisobga olish bilan dastlabki telefon kanallarining soni aniqlanadi.
Turli vazifali telekommunikatsiyalarni (ovozli signallarni uzatish, telegraf aloqasi, ma’lumot signallarini uzatish, televidenie kanallari va mobil radio aloqa roumingini tashkil etish, internet tarmog‘iga va h.k.) tashkil etish uchun zarur bo‘lgan kanallar soni, ma’lum punktlarning telefon kanallari soni va telefon zichligi orqali ifodalanishi mumkin. Telekommunikatsiya kanallarining umumiy soni ARK-asosiy raqamli kanal yoki TCHK-tovush chastotali kanallarning ekvivalent sonidan kelib chiqadi.
Uzatish tizimi va kabel turini tanlash birlamchi telefoniya tarmog‘ini quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha rivojlantirishni e’tiborga olgan holda amalga oshiriladi:
kabel va raqamli uzatish tiziimlarini qo‘llash bilan yangi magistrallarni qurish;
mavjud magistrallarni optik kabellarni va optik uzatish tizimlarini qo‘llash bilan rekonstruksiya qilish.
RUT va kabel turini tanlash uchun loyihalashtirilayotgan raqamli uzatish liniyasining vazifasi, talab etiladigan aloqa masofasi, oxirgi va oraliq punktlar orasida talab etiladigan raqamli oqimlar soni haqidagi axborot kerak.
Rekonstruksiya qilish xolatida aloqani tashkil etishning variantini tanlash va turli tipdagi TOUT qo‘llanilganda bir turdagi kabel uchun kapital va yillik ekspluatatsiya xarajatlarini taqqoslash asosida olib boriladi.
Kabel markasi trassadagi erning xarakteri, kabelni yotqizish usuliga bog‘liq holda tanlanadi. Barcha hollarda RUT kanal va traktlarining zaruriy sifat ko‘rsatkichlarining saqlanilganligi, raqamli uzatish liniyasining iqtisodiy samaradorligi eng asosiy shart hisoblanadi.
Regeneratsiyalash punktlarini joylashtirish quyidagi talablarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Raqamli liniya trakti oxirgi punktlar (OP) ning uzatuvchi va qabul qiluvchi liniya trakti uskunalari (LTU) dan, xizmat talab qiladigan (XTQRP) va xizmat talab qilmaydigan regeneratsiyalash punktlari (XTQyRP) dan, regeneratsiyalash uchastkalari (RU) dan va optik kuchaytirish punktlari (KU) dan tarkib topgan.
XTQyRP OP yoki XTQRP dan distansion manba bilan ta’minlanadi, shuning uchun ularni imkon qadar tejamli qilib tayyorlashga intilinadi.
XTQyRP ni ta’minlovchi OP va XTQRP orasidagi masofa distansion ta’minot (DT) masofasi deyiladi va har bir RUT ning pasport ma’lumotlaridan biri hisoblanadi.
OP-XTQyRP, XTQyRP-XTQyRP yoki XTQyRP-XTQRP orasidagi masofa regeneratsiyalash uchastkasi uzunligi deyiladi. RUT ning optik kabeli RU uzunligi uning energetik potensialiga, ya’ni maksimal qoplanadigan so‘nish va optik kabel turiga bog‘liq [123].
Dispersiya buzilishlari uncha katta bo‘lmagan hollarda va to‘lqin uzunligi bo‘yicha ajratilgan TOUTda kuchaytirish punktlarini qo‘llash maqsadga muvofiq. Kuchaytirgichlarning soni shovqindan himoyalanganlik talablaridan kelib chiqqan holda chegaralanadi. Buzilishlar darajasi yuqori, shovqindan himoyalanganlik talab doirasida bo‘lmaganda liniya traktida kuchaytirish punktlari bilan birgalikda ma’lum masofalardan keyin regeneratsiyalash punktlarini ham joylashtirish zarur.
|
| |