ovistlar
va
animalistlar
deb ataluvchi ikki oqimning paydo bo‘lishiga olib keldi.
Ulardan birinchilari—organizm mitti murtak holida tuxum hujayra ichida,
ikkinchilari—urug‘ hujayra ichida bo‘ladi, keyingi o‘zgarishlar faqat miqdor
o‘zgarishlardan iborat, degan xato fikrlarni ilgari surdi. 17-asr oxiri va 18-asr
boshlarida o‘simlik va hayvonlarning sun'iy sistemasini yaratish borasida bir
qancha urinishlar bo‘ldi. Ingliz olimi J. Rey 18 mingdan ko‘proq o‘simliklarni
tavsiflab, o‘simliklarni 19 sinfga, Fransuz olimi J. Turnefor ularni 22 sinfga
bo‘ladi. Rey tur tushunchasini aniqlab berdi va umurtqasizlar tasnifini ishlab
chiqdi. Hayvonlar va o‘simliklarning mukammal sun'iy sistemasini shved
tabiatshunosi K. Linney o‘zining "Tabiat sistemasi" (1735) asarida taklif qildi.
Linney o‘z sistemasida odamni sut emizuvchilar sinfiga va maymunlar bilan birga
primatlar turkumiga kiritgan bo‘lsada, turlarning o‘zgarmasligi, dunyoni ilohiy
kuch tomonidan yaratilganligi to‘g‘risidagi metafizik g‘oyani yoqlab chiqdi.
Linneyning binar nomenklaturasi (turni urug‘ va tur nomlari orqali atalishi)
o‘simliklar va hayvonlar sistematikasida ayniqsa juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Lekin Linneyning sun'iy sistemasi ko‘pchilik tabiatshunos olimlarni qoniqtirmasdi.
Shu sababdan bir qancha olimlar tabiiy sistemani tuzishga urinib ko‘rishdi.
Botanika sohasida bunday sistemani ilk bor fransiyalik botanik A. L. Jyuse 1789
yilda ishlab chiqdi. Hayvonlar va o‘simliklarni sistemaga solish g‘oyasi hamma
olimlarga ham bir xilda ma'qul bo‘lmadi. Fransiyalik tabiatshunos J. Byuffon
tabiatdagi har qanday sistema, shu jumladan Linney sistemasiga ham qat'iy qarshi
chiqadi. J. Byuffon "Tabiiyot tarixi" (1749—88) asarida hayvonlar tuzilishidagi
umumiylikni ko‘rsatadi, yaqin formalar o‘rtasidagi o‘xshashlikni ularning o‘zaro
qarindoshligi bilan tushuntirishga harakat qiladi. Nemis vrachi va kimyogari G.
Shtal kishi faoliyati uning ruhi tomonidan boshqarib borilishini ta'kidlaydi va
buning dalili sifatida fiziologik reaksiyalarning asabiy ruhiy ta'sirlar bilan
bog‘liqligini ko‘rsatib o‘tadi. Uning "hayot tonusi" to‘g‘risidagi fikri nemis
fiziologi A. Gallerning ta'sirlanish to‘g‘risidagi g‘oyasida (1753) o‘z ifodasini
topadi. U va chex anatomi va fiziologi Y. Proxoska miya ishtirokisiz ta'sirotni
qabul qiluvchi hamda organlarni harakatlantiruvchi nerv kuchi borligini ko‘rsatib
berdi. Italiyalik olimlar L. Galvani va A. Volta hayvonlar organizmidagi elektrni
aniqlaydi, bu hodisa elektrofiziologiya fanining paydo bo‘lishi va rivojlanishiga
olib keldi. Ingliz olimi J. Pristli o‘simliklarni hayvonlar nafas olishi uchun zarur
bo‘lgan kislorod ishlab chiqarishini ko‘rsatib beradi. Fransuz olimlari A. Lavuaze,
P. Laplas va A. Segen hayvonlarning nafas olishi va oksidlanish reaksiyalarida
kislorodning ahamiyatini ko‘rsatib berdi. Organik dunyoning tarixiy taraqqiyoti
to‘g‘risidagi g‘oyalar 18-asrning ikkinchi yarmidan boshlab shakllana boshladi.
Nemis olimi G. V. Leybnits tirik mavjudotlarning gradatsiyasi tamoyillarini e'lon
qiladi va o‘simliklar bilan hayvonlar o‘rtasida oraliq formalar mavjud degan fikrni
o‘rtaga tashlaydi. Minerallardan boshlab odamgacha bo‘lgan "tiriklik pog‘onasi"
(gradatsiya) tamoyili, Sh. Bonne (1745—64) fikricha, hayot tuzilishi va
rivojlanishining uzluksizligini ko‘rsatadi. J. Byuffon yer tarixi to‘g‘risidagi o‘z
gipotezasini ishlab chiqdi. Uning fikricha, yer tarixi 80—90 ming yildan iborat
bo‘lib, 7 davrga bo‘linadi, faqat eng so‘nggi davrda o‘simliklar, hayvonlar va
odam paydo bo‘lgan. Fransuz olimi J. B. Lamark "Zoologiya falsafasi" (1809)
asarida "tiriklik pog‘onasi"ni evolyusiya nuqtai nazaridan tushuntirib beradi. Tirik
organizmlarning tubandan yuksak formalargacha takomillashib borishi uning
fikricha organizm uchun xos bo‘lgan ichki progressga intilish (gradatsiya
tamoyillari) tufayli sodir bo‘lgan. Lamark evolyusiyani to‘g‘ri tushuntirgan
bo‘lsada, uning asosiy sabablarini ochib berolmadi. Fransuz olimi J. Kyuve tirik
organizmlarning tarixiy almashinishi va bir qancha turlarning qirilib ketishini
tushuntirish uchun o‘zining katastrofalar g‘oyasini ilgari suradi. Fransuz olimi E.J.
Sent Iler hayvonlar tuzilishidagi umumiylikni tushuntirishga urinib, tuzilishdagi
o‘xshashlik ularning kelib chiqishidagi o‘xshashlikni aks ettirishini ta'kidlaydi. T.
Shvann tomonidan asoslab berilgan hujayra nazariyasi (1839) organik dunyoning
birligini tushunib olishda hamda sitologik va gistologik tekshirishlarning
rivojlanishida katta ahamiyatga ega bo‘ldi. 19-asrning o‘rtalarida o‘simliklarning
oziqlanish xususiyati va uning hayvonlarnikidan farq qilishi hamda tabiatda
moddalar aylanishi prinsiplari kashf etiladi (Yu. Libix, J. B. Bussengo). Hayvonlar
fiziologiyasi sohasida E. Dyubua Reymonning ishlari tufayli elektrofiziologiyaga
asos solinishi, K. Berner tomonidan organlarning ovqat hazm qilishdagi ahamiyati
tushuntirib berilishi (1845,1847); G. Gelmgols va K. Lyudvig tomonidan nerv
muskul sistemasi va sezgi organlarini o‘rganish metodlari ishlab chiqilishi; I. M.
Sechenovning oliy nerv faoliyatini materialistik nuqtai nazardan talqin qilishi
("Bosh miya reflekslari", 1863) katta ahamiyatga ega bo‘ldi. L. Paster olib borgan
tadqiqotlar tufayli hozirgi organizmlarning o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi to‘g‘risidagi
ta'limotga o‘zil kesil zarba berildi (1860—64). S. N. Vinogradskiy xemosintez
yo‘li bilan anorganik moddalardan organik moddalarni sintezlovchi xemosintez
bakteriyalarini (1887— 91), D. I. Ivanovskiy viruslarni (1892) kashf etdi.
19-asrda Ch. Darvin tomonidan evolyusiya nazariyasining ishlab chiqilishi
biologiyaning rivojlanishi tarixida ayniqsa katta ahamiyatga ega. Uning
"Turlarning paydo bo‘lishi" (1859) asarida evolyusiyaning asosiy mexanizmi—
tabiiy tanlanish ochib beriladi. Biologiyada Darvin g‘oyalarining g‘alabasi bilan
evolyusion solishtirma anatomiya (K. Gegenbaur), evolyusion embriologiya (A. O.
Kovalevskiy, I. I. Mechnikov), evolyusion paleontologiya (V. O. Kovalevskiy)
kabi yangi yo‘nalishlarga asos solindi. Hujayraning bo‘linishi (E. Strasburger,
1875; V. Flemming, 1882 va boshqalar), jinsiy hujayralarning yetilishi,
urug‘lanishi (O. Gertvig, 1875; G. Fol 1877; E. Van Beneden, 1884; T. Boveri,
1887, 1888) hamda u bilan bog‘lik bo‘lgan mitoz va meyozda xromosomalarning
taqsimlanishini o‘rganish sohasida erishilgan muvaffaqiyatlar jinsiy hujayralar
yadrosida irsiy axborotning saqlanishi to‘g‘risida ko‘plab g‘oyalarning paydo
bo‘lishiga olib keldi. Ana shu davrda (1865) G. Mendel tomonidan irsiylanish
qonuniyatlari ochilishi bilan genetika faniga asos solindi.
20-asr yangi biologiya fanlarining rivojlanishi, biologiyada klassik tadqiqotlar
miqyosining yanada kengayishi bilan ajralib turadi. Shu asrda genetika, sitologiya,
fiziologiya, biokimyo, rivojlanish biologiyasi, evolyusion ta'limot, ekologiya,
biosfera haqida ta'limot, shuningdek mikrobiologiya, virusologiya, gelmintologiya,
parazitologiya va biologiyaning boshqa ko‘p tarmoqlari jadal sur'atlar bilan
rivojlandi. Mendel ochgan qonunlar asosida mutatsiya va irsiyatning xromosoma
nazariyalari ishlab chiqildi (T. Boveri, 1902; U. Setton, 1902). Xromosoma
nazariyasini T. Morgan va shogirdlari V. Iogansenning sof liniya to‘g‘risidagi
ta'limotiga (1903) asoslanib gen, genotip, fenotip tushunchalarini ishlab chiqishdi.
20-asrning o‘rtalarigacha genlarning kimyoviy tabiati irsiy molekulalar shaklida
ekanligi nazariy jihatdan talqin qilinib kelindi (N. K. Kolsov, 1927).
Mikroorganizmlardagi transduksiya va transformatsiya hodisalarini o‘rganish
asosida DNK molekulasi genetik informatsiyani tashuvchi ekanligi aniqlandi (O.
Eyveri, 1944). DNK qo‘sh spirali tuzilishining o‘rganilishi (J. Uotson, F. Krik,
1953) genetik kodning kashf etilishiga olib keldi. Bu kashfiyotlar molekulyar
genetikaga
asos
soldi.
Oqsillarning
aminokislotalardan
iborat
tarkibi
o‘rganilganligi, ayrim oqsillar (insulin)ning sintez qilinishi, viruslar va faglarning
nukleoproteidlardan tuzilganligining ko‘rsatib berilishi 20-asr o‘rtalarida qilingan
eng muhim kashfiyotlardandir. Elektron mikroskopning kashf etilishi oddiy
mikroskopda ko‘rinmaydigan strukturalarni ko‘rishga, hujayraning eng nozik
tuzilishini tekshirishga, bakteriyalar va viruslarning tuzilishini batafsil o‘rganishga
imkon berdi. Nishonli atomlar usuli organizmda sodir bo‘ladigan jarayonlarni
o‘rganish uchun yo‘l ochdi. Gistologik kimyo differensial sentrifugalash,
rentgenostruktura analizi usullari tirik organizmlar kimyoviy tarkibi, hujayra
organoidlari va qismlarini mukammal tekshirish usullarini ko‘rsatib berdi. Ana shu
kashfiyotlar tufayli 20-asrning 2-yarmida biologiyaning eng yosh sohasi—
molekulyar biologiya dunyoga keldi va tez sur'atlar bilan rivojlana boshladi.
Molekulyar biologiya sohasidagi tadqiqotlar biologiya fanining barcha sohalarida
yangi g‘oyalar paydo bo‘lishiga olib keldi; hujayraning tuzilishi va funksiyasi
haqidagi tushunchalarni tubdan o‘zgartirib yubordi. 20-asrda hayvonlar
fiziologiyasi sohasida ham katta yutuqlarga erishildi. Rus olimi I. M. Sechenov
(1829—1905) nerv sistemasini o‘rganib, bosh miya reflekslari to‘g‘risidagi
ta'limotga asos soldi. I. P. Pavlov shartli va shartsiz reflekslar, qon aylanish va
ovqat hazm qilishning nerv regulyasiyasi sohasida bir qancha yirik kashfiyotlar
qildi. Uning shartli reflekslar va oliy nerv faoliyati to‘g‘risidagi ta'limoti Nobel
mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu davrda neyrofiziologiya ham tez sur'atlar bilan
rivojlana boshlaydi. O‘simliklar fiziologiyasida fotosintez jarayonlari, avvalo
xlorofillni o‘rganishda ancha katta yutuqqa erishildi, xlorofill sintez qilindi,
o‘simliklarni o‘stiradigan ba'zi gormonlar (auksinlar, gibberellinlar) ajratib olindi
va sun'iy sintez qilindi. Evolyusion nazariya sohasida ham muhim kashfiyotlar
qilindi, xususan 20—30- yillarda madaniy o‘simliklarning kelib chiqish markazlari
aniklandi; mutatsion o‘zgaruvchanlik, individlar sonining o‘zgarib turishi va
izolyasiyani tanlanishning muayyan yo‘nalishda ta'sir etishidagi o‘rni ochib berildi
(N.I. Vavilov, S. S. Chetverikov, B. S. Xoldeyn, R. Fisher, S. Rayt, E. Mayr va
boshqalar). Bu esa Darvinizmning yanada rivojlanishiga, evolyusiya omillari
mikroevolyusiya va makroevolyusiya to‘g‘risidagi ta'limotlarni o‘zida jo qilgan
sintetik evolyusion ta'limotni ishlab chiqishga imkon berdi (I. I. Shmalgao‘zen va
boshqalar). V. I. Vernadskiyning biogeokimyo va biosfera, A. Tenslining
ekosistemalar (1935) to‘g‘risidagi ta'limotlari biologiyaning katta yutuqlaridan
bo‘lib, inson bilan tabiat o‘rtasidagi munosabatlarni ishlab chiqishda muhim
ahamiyatga ega. V. Shelferd (1912, 1939), Ch. Elton (1934) va boshqalarning
ishlari tufayli ekologiyaning nazariy asoslari ishlab chiqildi. 20-asr o‘rtalaridan
boshlab ekologiya erishgan yutuqlar va tabiatni muhofaza qilish muammolari
deyarli barcha biologiya fanlarini ekologiyalashtirishga olib keldi. Molekulyar
biologiya sohasidagi ishlar (genetik kodning ochilishi, sun'iy genning sintezlanishi)
gen injeneriyasi va biotexnologiya kabi amaliy fanlarning rivojlanishi uchun
nazariy asos bo‘ldi. Keyingi yillarda ayniqsa populyasion biologiya tez sur'atlar
bilan rivojlanmoqda. Bu sohadagi tadqiqotlar son jihatdan tobora o‘sib borayotgan
aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘laroq qondirish, qirilib
ketayotgan turlarni muhofaza qilish va tirik organizmlarning biologik xilma
xilligini saqlab qolish kabi muammolarni muvaffaqiyatli yechishga imkon beradi.
O‘zbekistonda 20-asrning 1-yarmida olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari
asosan o‘simlik va hayvonot dunyosi resurslarini o‘rganish va ulardan samarali
foydalanish hamda atrof muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq. Botanika sohasida
yaylovlarning fitomeliorativ holatini yaxshilash, texnika ekinlari va suv o‘tlarini
o‘stirish usullari ishlab chiqildi; o‘simliklarning geoekologik tasnifi,
o‘simliklarning ekstremal sharoitga moslanish hususiyatlari ochib berildi;
g‘o‘zaning ekologik, anatomomorfologik va genetik xususiyatlarini o‘rganish
sohasida bir qancha ishlar amalga oshirildi (S. X. Yo‘ldoshev, A. I. Imomaliev, S.
S Sodiqov va boshqalar). Mikrobiologik yo‘l bilan oqova suvlarni tozalash,
ma'danlarni ajratib olish, qishloq xo‘jaligi chiqindilaridan yem-xashak tayyorlash,
fiziologik faol moddalarni ajratib olish, o‘simliklarning vilt va virus kasalliklariga
qarshi kurash asoslari yaratildi (M. I. Mavloniy, A. F. Xolmurodov, S. A.
Asqarova va boshqalar).
20-asrning ikkinchi yarmida ayniqsa so‘nggi yillarda
biologiyaning biokimyo, genetika, molekulyar biologiya, biotexnologiya, biofizika
va ekologiya sohalarida bir qancha muhim ishlar amalga oshirildi. Tireoid
gormonlarning ta'siri mexanizmi aniqlandi (Yo. X. To‘raqulov, T. S. Soatov).
Biologik membranalarning tuzilishi, hayvonlar toksikologiyasi va biokimyosi,
ionlantiruvchi nurlar, defoliantlarning ta'sir mexanizmi va ionlarni membrana
orqali transport muammolarini yechishda ham bir qator muvaffaqiyatlar qo‘lga
kiritildi (A. P. Ibragimov, J. H. Hamidov, A. Q. Qosimov). G‘o‘zada genetik
belgilarning irsiylanish mexanizmi ishlab chiqildi (J. A. Musaev, O. J. Jalilov
, A.
A. Abdullaev, N. N. Nazirov, A. A. Abdukarimov). Gen va hujayra
injeneriyasining rivojlanishi insulin, interferon va o‘stiruvchi gormonlarni olish
imkonini berdi (B. O. Toshmuhamedov, A. A. Abdukarimov, M. M. Rahimov va
boshqalar). Biologiyaga oid tadqiqotlar O‘zbekiston Fanlar akademiyasining
Botanika, Zoologiya, Mikrobiologiya, Genetika, Fiziologiya va biofizika,
Biokimyo institutlarida, shuningdek oliy o‘quv yurtlarida olib borilmoqda.
|