320
Masalan, uning haddan tashqari ortishi natijasida investitsion sarflar samaradorligi
pasayib ketishi mumkin, chunki kapital mablag’lar hajmi bilan qurilish
tashkilotlarining quvvatlari, materiallar va uskunalar yetkazib berish imkoniyatlari,
infratuzilmaning rivojlanishi o’rtasida nomutanosiblik paydo bo’ladi. Oqibatda
iqtisodiy o’sish pasayib ketish tamoyiliga ega bo’ladi.
SHunday qilib, jamg’arish hajmi iqtisodiy o’sish sur’atlari va sifatiga faqat
o’zining miqdori bilangina hal qiluvchi ta’sir ko’rsatib qolmaydi. Fan-texnika
revolyutsiyasi sharoitida ulardan foydalanish samaradorligi birinchi o’ringa chiqadi.
Jamg’arish hajmi milliy daromadning bir qismini tashkil etadi va shu sababli
milliy daromad hajmi ko’payishini belgilaydigan omillar, jamg’arish miqdorini ham
belgilab beradi. Bu omillardan asosiysi qo’llaniladigan resurslar massasi va ularning
unumdorligidir. Jamg’arish miqdori ishlab chiqarish jarayonida xomashyo, materiallar,
energiyani tejab-tergab sarflashga ham bog’liq. Mahsulot birligiga ularni sarflashni
kamaytirish moddiy vositalarning o’sha miqdorida mahsulotlarni ko’proq hajmda
ishlab chiqarishga imkon beradi.