454
Birinchidan, iste’molchilarning muayyan tovar va xizmatlarni xarid qilish
qobiliyatini oshirish yo’li bilan ularning talabi kengaytiriladi. Masalan,
respublikamizda bozor munosabatlariga o’tishning dastlabki davrida oziq-ovqat
mahsulotlariga talon tizimi joriy etilishi past daromadli oilalarning oziq-ovqat
mahsulotlariga bo’lgan talabini oshirdi va shu orqali resurslarning nomutanosib
taqsimlanishini bartaraf qildi.
Ikkinchidan, davlat taklifni oshirish maqsadida ishlab chiqarishni subsidiyalashi
mumkin. Subsidiyalar ishlab chiqaruvchilarning zararlarini qisqartiradi va mahsulotlar
ishlab chiqarishda resurslarning yetishmasligi muammosini bartaraf qiladi.
Uchinchidan, davlat ayrim tovarlar va ijtimoiy ne’matlarning ishlab chiqaruvchisi
sifatida chiqadi. Bunday tarmoqlar davlat mulkiga asoslanadi va davlat tomonidan
bevosita boshqariladi yoki ularni moliyalashtirishni davlat o’z zimmasiga oladi. Fan,
ta’lim, sog’liqni saqlash, milliy mudofaa, favqulodda ro’y beradigan tabiiy hodisalarga
qarshi kurash, ichki tartibni saqlash shular jumlasidandir.
Davlat budjet mablag’lari hisobiga resurslarni xususiy sohada qo’llanilishdan
bo’shatadi hamda ularni ijtimoiy ne’mat va xizmatlar ishlab chiqarishga yo’naltirishi
mumkin. Shunday qilib, davlat mamlakat milliy mahsuloti tarkibida muhim
o’zgarishlarni amalga oshirish maqsadida resurslarni qayta taqsimlaydi.
Iqtisodiyotni barqarorlashtirish, ya’ni iqtisodiyotning barcha sohalarini resurslar
bilan ta’minlash, to’la bandlik va narxlarning barqaror darajasiga erishishda yordam
berish hamda iqtisodiy o’sishni rag’batlantirish davlatning eng muhim vazifasi
hisoblanadi.
Iqtisodiyotda to’la bandlikni ta’minlash uchun umumiy sarflar, ya’ni xususiy va
davlat sarflarining hajmi yetarli bo’lmasa, davlat bir tomondan ijtimoiy ne’matlar va
xizmatlarga o’z sarflarini ko’paytiradi, boshqa tomondan xususiy sektor sarflarini
rag’batlantirish maqsadida soliqlarni qisqartiradi.
Agar jami sarflar to’la bandlik sharoitida taklif hajmidan oshib ketsa, bu narxlar
darajasining ko’tarilishiga olib keladi. Jami sarflarning mazkur ortiqcha darajasi
inflyatsion xususiyat kasb etadi. Bunday holda davlat soliqlarni oshirish orqali xususiy
sektor sarflarini qisqartirish va shu yo’l bilan ortiqcha sarflarni tugatishga harakat
qiladi. Iqtisodiyotda ishsizlik mavjud bo’lganda davlat sarflarining ko’payishi jami
sarflar, ishlab chiqarish hajmi va bandlilikning o’sishiga olib keladi. O’z navbatida,
soliqlarning qisqarishi yoki transfert to’lovlarining ko’payishi daromadlarni
ko’paytiradi. Bu daromadlar shaxsiy sarflarning o’sishini rag’batlantirishga xizmat
qiladi.
Davlat o’z ishlab chiqarishini moliyalashtirishdan tashqari ijtimoiy sug’urta va
ijtimoiy ta’minotning bir qator dasturlarini amalga oshiradi, iqtisodiyotning xususiy va
kooperativ sektorida daromadlarni qayta taqsimlaydi. Davlat tartibga soluvchi
xususiyatga ega bo’lgan bir qator vaziyatlarni ham amalga oshiradi. Bularga atrof-
muhitni himoya qilish, aholi sog’lig’ini saqlash, bo’sh ishchi o’rinlariga ega
bo’lishning teng sharoitini ta’minlash va ma’lum sohalarda narx belgilash amaliyoti
ustidan nazorat qilish va shu kabilarni kiritish mumkin.