1. Davlatning milliy iqtisodiyotni tartibga solishdagi
roli haqidagi nazariya va qarashlar
Milliy iqtisodiyotning samaradorligiga ko’plab omillar ta’sir ko’rsatadi. Ayniqsa,
uning darajasi ko’p jihatdan iqtisodiyotdagi davlat yoki bozor tizimining tutgan roliga
bog’liq. Chunki milliy iqtisodiyotning yuqori samaradorligiga asosan quyidagi yo’llar
orqali erishiladi:
1) iqtisodiyotni tartibga solishning bozor usullarini qo’llash;
2) iqtisodiyotni faqat davlat tomonidan markazlashgan holda boshqarish;
3) takror ishlab chiqarish jarayoniga davlatning aralashuvi va bozor usullarini
uyg’unlashtirish. Hozirgi davrda O’zbekistonning milliy iqtisodiyoti rivoji uchun
ko’proq uchinchi yo’l xususiyatli hisoblanadi.
Davlatning iqtisodiyotdagi roli masalasi ilmiy asosda birinchi marta A.Smit
tomonidan ko’rib chiqilgan. Uning «Xalqlar boyligining tabiati va sabablarini tadqiq
qilish haqida» (1776) nomli asarida iqtisodiyotning bozor usullari orqali o’zini o’zi
tartibga solishining zarurligi ta’kidlab o’tilgan. A.Smitning fikricha, xususiy tovar
ishlab chiqaruvchilar bozori davlat nazoratidan to’liq ozod bo’lishi zarur. Ana
shundagina iste’molchilar talabiga mos ravishda ishlab chiqarishni tashkil qilish
imkoni mavjud bo’ladi. Bunda bozor vositasida tartibga solish, har qanday chetdan
aralashuvsiz, ishlab chiqaruvchilarni butun jamiyat manfaatlari uchun harakat qilishga
majbur qiladi.
A.Smit davlatning iqtisodiy jarayonlarga har qanday aralashuvi oxir oqibatda
faqat vaziyatni yomonlashtiradi deb hisoblaydi. Masalan, davlat tomonidan
belgilangan tashqi savdo tartib-qoidalari milliy iste’molchilarga faqat zarar keltirishi
mumkin. Haqiqatdan ham importga boj to’lovi milliy ishlab chiqaruvchilarga ustunlik
berib, ularning chet el sheriklariga nisbatan raqobatlashuv qobiliyatini oshiradi. Ammo
118
Karimov I.A. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O’zbеkiston sharoitida uni bartaraf etishning yo’llari va choralari. –
T.: O’zbеkiston, 2009, 8-b.
448
bu oxir oqibatda ishlab chiqarishning ancha yuqori xarajatlari va past sifatini saqlanib
qolishiga olib keladi. Bundan past sifatli va narxi qimmat tovarlarni sotib olishga
majbur bo’lgan milliy iste’molchilar zarar ko’radilar.
A.Smitning «Tinch qo’yish» nazariyasi, 1929-1933 yillarda bozor iqtisodiyotiga
asoslangan deyarli barcha mamlakatlarni qamrab olgan iqtisodiy inqiroz davrida
tanqidga uchradi. Iqtisodiy tanazzul va ommaviy ishsizlik davlatning iqtisodiy
jarayonlarga aralashuvini kuchaytirishni taqozo qildi.
Davlatning iqtisodiyotdagi rolini oshirish masalasi J.M.Keynsning «Ish bilan
bandlik, foiz va pulning umumiy nazariyasi» (1936) nomli asarida o’z aksini topdi.
Unda muallif davlat fiskal (xazinaviy) va kreditli tartibga solish vositalaridan
foydalanib, jamiyatning yalpi talabini rag’batlantirishni va aholining ish bilan
bandligini ta’minlashi zarurligini isbotlaydi.
Amalda gap davlatning uzluksiz ravishda inqirozga qarshi siyosat o’tkazishi,
iqtisodiy inqirozning salbiy oqibatlarini tugatish va sanoat siklining o’zgarishini
bartaraf etish haqida ketadi. Keyns nazariyasi ancha tugal shaklda AQSHda amalga
oshirildi.
Urushdan keyingi davrda Keyns nazariyasidagi ko’rsatmalar u yoki bu darajada
bozor iqtisodiyoti amalda ustun bo’lgan barcha mamlakatlarda foydalanildi. Shu bilan
birga davlatni iqtisodiyotdagi rolining yanada ko’proq oshib borishi ro’y berdi.
Hozirgi davrda davlat tomonidan tartibga solishning muhim maqsadi sifatida nafaqat
siklga qarshi tartibga solish va ish bilan bandlikni ta’minlash, balki iqtisodiy
o’sishning yuqori darajasini va yaxlit takror ishlab chiqarish jarayonini
optimallashtirishni rag’batlantirish tan olinadi.
Ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan tizimdan bozor iqtisodiyotiga o’tish
sharoitida davlatning milliy iqtisodiyotga aralashuvi quyidagi holatlar orqali
izohlanadi.
Birinchidan, davlat milliy iqtisodiyotda o’zini o’zi bozor vositasida tartibga solish
orqali bajarish mumkin bo’lmagan yoki samarali ravishda amalga oshirib
bo’lmaydigan vazifalarni o’ziga oladi. Bular qatoriga mudofaani ta’minlash,
mamlakatda ichki tartibni saqlash va aholining kam ta’minlangan qismini ijtimoiy
himoyalash kabilarni misol qilib keltirish mumkin.
Ikkinchidan, bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarish va iste’molning
xususiy tavsifi bir qator ijobiy va salbiy oqibatlarni tug’diradi. Bu oqibatlar bevosita
uchinchi tomon manfaatida aks etib, kishilarning alohida guruhi va umuman jamiyat
manfaatiga ta’sir qiladi. Masalan, chiqitli texnologiyaga asoslangan ishlab
chiqarishlarda tozalash qurilmalariga xarajatlarni tejash, xususiy ishlab chiqaruvchilar
nuqtai nazaridan (u yoki bu kompaniya yoki individual ishlab chiqaruvchi uchun)
foydali, atrof-muhitni ifloslanishiga olib kelishi esa jamiyatning boshqa a’zolari uchun
qo’shimcha salbiy oqibatga ega.
Davlat yakka tadbirkor yoki iste’molchidan farqli, jamiyat manfaatini ifodalab,
qo’shimcha ijobiy samarani rag’batlantirishga va aksincha salbiy samara bilan bog’liq
faoliyatni tartibga solish va cheklashga harakat qilishi zarur.
449
Uchinchidan, davlatning iqtisodiy jarayonlarga aralashuvi shu sababli ro’y
beradiki, individual iste’molchilar hamma vaqt u yoki bu tovarni iste’mol qilishning
oqibatlarini ob’ektiv baholay olmaydilar. Shu nuqtai nazardan, davlat foydali
iste’molni kengaytirish va aksincha sog’liqqa salbiy ta’sir ko’rsatuvchi tovarlar
iste’molini cheklash vazifasini o’z zimmasiga oladi. Masalan, davlat tamaki
mahsulotlari uchun yuqori aktsiz (egri) solig’ini o’rnatib, bir tomondan o’zining
daromadini oshirsa, boshqa tomondan shu mahsulotga bo’lgan talabni cheklaydi.
To’rtinchidan, davlat bozorning tabiatidan kelib chiqadigan ayrim holatlarni
qisman yengillashtirish vazifasini o’z zimmasiga oladi. Bozor hamma uchun to’lovga
qobil talabni qondirishga teng imkoniyatni ta’minlaydi. Ammo bu bozor
mexanizmining milliy boylikni ijtimoiy-adolatli taqsimlashini anglatmaydi. Bunday
sharoitda davlat aholi kam ta’minlangan qatlamining turmush darajasi haqida
g’amxo’rlik qilish, bepul (yoki imtiyozli) bilim berish, tibbiy xizmat ko’rsatish va shu
kabilarni o’z zimmasiga oladi.
Beshinchidan, hozirgi sharoitda barqaror, izchil iqtisodiy o’sishni rag’batlantirish
vazifasi ham davlatning zimmasiga tushadi.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning ma’lum chegaralari ham
mavjud bo’lib, ular davlatning ishlab chiqarish samaradorligiga ta’siridan kelib
chiqadi. Iqtisodiyotga davlatning har qanday aralashuvi ma’lum xarajatlarni taqozo
etadi. Ularga eng avvalo tartibga solishni tashkil etish va amalga oshirish bo’yicha
xarajatlarni kiritish mumkin. Shuningdek, tartibga solishning u yoki bu shakli bozor
muvozanati, ishlab chiqarish hajmi, resurslarning qayta taqsimlanishiga ko’rsatishi
mumkin bo’lgan ta’sirni ham hisobga olish lozim. Bunda tartibga solishni amalga
oshirish bilan bog’liq bo’lgan sarf-xarajatlarning miqdori davlatning iqtisodiyotni
tartibga solishi natijasida olinadigan samaradan kam bo’lishi lozim. Ularning nisbati
davlatning iqtisodiyotga aralashuvi chegaralarini belgilab beradi.
XX asrning 80-yillarida rivojlangan mamlakatlarda yangi konservativ
kontseptsiyalar asosida iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishni cheklash
jarayonlari boshlandi. Bunda tartibga solishning an’anaviy shakllaridan voz kechildi,
davlat mulkini xususiylashtirish yo’li bilan davlat sektori ulushi qisqartirildi, xo’jalik
qarorlarini qabul qilishda nomarkazlashuv jarayonlari kuchaytirildi, iqtisodiyotdagi
bozor mexanizmlarining ahamiyati oshirildi. Jumladan, AQSHda bu tadbirlar
«Amerikaning yangi rivojlanish yo’li: iqtisodiy jihatdan yangilanish dasturi» nomli
yo’nalish asosida amalga oshirilib, unda daromad solig’i stavkalarining pasaytirilishi,
iqtisodiy o’sishni rag’batlantirish maqsadida yirik korporatsiyalar investitsiyalari
uchun soliq imtiyozlarini qo’llash, federal hukumat xarajatlarini cheklash, xususiy
biznes faoliyatining davlat tomonidan tartibga solinishini kamaytirish, inflyatsiyaga
qarshi pul-kredit siyosatini o’tkazish ko’zda tutilgan edi.
Biroq, olib borilgan tadbirlar kutilgan natijani bermadi. Masalan, AQSHda
YaMMdagi davlat sarflari ulushi 1980 yilda 22,6% bo’lsa, 1987 yilga kelib 27%ga
qadar o’sdi. Davlat qarzlari kamayish o’rniga o’sib ketdi, inflyatsiyaning pasayishi
moliya tizimining izdan chiqishdan saqlab qola olmadi. Aksincha, inflyatsiyaning
cheklanganligi uchun o’sish sur’atlarining pasayishi, ishsizlikning o’sishi, real ish
450
haqining pasayishi kabi holatlar yuzaga keldi. Bunday jarayonlar Angliya, YAponiya,
Avstriya, Italiya va boshqa mamlakatlarda ham ro’y berdi
119
.
90-yillardan boshlab iqtisodiyotni tartibga solishda keynscha tendentsiyalar
yangidan kuchaya boshladi. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning yangi
tipi davlat va xususiy sektor o’rtasidagi munosabatlarni ro’yobga chiqarish, davlat
tomonidan tartibga solishning moslashuvchanligini oshirish, to’g’ridan-to’g’ri
aralashuv shakllari va byurokratik nazoratning kamayishi bilan tavsiflanadi.
|