Xulosalar: 1.
Aholi pul daromadlari ish haqi, tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromad,
nafaqa, pensiya, stipendiya shaklidagi barcha pul tushumlarini, mulkdan foiz,
dividend, renta shaklda olinadigan daromadlarni, qimmatli qog’ozlar, ko’chmas mulk,
qishloq xo’jalik mahsulotlari, hunarmandchilik buyumlarini sotishdan va har xil
xizmatlar ko’rsatishidan kelib tushadigan daromadlarni o’z ichiga oladi. Natural
daromad mehnat haqi hisobiga olinadigan va uy xo’jaliklarining o’z iste’mollari uchun
ishlab chiqargan mahsulotlaridan iborat bo’ladi.
2.
Aholi turmush darajasi tushunchasini ularning hayot kechirishi uchun zarur
bo’lgan moddiy va ma’naviy ne’matlar bilan ta’minlanishi hamda kishilar ehtiyojining
bu ne’matlar bilan qondirilishi darajasi sifatida aniqlash mumkin.
3.
Farovonlikning eng quyi chegarasini oila daromadining shunday chegarasi
bilan belgilash mumkinki, daromadning bundan past darajasida ishchi kuchini takror
hosil qilishni ta’minlab bo’lmaydi. Bu daraja moddiy ta’minlanganlik minimumi yoki
kun kechirish darajasi (qashshoqlikning boshlanishi) sifatida chiqadi.
4.
Dunyodagi barcha mamlakatlar aholi jon boshiga to’g’ri keladigan o’rtacha
daromadlar darajasi bilan bir-biridan keskin farqlanadi. Bu turli mamlakatlar
aholisining daromadlari darajasi o’rtasida tengsizlik mavjudligini bildiradi.
5.
Davlatning ijtimoiy siyosati tegishli markazlashgan daromadlarni
tabaqalashgan soliq solish yo’li bilan shakllantirish va uni budjet orqali aholi turli
guruhlari o’rtasida qayta taqsimlashdan iborat.
6.
Aholini ijtimoiy himoyalash chora-tadbirlari tizimidagi eng asosiy yo’nalish –
bu narxlar erkinlashtirilishi va pulning qadrsizlanish darajasi ortib borishi munosabati
bilan daromadlarning eng kam va o’rtacha darajasini muntazam oshirib borish
hisoblanadi.
Asosiy tayanch tushunchalar: Aholi daromadlari – aholining ma’lum vaqt davomida pul va natural shaklda
olgan daromadlari miqdori.
Nominal daromad – aholi tomonidan pul shaklida olingan daromadlari summasi.
Ixtiyorida bo’lgan daromad – barcha soliqlar to’langandan keyin qolgan daromad,
ya’ni shaxsiy iste’mol va jamg’arma maqsadlarida foydalanish mumkin bo’lgan
daromad.
Real daromad – narx darajasi o’zgarishini hisobga olib aholi ixtiyoridagi
daromadning zarur bo’lgan moddiy va ma’naviy ne’matlarni sotib olishga yetadigan
quvvati, ya’ni aholi daromadining xarid quvvati.
Lorens egri chizig’i – daromadlar tengsizligi darajasini miqdoriy jihatdan
ifodalovchi geometrik egri chiziq.
Ijtimoiy to’lovlar – kam ta’minlanganlarga pul yoki natural shaklda yordam
ko’rsatishga qaratilgan turli xil to’lovlar.
476
Ijtimoiy siyosat – davlatning daromadlar taqsimotidagi tengsizlikni, iqtisodiyot
qatnashchilari o’rtasidagi ziddiyatlarni bartaraf qilishga yo’naltirilgan siyosat.