Bilimlarni mustahkamlash darsi. Bunday darslarda oldin o‘rganilgan
materiallar yuzasidan ta’lim oluvchilar bilan suhbatlar, tajriba-amaliy ishlar
o‘tkaziladi, har xil masalalar echiladi, texnologik jarayonlar ishlab chiqish
mashqlari, yozma grafik ishlar, ilgari o‘rganilgan materialni mustahkamlash va
tizimga solish yuzasidan turli mustaqil ishlar (sxemalar tuzish va ularni o‘qish,
jadvallar tuzish, texnikaviy hujjatlarni tahlil qilish va shu kabilar) o‘tkaziladi,
kinofilmlar ko‘riladi, ta’lim oluvchilar ma’ruza va referatlar bilan chiqadilar. Bu
ish davomida bilimlar esga solinadi, etarli dalillar, tushunchalar, qonuniyatlar
ta’lim oluvchilar ongi va xotirasida mustahkamlanadi. Buning natijasida bilimlar
ancha puxta bo‘ladi.
Takrorlash-umumlashtirish darslari. Bu darslardan ko‘zlangan maqsad –
o‘rganilgan material yuzasidan olingan bilimlarni esga tushirish va tizimga solish,
bu esa bilimlardagi kamchiliklarni to‘ldirishga, mavzuning, bo‘limning va butun
fanning asosiy g‘oyalarini, masalalarini yanada chuqur ochib berishga yordam
beradi. Bu turdagi darslar dasturdagi mavzuni yoki bo‘limini o‘rganish so‘nggida
va o‘quv yilining oxirida o‘tkaziladi. Takrorlash-umumlashtirish darslariga
nisbatan qo‘yiladigan asosiy talablardan biri ularning mundarijasiga albatta ta’lim
oluvchilar o‘quv faoliyatiga doir yangi ma’lumotlar va metodlar kiritishdir.
Takrorlash-umumlashtirish darslari ikki xil bo‘ladi: o‘qituvchi mavzuning,
bo‘lim yoki kursning o‘rganilgan materiali yuzasidan umumlashtiruvchi
sharhlovchi ma’ruza o‘tkazadi yoki ta’lim oluvchilar bilan kengaytirilgan suhbat
tashkil qiladi. Suhbat vaqtida ta’lim oluvchilar o‘qituvchi rahbarligida
umumlashtiruvchi mashqlar, yozma ishlar va boshqa topshiriqlarni bajaradilar.
Sinash-tekshirish darsi. Bu darslarda mavzu, bo‘lim yoki butun kurs
yuzasidan batafsil og‘zaki savol-javob,test sinovi, yozma yoki grafik nazorat
ishlari o‘tkaziladi, nazorat qurilmalari, kartochka-topshiriqlar, sharhlash-takrorlash
jadvallari yordamida ta’lim oluvchilar bilimi tekshiriladi, amaliy xarakterdagi
topshiriqlar bajariladi. Bunday darslardan ko‘zlangan asosiy maqsad har bir ta’lim
oluvchining tayyorganlik darajasini asosli baholash uchun ma’lumotlar olish,
bilimlarni qanchalik ongli va chuqur o‘zlashtirilganligini, olingan uquv hamda
malakalarning qanchalik puxta ekanligini aniqlashdan iborat. Bundan tashqari,
bunday darslarni o‘tkazishda o‘qituvchi ta’lim oluvchilar bilimi hamda uquvidagi
kamchiliklarni to‘ldiradi.
Muammoli dars. Bunday darslarda ko‘zlangan maqsad o‘quv jarayonini
yanada takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari ta’lim oluvchilarning bilish
faoliyatini faollashtirish, mustaqilligini rivojlantirish, o‘qitishning eng samarali
shakl va metodlaridan foydalanishdir.
Muammoli vaziyatlar yaratish, ularni hal qilish yo‘llarini izlash va aniqlash,
muammoni hal qilish jarayonining o‘zi, chiqarilgan xulosalarning qanchalik to‘g‘ri
ekanligini amalda tekshirib ko‘rish o‘quv jarayonining muhim elementlari bo‘lib
qolmoqda.
Muammoli vaziyat hosil qilish ta’lim oluvchilar faol aqliy faoliyatining
zarur shartidir. Ta’lim oluvchi oldiga muayn vazifa qo‘yilgan, bu vazifa unda
qiziqish uyg‘otadi va u bu vazifani hal qilishga urinadi, ammo o‘z bilimlari hamda
tajribasining etarli darajada to‘la va chuqur emasligini payqaydi, ya’ni muayyan
qiyinchilikka duch keladi. Ta’lim oluvchida hosil bo‘lgan vaziyatdan chiqish
yo‘lini topishdek ichki ehtiyoj paydo bo‘ladi, qiyinchilikni his etish paydo bo‘lgan
shroitni tahlil qilishga va qo‘yilgan masalani echish yo‘llarini izlashga undaydi.
SHunday qilib, bilish lozim bo‘lgan va amaliy vazifalar bilan ta’lim oluvchilarning
bilimlari darajasi orasida ziddiyat hosil bo‘ladi, bu ziddiyat yuzaga kelgan
qiyinchilikni bartaraf etishga qaratilgan intensiv fikrlash faoliyatini uyg‘otadi.
Muammoli vaziyatni hal etish asosida tashkil qilingan o‘quv jarayoni
pedagogikada muammoli o‘qitish deb ataladi. Muammoli o‘qitish vaqtida hamma
vaqt masala (muammo) qo‘yiladi va hal qilinadi. Bu muammo savol, topshiriq,
masala tarzida beriladi.
Muammoli vaziyatlar yaratishda pedagogika fani ishlab chiqqan hamda
amalda tekshirib ko‘rilgan quyidagi qoidalarga amal qilishi zarur:
1.Muammoli vaziyat yaratish shunday amaliy yoki nazariy vazifani nazarda
tutadiki, bu vazifani bajarishda ta’lim oluvchi o‘zlashtirilishi kerak bo‘lgan yangi
bilimlar yoki harakatlarni “kashf etishi” lozim.
2.Masala quyidagi shakllarda berilishi mumkin: savol shaklida, bunda
ma’lumotlar so‘roq gapga kiritilgan bo‘ladi; bunda savolniig ta’rifi, uning mohiyati
vazifani bajarishda ta’lim oluvchida paydo bo‘ladigan real savolga mos kelishi
kerak; topshirik shaklida, bunday masalada xulosa chiqarish, nimanidir
tushuntirish, asoslash taklif etiladi.
3.Masala hamisha ta’lim oluvchining bilim va uquvlariga asoslanishi lozim.
Ular savol yoki vazifaning mohiyatini, tub maqsadni va echish yo‘llarini tushunish
uchun etarli bo‘lishi kerak.
4.Ta’lim oluvchiga taklif etiladigan muammoli vazifa ta’lim oluvchining
intellektual imkoniyatlariga mos kelishi zarur. Vazifaning qiyinlik darajasi ikkita
asosiy ko‘rsatkich: o‘zlashtirilishi kerak bo‘lgan o‘quv materialining yangilik
darajasi va uning umumlashtirilganlik darajasi bilan baholanadi.
5.Odatda, muammoli vazifa o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan o‘quv materialidan
oldin berilishi darkor. Ammo ta’lim oluvchilarda muammoli vazifani hal qilish
uchun etarli darajada bilim va uquvlar bo‘lmasa, ularga zarur ma’lumotlarni bayon
etish yoki ularni muayyan harakatlarga o‘rgatish lozim. Bunday hollarda
o‘qituvchi jarayonlarniig xususiyatlari, aniq ma’lumotlar va shu kabilarni aytib
beradi, ta’lim oluvchilar esa ana shu ma’lumotlar asosida, o‘rganiladigan
harakatlarning umumiy qonuniyatlarini, bajarish usullari hamda shartlarini ijodiy
o‘zlashtiradilar.
6.Ta’lim oluvchilarning muammoli masalalar echish yo‘li bilan yangi
bilimlarni o‘zlashtirish jarayoniga o‘qituvchi doimo bevosita rahbarlik qilishi
kerak. O‘qituvchi muammoli vaziyat yuzaga keltiradi, masalani ta’riflaydi,
shundan keyin yordamchi savollar berish, aniqliklar kiritish, ba’zi narsalarni aytib
berish yo‘li bilan ta’lim oluvchilarga talab etiladigan qonuniyatni mustaqil
tushunish hamda ta’riflashga, qilinadigan ish usuli yoki shartini topishga, zarur
xulosa chiqarishga yordam beradi.
7. Bilim va harakatlarning ma’lum darajada murakkab tizimini muammoli
o‘zlashtirishni ta’minlash uchun muammoli vaziyatlar yaratishda muayyan
muammoga rioya qilish kerak:
murakkab topshiriqni ancha mayda, xususiy topshiriqlarga bo‘lish zarur;
ba’zi hollarda asosiy masala bir necha dars yoki, hatto, butun boshli mavzu
doirasida yagona bo‘ladi va xususiy vazifalar sifatida echiladi;
har bir muammoli vaziyatda bitta noma’lum elementni (xossa, nisbat,
harakat qonuniyati yoki uni bajarish shartini va shu kabilarni) izlanuvchi element
sifatida belgilab olish lozim;
har xil muammoli vaziyatlar uchun xos bo‘lgan didaktik funksiyalarni
farq qilish kerak: mavzuni o‘rganish boshida hosil qilinadigan birinchi muammoli
vaziyat ta’lim oluvchilarda o‘rganilayotgan umumiy qonuniyatni o‘zlashtirish
uchun ehtiyoj uyg‘otishi darkor; shundan keyingi aniq muammoli vaziyatlar
tizimining hammasi shu asosiy masalani ochishga xizmat qiladi;
muammoli vaziyatlar sharoitida o‘qituvchi bayon etadigan o‘quv
materialini va ta’lim oluvchilar mustaqil o‘zlashtiradigan materialni aniqlashga
differensiallangan tarzda yondoshish kerak; bir darsning o‘zida, odatda, ikkala
tipdagi materialdan foydalaniladi.
Bu darslardan maqsad talabalar qo’yilgan muammolarni echa olish yoki
echa olmasligini aniqlashdir. Bunday darslar talabalar maxsus fanlardan ma’lum
bilim, ko’nikma va malakaga ega bo’lganlaridan keyin o’tkaziladi.
|