|
O’zbеkistоn rеspublikаsi
|
bet | 5/64 | Sana | 17.01.2024 | Hajmi | 1,63 Mb. | | #139436 |
Bog'liq Dinshunoslik tayor.2023 oxirgisi (3)Birinchidan, har qanday din o‘z dinidagilar uchun to‘ldiruvchi, ovutuvchi (kompensatorlik) vazifasini bajaradi. Masalan, insonda diniy ehtiyoj hosil bo‘lishini olib qaraylik. U o‘z hayoti. turmush tarzi, tabiat va jamiyat bilan bo‘lgan munosabatlari jarayonida shaxsiy va ijtimoiy ehtiyoj, maqsadlarga etishishi qiyin, ilojsiz bo‘lib ko‘ringanda bunday ma'naviy ehtiyoj vujudga kelgan. Chunki inson hayotida quvonchli yoki tashvishli onlarda, orzular ro‘yobga chiqishi ilojsiz bo‘lgan paytda insoniyatning dinga ehtiyoji jamiyat bo‘lib yashash talablarida boshlangan. Din bu o‘rinda ma'naviy ehtiyojni qondiruvchi, tasalli beruvchilik vazifasini bajargan.
Ikkinchidan, dinlar o‘z ta'limot tizimini vujudga keltirib, unga e'tiqod qiluvchi shaxs va jamoani shu ta'limot doirasida saqlashga harakat qiladi. Buni dinlarning birlashtiruvchilik (integrativlik) funkstiyasi deyiladi. Bunda din muayyan ijtimoiy, etnik va ma'naviy hayotning o‘z ta'siri doirasida bo‘lishini ko‘zda tutadi. Masalan, Islom o‘tmishda Markaziy Osiyo xalqlarining ijtimoiy hayoti, axloqiy munosabatlari, hattoki adabiyot va san'atiga o‘z ta'sirini ko‘rsatgan. Bular orqali elat va xalqdarda turli xil birlashtiruvchi munosabatlar qaror topgan.
Uchinchidan, din dindorlar hayotini tartibga solish, nazorat qilish (regulyativlik) funksiyasini ham bajaradi. Har qanday dinlarning muayyan urf-odat, marosim va bayramlari bo‘lib, ularni o‘z vaqtida, diniy ta'lim va talab asosida bajarilishi shart qilib qo‘yiladi.
To‘rtinchidan, din dindorlarning birligini, jamiyat bilan shaxsning o‘zaro aloqasini ta'minlovchi xususiyat - aloqa bog`lashlik (kommunikativlik) vazifasiga ham egadir. Bunda konkret bir dinga e'tiqod qiluvchi kishi shu dindagi boshqa kishilar bilan bog`liq bo‘liish, urf-odat va ibodatlarni jamoa bo‘lib ado etish ko‘zda tutiladi. Cherkov, masjid va diniy tashkilotlar dinning bu funksiyasini amalga oshirishga ko‘maklashadi, ayni paytda, bu holatni nazorat qiladi.
Beshinchidan, har qanday din ijtimoiy tizim sifatida muayyan cheklovlarsiz bo‘la olmaydi. Shuning uchun u qonun darajasiga ko‘tarilgan axloq normalarini ishlab chiqadi. Bu bilan u legitimlovchilik - qonunlashtiruvchilik funksiyasini bajaradi.
Oltinchidan, din vazifalarining falsafiy, nazariy jihatlari ham mavjud. Bu vazifa insonga yashashdan maqsad, hayot mazmunini, dorulfano va dorulbaqo dunyo masalalariga o‘z munosabatini bildirib turishidan iboratdir.
Kishilik jamiyatida din doimo u bilan birga bo‘lganmi yoki qandaydir davrda jamiyat dinsiz yashaganmi, degan savolga turli fikrlar bildirilgan. Bu - dinning tarixiyligi masalasi bo‘lib, unga ikki xil javob berganlar. Birinchisi, marksistik ta'limotning sobiq tarafdorlari fikricha, «qandaydir muddat insoniyat dinsiz yashagan va jamiyatning muayyan bosqichida - yuqori paleolit davrida, bundan 20-40 ming yil avval din paydo bo‘lgan», deyilgan. Ikkinchisi, «dinning kelib chiqishi insoniyatning paydo bo‘lishi bilan bevosita bog‘liq», degan fikrdir.
Diniy tafakkurning shaxsiy yoki ijtimoiy ildizlari muammosini hal qilish bilan dinning kelib chiqishi muammosini hal qilish mumkin bo‘ladi. E.Taylor kabi evolyusion yo‘nalishdagi pozitivistlarning chiqargan xulosasiga ko‘ra, dinning ildizini «faylasuflik qilgan yovvoyi odam»ga taqaydilar. Ya'ni, «u o‘z-o‘ziga borliq, o‘zini o‘rab turgan olamning paydo bo‘lishi va o‘zi kuzatgan hodisalarning haqiqati haqida savol bergan. Unda fikrlash yuqori darajada bo‘lmagan. Shundan so‘ng unda ruhlar, xudolar, farishtalar haqida tasavvurlar paydo bo‘lgan».
Dinning kelib chiqishi haqida yana bir nazariya mavjud: «Birinchi yolg‘onchi birinchi nodonni uchratganda din paydo bo‘ldi». Bunda din yomon niyatli kishilarning o‘ylab topgan narsasi bo‘lib chiqadi. Bu ikkala nazariya ham hech qanday ilmiy asosga ega emas.
Faylasuflik qilgan yovvoyi odam konsepsiyasi bo‘yicha «ibtidoiy odam yolg‘iz holdagi chuqur fikr yurituvchi bo‘lgan. U o‘z oldiga ulkan savollarni qo‘ygan. Bu savollar uning kundalik hayotida kerak emas edi. Shuni ham unutmaslik kerakki, ibtidoiy odamning fikr yuritishi uning kundalik ishlab chiqarish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu faoliyatning tabiati, shart-sharoitlari birgina odamga tegishli bo‘lib qolmay, barchaga barobar, ijtimoiy gruppa, qabila, urug‘, xalqqa tegishli edi».
Dinning kelib chiqishi «bir odam boshqalarni aldashi natijasida kelib chiqqan», degan fikr ham tanqidga uchragan. Boshqa fikrga ko‘ra, «din - bu jamiyatdagi kishilarning baravariga o‘z-o‘zini aldashi natijasida kelib chiqqan. Shuning uchun ham din ijtimoiy hodisadir degan xulosaga kelish mumkin», deydilar.
Din insonning ruhiy dunyosi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, uning ijtimoiy hayotida doimo u bilan birga bo‘ldi. Shuning uchun ham dinni o‘rganish - bu insoniyatni o‘rganish demakdir. Dinni insoniyatdan, insoniyatni dindan ajratib bo‘lmasligini tarixning o‘zi isbotladi. «Kommunistik jamiyatda din yo‘q bo‘lib ketadi» deyilgan fikrning aksicha kommunizm xayoliy narsayu, din doimiy ekanligi amalda isbotlandi. Demak, din insoniyat bilan birga dunyoga kelgan. muqaddas tushunchalar borki, ular Vatan va xalqman, ezgulik va insoniylik tamoyillari bilan uzviy bog`liqdir. Agarki har qaysi ijodkor o`z asarlarida ana shu o`lmas g`oyalarni bosh maqsad qilib qo`ysa, ularni badiiy mahorat bilan ifoda eta olsa, hech shubhasiz, adabiyot ham, madaniyat va san'at ham tom ma'noda ma'naviy yuksalishga xizmat qilib, o`zining ijtimoiy vazifasini to`liq ado etishga erishgan bo`ladi.
Har qanday dinning muayyan tarixiy sharoitda bajaradigan funksiyalari yig`indisi uning ijtimoiy rolini belgilaydi. Dinning ijtimoiy hayotga ta'siri hamma vaqt ham bir xil bo‘lgan emas. U vaqtga, o‘ringa, sharoitga qarab sezilarli darajada o‘zgarib boradi.
O‘rta Osiyo, jumladan O‘zbekistonda Islomning o‘ziga xos xususiyatlarini tushunish uchun muayyan-tarixiy sharoit, xalqning o‘tmishi, turmush tarzi, ishlab chiqarish usullari, etnik xususiyatlarini hisobga olish zarur.
Islom va Qur'onning vujudga kelishi tarixi bilan bog`liq bo‘lgan muammolar va ularning echimlari XIX asrning o‘rtalaridan boshlab avvalo, Sharq so‘ngra Evropa islomshunosligida o‘rganila boshlangan. Evropa, Amerika islomshunosligi va Qur'onshunosligida olib borilgan tadqiqotlarning ko‘pchiligi, aniq dalillarga boyligidan qat'i nazar, ularning barchasi uslubiy jihatdan cheklangan.
|
| |