131
ularning imoratlari, xo‘jalik inshootlari, omborlarini buzib tashlash kabilar
avj oldi. 1912-yildagi Hazorasp, Xonqadagi qo‘zg‘olonlar keskin tus oldi.
Doimiy qo‘zg‘olonlar natijasida xalq o‘qotar aslahalar bilan qurollanib,
urush olib borish taktikasini o‘rganib olgan edi. Dehqonlar yirik zamin-
dorlar va xonlik amaldorlarining yerlarini egallab ola boshladilar. Asfandi-
yorxon 1000 kishilik o‘zining eng sara qo‘shinini qo‘zg‘olonchilarni bos-
tirishga tashladi. Ammo kutilmaganda Alieli va Toshhovuz o‘rtasida ular
qo‘zg‘olonchilar tomonidan tor-mor etildi. Xonga madadga yetib kelgan
podsho hukumati qo‘shinlari qo‘zg‘olonni qiyinchilik bilan bostirdi.
Yodda tuting!
1912-yilgi qo‘zg‘olon xalq norozilik chiqishlarida yangi
omilni namoyon qildi, ya’ni qo‘zg‘olonchilar o‘qotar asla -
halar bilan qurollanib, urush olib borish taktikasini o‘z-
lashtirgan edilar.
Xalq qo‘zg‘olonlari xonlikda ijtimoiy-siyosiy ha-
rakatlar rivojlanishiga kuchli ta’sir o‘tkazdi. Mam-
lakatdagi yalpi noroziliklar ta’siri ostida jadidchi-
likning Xiva xonligidagi ko‘rinishi,
Yosh xivaliklar harakati vujudga keldi.
Uning Yosh buxo roliklardan farqli jihati harakatda aholining turli qatlam -
lari – dehqonlar, hunarmandlar, savdogarlar, ziyolilar va mayda mulk-
dorlarning ishtirok etishi edi.
Yosh xivaliklar harakati rahbarlari Polvonniyoz hoji Yusupov, Bobo-
oxun Salimov, Bekjon Rahmonov, Nazir Sholikorov, Jumaniyoz Sulton-
murodov kabi taraqqiyparvarlar bo‘lib, ular Xorazmda katta nufuzga
ega bo‘lishgan. Yosh xivaliklar o‘z davrining bilimdon va fozil kishilari
bo‘lib, Xiva xonligida ma’rifat tarqatish va islohotlar o‘tkazish uchun
jiddiy harakat qildilar. 1910-yilda xon «Islohotlar loyihasi»ni qabul qil-
di. Loyiha boshqa ruv tizimini tartibga solishni nazarda tutar edi. Xon
devoni saqlab qolinib, faqat amaldorlar davlat ta’minotiga o‘tkazilishi
mo‘ljallangan edi. Loyihada, shuningdek, yangicha milliy maktablarni
tashkil qilish g‘oyasi ham ilgari surilgandi. Takliflar umumiy jihatlari
bilan cheklanganligiga qaramasdan, ular chuqur islohotlar orqali Xiva
davlatchiligi mustaqilligini tiklashga qaratilgan edi. Yangicha milliy
maktablar ta’lim va madaniyat saviyasini ko‘tarish hamda xivalik ziyoli-
larning yangi avlodini shakllantirish uchun kerak edi. Bu ularda xon ho-
kimiyatining mustabidligiga nisbatan murosasiz lik hissini tarbiyalashga
xizmat qilardi.