|
Faoliyatning o’zlashtirilishi va mashqlar
|
bet | 70/116 | Sana | 25.11.2023 | Hajmi | 0,55 Mb. | | #105241 |
Bog'liq 18 09 2023 УМК МУҲАНДИСЛИК ПСИХОЛО ГИЯСИ 2023 2024 Faoliyatning o’zlashtirilishi va mashqlar. Harakat usullaridagi mazkur o’zgarishning siri nimada va ular qanday psixologik mexanizmga ega, degan savolning tug’ilishi tabiiydir. Psixologik mexanizm (ta’minlash) o’z ichiga izlanish urinishlarini va tanlashni oladi. Shaxs u yoki bu harakatni bajarishga urinib ko’radi, hatto ushbu jarayonni nazorat qilib ham turadi. Bu o’z navbatida muvaffaqiyatli sa’y-harakatlar, o’zini oqlagan chamalashlar, mo’ljallar inson tomonidan tanlanadi va asta-sekin mustahkamlanadi. Qo’llanganda foyda (naf) bermaydigan, ortiqcha harakatlar samara beruvchilari bilan almashtiriladi. Muayyan harakatlar yoki faoliyat turlarini o’zlashtirish maqsadida ularni anglagan tarzda hamda ongli ravishda nazorat qilishga va tuzatishga asoslangan holda ko’p martalab takroran bajarish faoliyati mashq deb ataladi.
Mashq qila borgan sari inson harakatlari xarakterining o’zgarishi bu harakatlarni bajarish chog’ida, uning psixik faoliyati tuzilishida yuz beradigan o’zgarishlarni aks ettiradi. Ongli nazorat qilinib va tuzatilib turiladigan har bir yangi urinish harakat usullari va vazifalarini faqat eslab qolishdagina aks etmaydi. Odatda u vazifani tekshirish usullarining, uni hal qilish va tuzatish yo’llarining ham o’zgarishiga olib keladi.
Malakani shakllantirishda bajarilayotgan harakatlarning nutq faoliyatida so’z bilan ifodalanishi ‒ nutq faoliyati, shuningdek bajarilishi lozim bo’lgan harakat timsolining “xayoldagi” ifodasi, ya’ni ideal faoliyat yetakchi vosita bo’lib xizmat qiladi. Ana shu yo’sinda insonning malakasi anglashinilgan tarzda avtomatlashgan xatti-harakat sifatida shakllanadi. Malakalarni shakllantirish mexanizmiga, tamoyiliga muayyan odatiy jabhalarga, usul va vositalar tanlash xususiyatiga alohida e’tibor qilish, uning muvaffaqiyatli hosil bo’lishini ta’minlaydi. Buning uchun quyidagilarga ahamiyat berish maqsadga muvofiq:
• usullarni tanlash;
• harakatda ong nazorat funksiyasini kamaytirish;
• maqsadni oydinlashtirish;
• shart-sharoitni tasavvur etish;
• malakani shakllantirish modelini xayolda yaratish va hokazo.
Shuningdek, malakalarning o’zaro ta’siri muammosiga alohida ahamiyat berish kerak, chunki inson malakalar tizimiga amal qilgan holda yangi malakani o’zlashtiradi. Alohida bitta malakaning shakllantirilishi hech qachon mustaqil, ajratib olingan holdagi jarayon hisoblanmaydi. Oldin egallangan malaka, keyingisini tarkib topishiga yordamlashadi, goho esa unga halaqit berishi ham mumkin.
Ilgari mustahkamlangan malakalarning yangi malakalar hosil qilishga ijobiy ta’sir ko’rsatishi ― malakani ko’chirish deb ataladi.
Bu qonuniyat avvalo shundan iboratki, ma’lum bir sohada hosil qilingan malaka shunga yaqin sohaga doir boshqa malakalarni ancha yengillik bilan egallashga moyillik tug’diradi. Masalan, ma’lum bir mashinada, epchillik bilan ishlaydigan ishchi bundan ko’ra murakkabroq yoki boshqacharoq mashinada ishlashni tez orada o’rganib oladi. Bir xil musiqa asbobida chalish texnikasini egallagan kishi boshqa asboblarda chalishni yengillik bilan o’rganadi. Ma’lum bir chet tilini o’rganishda qilinadigan mashqlar boshqa tillarni o’zlashtirishni ham yengillashtiradi.
Mustahkamlanib ketgan malakalar yangi malakalar hosil qilishga salbiy va tormozlantiruvchi tarzda ta’sir qilishi mumkin. Malakaning mana shunday o’zaro salbiy munosabatlarini, odatda, malakalar interferensiyasi deb ataladi. Masalan, agar uyidagi kompyuterda 2003-yil “Matn redaktori” dasturida ishlashga odatlangan odam, boshqa joyda, masalan ishxona yoki internet klubida 2010-yil “Matn redaktori” dasturi o’rnatilgan bo’lsa, bunday vaziyatda ushbu odam uyidagi dasturiga nisbatan takomillashtirilgan yangi dasturda ishlash, u uchun qiyinchilik tug’diradi.
Xulosa qilib aytganda, ishchi ― ko’nikma, malaka, usul, harakat, sa’yharakat, operatsiya kabi tarkibiy qismlar tufayli inson muayyan mahsullarga erishadi, moddiy va ma’naviy natijalarni hamda bilimlarni vujudga keltiradi. Mustahkam o’zlashtirilgan malakalar esa, kishi faoliyatini yengillashtirish bilan birga bu faoliyatning eng samarali bo’lishiga ham yordam beradi. Malakalar inson faoliyatining barcha turlari uchun zarurdir. Har qanday ixtisos uchun ma’lum malakalar tizimining bo’lishi shart. Har qanday mehnatni ratsionallashuvi ko’p jihatdan yangi mahorat cho’qqilariga intilish va yangi malakalarni hosil qilish, borini takomillashtirishdan iboratdir.
|
| |