14.1.Guruh va uning turlari
Guruh – bu muayyan belgiga, masalan, sinfiy mansublikka, birgalikda faoliyat ko’rsatishning mumkinligiga va uning xarakteriga, tashkil topish xususiyatlari va shu kabilar asosida ajralib turadigan insoniy umumiylikdir. Guruhlarning tasniflanishi ham shunga muvofiq tarzda bo’lib, kichik va katta guruhlarga bo’linadi. Ular ham o’z navbatida real (bog’langan), shartli formal (rasmiy) hamda noformal (norasmiy) guruhlarga, rivojlanish darajasi turlicha bo’lgan, ya’ni rivojlangan (jamoalar) va kam rivojlangan guruhlarga (uyushmalar, birlashmalar, aralash guruhlarga) bo’linadi.
Katta guruhlar umumiy makon va zamonda hayot kechiradigan anchagina odamlarni o’z tarkibiga olgan sotsial umumiylikni tashkil etadigan real (bog’langan) guruhlar shaklida bo’lishi mumkin. Ularga misol sifatida bir partiya yoki kasaba uyushmasi a’zolarini keltirish mumkin. Katta guruhlar ba’zi bir belgilariga (sinfiy, milliy, yosh va boshqa belgilariga asosan birlashtirilgan shartli guruhlar shaklida bo’lishi mumkin. Masalan, yer yuzidagi barcha o’smirlar, yoki ishchilar sinfi.
Kichik guruhlar - hamisha bog’langan umumiylik bo’lib, unga kiruvchi shaxslarning o’zaro birgalikdagi real harakati va ular o’rtasidagi real o’zaro munosabatlar bilan bog’langandir. Bu guruhlar rasmiy (formal) bo’lishi, ya’ni yuridik jihatdan qayd etilgan huquq va burchlarga, tayinlab yoki saylab qo’yilgan rahbarga ega bo’lishi mumkin.
Yuridik jihatdan statusga ega bo’lmagan, ammo tarkib topgan shaxslararo munosabatlar (do’stlik, xayrihohlik, hamjihatlik, ishonch va shu kabilar) sistemasi bilan ifodalanadigan norasmiy ( noformal) guruhlar ham alohida ajralib turadi.
Jamoa guruhiy rivojlanishning eng yuksak formasidir. Jamoa – shaxslararo munosabatlar birgalikdagi faoliyatning ijtimoiy qiymatlari va shaxsiy jihatdan ahamiyati orqali o’z ifodasini topadigan guruhdir.
Har qanday guruh tuzilishiga ko’ra guruh a’zolari nufuzi va statusining o’ziga xos darajasini aks ettiradi. Uning yuqori qismidan referentometrik va sotsiometrik tarzda tanlanadigan shaxslar o’rin oladi, eng orqada esa noreferent va sotsometrik jihatdan surib chiqarilgan shaxslar turishadi. Mazkur ierarxiya zinapoyasining eng yuqori bosqichida guruhning peshqadami(lideri) joylashadi.
Peshqadam – bu shunday shaxsdirki, guruhning qolgan barcha a’zolari uchun o’zlarining manfaatlariga daxldor bo’lgan hamda butun guruh faoliyatining yo’nalishini va xarakterini belgilab beradigan eng ma’suliyatli yechimlarni qabul qilishga haqli deb hisoblaydilar.
Guruh - nisbatan barqaror, tarkibi jihatidan a’zosi unchalik ko’p bo’lmagan, umumiy maqsad bilan bog’langan kishilarning birlashmasi.
Bunda kichik guruh a’zolari o’rtasida bevosita aloqalar o’rnatiladi va amalga oshiriladi. Bu guruhda, umumiy maqsad mavjud bo’lib, uning a’zolari bu maqsadga erishish yo’lida o’zlarining barcha kuchlarini safarbar etadilar. Kichik guruhga kiruvchi kishilar bir-birlarini shaxsan biladilar va guruh oldida turgan vazifalarni hal qilish uchun bir-birlari bilan muloqotda bo’ladilar.
Fasilitatsiya- individ faoliyat mahsuliga boshqa individ bevosita ta’siri bo’lib: sensor kuchayishlar, ish-harakat va fikrlashning tezligida namoyon bo’ladi.
Ingibitsiya- boshqa ta’sir individlar reaksiyalardagi tormozlanishi, faoliyatning susayishi.
Kichik guruhda a’zolar soni 2 kishidan 40 kishigacha bo’ladi.
-Oila, ishlab chiqarish brigadasi, samolyot yoki kosmik kema ekipaji, o’quvchilar sinfi kichik guruh sifatida qarashi mumkin. Ba’zi kichik guruh ichida birlamchi guruhlar mavjud bo’lishi mumkin. Bunday guruh unchalik katta bo’lmay, uning a’zolari 2-7 kishini tashkil etadi. Uning a’zolari kichik guruhning a’zolari bo’lish bilan birga, mustaqil uyushma bo’lishi mumkin.
-Shartli guruh - faqatgina nom jihatdan mavjud bo’lgan kishilarning uyushmasidir. Shartli guruhga kiruvchi kishilar bir-birlari bilan hech vaqt uchrashmasliklari ham mumkin, lekin shu bilan birga guruhga ajratish bo’yicha umumiy, ijtimoiy va psixologik xususiyatlarga ega bo’ladi. Masalan, o’smirlar mamlakatimizning qaysi shahar va qishlog’ida yashashidan, hech qachon bir yerga to’planmasliklaridan qat’iy nazar shartli guruhga birlashtirilishi mumkin.
-Real guruh - haqiqatdan mavjud bo’lgan kishilarning uyushmasidir. Bu guruhdagi kishilar real aloqa va munosabatlar maqsad va vazifalar bilan o’zaro bog’langan bo’ladilar. Real guruh qisqa vaqt davomida yoki uzoq muddat davomida mavjud bo’lishi, son jihatdan ko’p yoki kam bo’lishi ham mumkin.
-Rasmiy guruh - rasmiy hujjatlar asosida to’plangan guruh (ustav, shtat), ishlab chiqarishdagi ta’minot bo’limi, oliy o’quv yurtidagi talabalar ish yuzasidan rasmiy guruhlardir. Bunday guruh a’zolari o’rtasida ish yuzasidan bo’ladigan aloqalar o’rnatiladi, bu aloqalar ham hujjatda ko’zda tutilgan bo’ladi. Ular bo’ysunish yoki teng huquqlikni, topshiriq bajarishdagi javobgarlikning ko’p yoki kam bo’lishini ko’zda tutadi.
-Norasmiy guruh - psixologik motivatsiyaning yagona yo’nalishi asosida simpatiya, qarashlarning yaqinligi, e’tiqod asosida vujudga keladi. Bunda rasmiy hujjatlar hech qanday kuchga ega emas. Agar simpatiya va o’zaro bog’liqlik yo’qolsa, guruh ham tarqab ketadi.
-Referent guruh (etalon guruh) — bu real yoki xayolan mavjud bo’lgan guruh bo’lib, uning qarashlari, qonun-qoidalari namuna bo’lib hisoblanadi. Guruh normalarini tan oluvchi ularni eng yaxshi deb hisoblovchi va ularga qo’shiluvchi shaxs shu guruhga kirishi mumkin. Bunda shaxs bu normalarga qo’shilibgina qolmay, ularni himoya qiladi va zarur bo’lsa, tashviqot qilishi mumkin.
|