|
Ilmiy tadqiqot ishlarining maqsad va vazifalari
|
bet | 3/8 | Sana | 03.12.2023 | Hajmi | 0,68 Mb. | | #110270 |
Bog'liq Kurs ishIlmiy tadqiqot ishlarining maqsad va vazifalari: Oddiy bo‘ymodaron (Achillea millefolium L.) o‘simligining bioekologik xususiyatlari va yetishtirish agrotexnologiyalarini o‘rganishdan iborat.
Tadqiqotning ilmiy va amaliy axamiyati: Olingan natijalar oddiy bo‘ymodaron (Achillea millefolium L.) o‘simligini yetishtirish agrotexnikasini ishlab chiqish va ularni ixtisoslashgan xo‘jaliklarda joriy etish masalalarini ma’lum miqdorda hal etadi. Shuningdek, mazkur o‘simlik xom-ashyolari bazalarini yaratishga ma’lum ma’noda zamin yaratiladi.
Tadqiqotning obyekti: Tadqiqotning obyekti sifatida oddiy bo‘ymodaron (Achillea millefolium L.) o‘simligi tanlab olindi.
II. ADABIYOTLAR SHARHI
Dorivor o‘simliklar xaqidagi birinchi yozuvlar miloddan 3 ming yil avvalgi manbalardan topilgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, bizning davrimizgacha yetib kelgan qo‘lyozmalarda dorivor o‘simliklardan foydalanish miloddan 6 ming yil avval shumerlar (xozirgi Iroq yerlarining qadimgi axolisi) tomonidan yozib qoldirilgan. Shumer tabiblari, o‘simlikning yer ustki va yer ostki qismidan kukunlar va damlamalar tayyorlab, foydalanganlar. Quritib maydalangan o‘simliklar kukuniga, xayvonot dunyosidan olingan maxsulotlar qo‘shib foydalanish xam, adabiyotlarda uchrab turadi.
O‘rta Osiyoda xam dorivor o‘simliklardan foydalanish tarixi juda uzoq davrlarga borib tarqalishi shubxa tug‘dirmaydi. Bizgacha yetib kelgan manbalarga, asosan, o‘rta asr yirik qomusiy olimlari Abu Ali ibn Sino (980-1037) va Abu Rayxon Beruniy (973-1048) ijod maxsullari yer yuzida tan olingan va shu davrgacha ilmiy va amaliy axamiyatini saqlab kelayotgan ilmiy asarlardir [8].
1892 yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan botaniklar va zoologlar s’yezdida, yangi ozuqabop, texnik va dorivor o‘simliklarni O‘rta Osiyo sharoitida sinab ko‘rish va ilmiy jihatdan o‘rganish masalasi qo‘yildi. Shunga asoslangan holda, Kaspiy orti vohasida ilmiy asosda iqlimlashtirish stansiyasi tashkil qilindi va 1893 yilda stansiyada 112 tur o‘simliklar o‘rganish uchun ekildi. Ulardan 7 turi dorivor o‘simliklar (Foeniculum vulgare Mill, Rhamnus catartica L., Matricaria recutita (L.) Rauschert., Salvia officinalis L. va boshq.) bo‘lib, keyinchalik ularning qatori tabobatda keng qo‘llaniladigan muhim (Altaea officinalis Kr., Angelica archangelica L., Rosmarinus officinalis L. va boshq.) turlar bilan to‘ldirildi [20].
Shu vaqtga kelib, Turkiston mevachilik qishloq xo‘jaligi jamiyati bo‘limi, dehqonchilik bosh boshqarmasi yonida dorishunoslar guruhini tashkil etdi. Bu guruh tomonidan kelajakda Turkiston o‘lkasida ekiladigan va o‘rganiladigan dorivor o‘simliklar qatorini tuzish, ularni ekishni rejalashtirish va kolleksiyasini tashkil etish maqsad qilib olindi. Ekiladigan dorivor o‘simliklar qatoriga Digitalis purpurea L., Valeriana officinalis L., Arnica montana L., Glycyrrhiza glabra L. va boshqalar kiritildi [25].
A.Talishevskiy (1915) tomonidan dorivor va xushbo‘y ozuqabop o‘simliklar (Mentha piperita L., Crocus sativus L., Anisum vulgare Gaertn.,
Rinicus communis L., va boshq.) ning ekilishi taklif etildi [28].
Kaspiy bo‘ylarida esa V. I. Gomilevskiy tomonidan Atropa belladonna L., Ruta graveolens L., Pyretrum roseum (Adans) M. V. va shuningdek, 10 tur dorivor o‘simliklarni ekish rejalashtirildi [12].
A.A.Dыlevskiy ilmiy ishlarida (1915, 1916) Turkiston o‘lkasida yovvoyi holda o‘sadigan dorivor o‘simliklar (Angelica archangelica L., Cartamnus tinctorius L., Inula helenium L., Origanum vulgare L. va boshq.) ni madaniy holda ekish mumkinligini tavsiya etadi va Turkiston qishloq xo‘jaligi jamiyatining kolleksiyasida 80 tur dorivor va texnik o‘simliklar o‘stirilayotganini ma’lum qiladi. Ekish uchun o‘simliklarning urug‘lari Rossiya, Amerika, Fransiya va Angliyadan olindi. Natijada, Adonis aestivalis Bobr., Bryonia alba L., Borago officinalis L. va boshqa o‘simliklar o‘stirilib ko‘paytirildi [14].
Shunday qilib, amalga oshirilgan ilmiy ishlar, dorivor o‘simliklarning introduksiyasi va iqlimlashtirilishi sohasida muhim poydevor bo‘lib xizmat qildi. Dastlab, O‘rta Osiyo Davlat universitetining Botanika bog‘i olimlari tomonidan mahalliy va chetdan keltirilgan dorivor o‘simliklar introduksiya sharoitida o‘stirildi. Dorivor o‘simliklarning kolleksiyasi tashkil etildi.
S.N.Kudryashov (1931, 1932, 1935) va P.K.Ozolinlar (1931) 23 tur dorivor va efir-moyli o‘simliklarning geografik tarqalishiga asoslanib ekib, sinovdan o‘tkazdilar. Ilmiy ishlar O‘rta Osiyo Davlat universitetining Botanika bog‘ida, Toshkent atrofida, Bo‘zbozorda, janubiy-g‘arbiy TyanShan tog‘ oldi adirliklarida, Xo‘jand va Chimyonda olib borildi. Ekiladigan urug‘lar va ko‘chatlar Nikitin Botanika bog‘i (Yalta) va Butunittifoq dorivor o‘simliklar ilmgohi (Leningrad) dan olindi. Dorivor o‘simliklarning introduksiya sharoitida, geografik xilma xil mitaqalarda o‘stirish, rivojlanishi, biologiyasi va biologik faol moddalarning o‘rganilishi xususida ilmiy izlanishlar amalga oshirildi [18,19].
S.N.Kudryashov (1937) o‘zining «Efir-moyli o‘simliklar va ularning O‘rta Osiyoda o‘stirilishi» nomli monografik asarida 23 tur efir-moyli o‘simliklarning geografik sharoitlarda o‘sishi va xususiyatlari asosida introduksion tajribalarining natijalarini tahlil qilib, o‘simliklarning introduksion chidamliligi to‘g‘risida axborot berdi. U O‘zbekiston iqlim va tuproq sharoitida O‘rta yer dengizi, Janubiy Yevropa, Shimoliy Afrika, Osiyo, Eron, Afg‘oniston, Shimoliy Amerikaning Atlantik bo‘yi rayonlari, subtropik Xitoy va Yaponiyadan ko‘p yillik o‘simliklarni, Hindiston va Syeylondan bir yillik dorivor o‘simliklarning introduksiya qilinishi qoniqarli natijalar berishini isbotlab berdi va ularni o‘stirish uchun tavsiya qildi [18,19].
R.L. Xazanovich, M.I.Russiyan, P.A.Gomoliskiy (1951) lar o‘z ishlarida mahalliy va chetdan keltirilgan dorivor, kraxmal saqlovchi va efir-moyli o‘simliklarni introduksiya sharoitida o‘sishi va rivojlanishi, kimyoviy tarkibining o‘zgarishlarini o‘rgandilar [30].
Bir qator olimlar ilmiy ishlarida ham mahalliy, ham chetdan keltirilgan dorivor o‘simliklarni introduksiya sharoitida o‘rganib, introdusentlarning moslashish xususiyatlarini ilmiy jihatdan asoslab berdilar. Xususan, H.X.Xolmatovning qayd etishicha, O‘zbekiston florasida dorivor o‘simliklarning 577 turi mavjud bo‘lib, ular 381 turkum va 93 oilaga mansubdir [32,33,34]. Ularning 140 turi madaniy holda ekiladi. Dorivor o‘simliklarning 47 turi esa Sobiq Ittifoq Davlat farmakopeyasiga kiritilgandir (GF-IX nashr). Ilmiy tabobatda hozirgi vaqtda 180 tur dorivor o‘simlik foydalanish uchun ruxsat etilgan bo‘lib, ularning 65% yovvoyi holda uchraydi [32,33,34].
O‘zbekistonda dorivor o‘simliklarning introduksiyasi va iqlimlashtirilishi sohasida O‘zR FAsining Botanika instituti va Botanika bog‘i olimlari muhim ishlarni amalga oshirdilarki, bu tadqiqotlar respublikamiz dori-darmon ishlab chiqarish tarmog‘ining dorivor o‘simliklar xom-ashyosiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda muhim tadbirlardan biri bo‘ldi. Masalan, 1950-1965 yillar mobaynida akademik F.N.Rusanov boshchiligida Yer sharining deyarli barcha floristik oblastlaridan o‘simliklar yig‘ib kelindi va ularning namunalari tuzildi. Q.H.Xo‘djayev va H.X. Xolmatov (1963,1965) lar esa kolleksiyadagi dorivor o‘simliklarni madaniy holda o‘stirish va ularga qo‘llaniladigan agrotexnik tadbirlari ustida ilmiy ish olib bordilar [31,32]. Shuningdek, I.V.Belolipov (1976) O‘rta Osiyo florasida uchraydigan o‘simliklarning Toshkent Botanika bog‘i - introduksion sharoitida ekologik jihatdan moslashish xususiyatlarini tavsiflab berdi. Ilmiy tadqiqotlarda O‘rta Osiyo florasiga mansub 565 yoki Yer sharining floristik oblastlaridan 5,5 mingdan ortiq tur introduksiya qilingan o‘simliklar kolleksiyasidan foydalanildi [11].
A.A.Abdurahmonov va S.P.Valixo‘jayeva (1980) lar tomonidan esa, Sharqiy Osiyo floristik oblastiga mansub bo‘lgan 25 turning introduksiyasi o‘rganildi. Bu tadqiqotlardan so‘ng Toshkent sharoitida 500 dan ortiq turlardan iborat kolleksiya tashkil qilindi [7].
Jumladan, Yu.M. Murdaxayev (1965-1990) tomonidan Nyphaceae Dc., Nelumbonacea Salisb., Trapa L., Mentha L., Brasenia schreberi I. F. Gmel., Sophora japonica L., Orthosiphon stamineus Benth., Solanum laciniatum Ait., Rhaponticum carthamoides (Willd.) Jljin., Mandragora turcomanica (Mizgir.),
Aerva lanata (L.) Juss va boshqa o‘simliklar introduksiya qilindi. Sharqiy Osiyo florasiga mansub bo‘lgan dorivor o‘simliklarning mavsumiy rivojlanishi turli xil sharoitlarda (soya va quyoshli ekspozisiyasida, soyaquyosh ekspozisiyalarida sug‘orish miqdori bilan) o‘rganildi. O‘zbekiston dorivor o‘simlikshunosligi uchun yangi bo‘lgan 35 turdan ortiq dorivor o‘simliklar ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklarda sinovdan o‘tkazildi [20].
T.S.Safarov (1982) Janubiy-Gʻarbiy Tyan-Shan o‘rta tog‘ qismlarida uchray-digan bir necha dorivor daraxt va buta o‘simliklarning introduksiyasi bilan shug‘ullandi [27].
N.A.Toshmatova (1975) Hyssopus L. turkumi turlarining introduksiyasi, O.A.Titova (1988) 40 ga yaqin Eremurus M. B., Allium L., Crocus L., Juno Tratt., Asparagus L. turlari va T.T.Tursunov (1987) Sophora korolkovii Koehne. o‘simliklarining introduksiya sharoitida o‘sish va rivojlanishidagi o‘zgarishlar jarayonlarini ilmiy jihatdan tahlil etdilar [29].
Shuningdek, ko‘p olimlar mahalliy floraga mansub dorivor o‘simliklarni xaritaga tushirish, ularning xom-ashyo zahiralarini aniqlash, madaniy holda o‘stirish va ulardan foydalanish masalalari ustida ish olib bordilar. I.I.Granitov (1937) mahalliy sharoitda o‘sadigan dorivor o‘simliklar, A.Ya.Butkov (1942) O‘zbekistonning bir necha tur dorivor o‘simliklari, N.A.Amirxonov (1961) Crambe kotschyana Boiss., T.O.Odilov va Ye.Ye.Korotkova (1965) Vinca erecta Rgl. et Schmals. to‘g‘risida ilmiy tadqiqotlar olib bordilar [13].
P.Q.Zokirov va L.M.Myasnikova (1979) lar to‘qayda o‘sayotgan 14 tur dorivor va foydali o‘simliklarni o‘rgandilar. P.Q.Zokirov, R.I. Toshmuhamedov va A.T.Qobulov (1983) lar Adonis turkestanicus (Korsh.), Inula grandis Schrenck., Gentiana oliviyeri Griseb. kabi dorivor o‘simliklarni ilmiy jihatdan o‘rganib, tabiatdagi hom-ashyo maydonlarini aniqladilar [17].
S.M.Mustafoyev (1966) Qashqadaryo va Surxondaryo vohasining dorivor o‘simliklari, T.P.Po‘latova, H.X.Xolmatov, N.N.Jo‘rayev (1980) O‘zbekistonning yovvoyi holda o‘sadigan dorivor o‘simliklari va Toshkent vohasi dorivor o‘simliklari, S.S.Sagatov (1966) O‘zbekistonning saponin saqlovchi o‘simliklari to‘g‘risida ilmiy tadqiqotlar olib bordilar [22].
Shuningdek, N.N.Shorahimov (1977) ning Peganum garmala L., M.U.Olloyorov (1974) ning O‘rta Osiyoda Rheum L. turkumi vakillarining tarqalishi, U.Rahmonqulov (1981,1999) ning Gʻarbiy Tyan-Shanning terpen moddasi saqlovchi o‘simliklari va ularning foydalanilishi, Q.H.Hojimatov (1999) ning dorivor va efir moyli o‘simliklarning zahiralarini aniqlash, A.S.Yo‘ldoshev (2001) ning Janubiy Turkiston va Shimoliy Zarafshon tizmalarining dorivor o‘simliklari to‘g‘risidagi ilmiy asarlari yaratildi [35].
O‘zbekistonning shimoliy hududi bo‘lgan Qoraqalpog‘iston florasida 343 tur dorivor o‘simliklar aniqlanib, shulardan 15 turiga (farmakopeyaga kirgan turlar) ekologik jihatdan va xom-ashyo zahiralarining hajmi to‘la tahlil qilindi.
Toshkent farmasevtika instituti professor A.A.Nurmuxamedov va A.E.Ergashevlar (2005) bo‘ymodaron o‘simligining o‘sishi, rivojlanishi, hosildorligi va turli fiziologik-biokimyoviy jarayonlariga azotli o‘g‘itlarning taьsirini o‘rganishdi. O‘tkazilgan tajribalarida bo‘ymodaron o‘simligi barglari tarkibidagi xlorofill va karotinoidlar biosinteziga va, mos ravishda, fotosintez jadalligi va suv rejimiga azotli o‘g‘itlar ijobiy taьsir ko‘rsatishi, shuningdek ammoniy nitratga nisbatan mochevinaning taьsiri samaraliroq ekanligi aniqlandi [23].
|
| |