|
Fermer xo‘jaliklarining asosiy yo‘nalishlari
|
bet | 10/122 | Sana | 25.06.2024 | Hajmi | 1,43 Mb. | | #265621 |
Bog'liq Fermer xo\'jaligi iqtisodiyoti1Fermer xo‘jaliklarining asosiy yo‘nalishlari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 24-martdagi «Qishloq xo‘jaligida islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim yo‘nalishlari to‘g‘risida»gi Farmonida belgilab berilgan: fermer xo‘jaliklari zarar bilan ishlayotgan, past rentabelli va istiqbolsiz shirkatlar negizida barpo etiladi; fermer xo‘jaligi yuridik shaxs sifatida, asosan, xususiy korxona shaklida, keyinchalik ular turli shakldagi kooperatsiyalarga birlashish huquqi bilan barpo qilinadi; yer maydonlari fermerlarga tanlov asosida ellik yilgacha uzoq muddatga, ijara muddati davomida meros qilib qoldirish huquqi bilan ijaraga foydalanish uchun beriladi; fermer xo‘jaliklariga beriladigan yer maydonlari shirkat xo‘jaliklarining balansidan chiqariladi; yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish hamda moddiy-texnika resurslari
va xizmatlarni olish uchun shartnomalarni faqat fermer xo‘jaliklarning o‘zlari tayyorlov, qayta ishlash hamda xizmat ko‘rsatish korxonalari va tashkilotlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzadilar.
Fermer xo‘jaliklarini tashkil etish ishlari quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:
Mehnat resurslari yetarli bo‘lmagan va yangi sug‘oriladigan yerlar hamda zaxira yerlarda fermer xo‘jaliklari tashkil etiladi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkatlari)ning yerlarida fermer xo‘jaligi tuzish uchun berilgan arizaga binoan, umumiy majlisning qarori bilan ajratiladigan yerlarda fermer xo‘jaliklari tuziladi.
Surunkasiga zarar ko‘rib ishlayotgan istiqbolsiz yoki past rentabelli xo‘jaliklar Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida qayta tashkil etilib, to‘lig‘icha fermer xo‘jaliklariga aylantiriladi.
Fermer xo‘jaligi aksariyat hollarda ortiqcha mehnat resurslari bo‘lmagan yerlarda va hududlarda tashkil etiladi.
Chorvachilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligi kamida 30 shartli bosh chorva moli bo‘lgan taqdirda tashkil etiladi. Fermer xo‘jaligiga ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam o‘lchami bir shartli bosh chorva molga hisoblaganda, Andijon, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi sug‘oriladigan yerlarda kamida 0,3 gektarni, viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi sug‘oriladigan yerlarda kamida 0,45 gektarni, sug‘orilmaydigan (lalmikor) yerlarda esa kamida 2 gektarni tashkil etadi.
Dehqonchilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklariga ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam o‘lchami paxtachilik va g‘allachilik uchun kamida 10 gektarni, bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik va boshqa ekinlarni yetishtirish uchun kamida 1 gektarni tashkil etadi.
Yer uchastkalari berilganda, fermer xo‘jaligi o‘z zimmasiga qishloq xo‘jalik ekinlarining hosildorligi (uch yil uchun o‘rtacha yillik hosil hisobida) yerning kadastr bahosidan kam bo‘lmasligini ta’minlash majburiyatini oladi. Bu majburiyat yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasida mustahkamlab qo‘yiladi.
Fermer xo‘jaligi shu xo‘jalik boshlig‘i tomonidan tashkil etiladi, u fermer xo‘jaligiga tegishli, aloqador mol-mulk ajratib beradi va ustavini tasdiqlaydi.
Fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun uning boshlig‘i belgilangan tartibda yer uchastkasi olishi kerak.
Fermer xo‘jaligi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatiga olingan paytdan e’tiboran tashkil etilgan deb hisoblanadi. Fermer xo‘jaligi vakolatli organ
tomonidan davlat ro‘yxatiga olingandan keyin yuridik shaxs maqomini oladi, bank muassasasida hisob-kitob varag‘i va boshqa xil hisob varaqlari ochib, o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
Fermer xo‘jaligini tashkil etish
Fermer xo‘jaligini yuritish istagini bildirgan fuqarolar, birinchi navbatda,
«Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi Qonunda belgilab berilgan tartibda uzoq muddatli ijaraga yer uchastkasi ajratishni so‘rab qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) boshqaruvi nomiga ariza beradilar. Bunda arizalarni berish va ko‘rib chiqish qishloq xo‘jaligi ekinlarini yig‘ib olish tugagan vaqtga to‘g‘ri kelishi maqsadga muvofiqdir.
Fuqaroning arizasi va umumiy majlis qarori fermer xo‘jaligining biznes- rejasi bilan birga tuman hokimiga yuboriladi. Ushbu hujjatlar tuman hokimi tomonidan besh kun muddatda yer uchastkalarini berish masalalarini ko‘rib chiquvchi tuman komissiyasiga xulosa berish uchun topshiriladi. Komissiya o‘n besh kun muddatda hujjatlar bilan tanishib chiqadi va bo‘lajak fermer bilan suhbat o‘tkazadi hamda ijaraga yer berish muvofiqligi yoki muvofiq emasligi haqida xulosa tayyorlaydi. Xulosani yuqoridagi hujjatlar bilan birga tuman hokimiga taqdim etadi.
Tuman hokimi o‘n besh kun muddatda taqdim qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqib, fermer xo‘jaligi yuritish uchun fuqaroga yer uchastkasi berish to‘g‘risida qaror tayyorlaydi. Tuman hokimining tavsiyasi bilan viloyat hokimiyatida tuzilgan komissiyaga yuboriladi. Komissiya xulosasiga asosan, tuman hokimi qaror chiqaradi. Tuman hokimi qaror qabul qilgandan so‘ng, o‘n kun muddat ichida hokimiyatning yer tuzish va yerdan foydalanish xizmati bilan fermer xo‘jaligi boshlig‘i o‘rtasida yer ijarasi shartnomasi tayyorlanib, imzolanishi lozim.
Shartnoma imzolangandan so‘ng, o‘n kun muddatda tuman bosh yer tuzuvchisi va shirkat xo‘jaligi vakili fermer uchun ajratilgan yerni ko‘rsatadi va uch nusxadagi dalolatnoma bilan tasdiqlaydi. Fermer xo‘jaligi tuman hokimligida davlat ro‘yxatidan o‘tadi. Buning uchun Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 22-avgustdagi Qaroriga muvofiq, ushbu toifadagi xo‘jaliklar tuman hokimligiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim:
Ariza.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) umumiy yig‘ilishining yoki boshqa qishloq xo‘jaligi korxonasi oliy boshqaruv organi yoki ish beruvchi (ma’muriyati) ning fermer xo‘jaligini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori.
Notarial tasdiqlangan Nizomning ikkita asl nusxasi.
Davlat boji yoki ro‘yxatdan o‘tish to‘lovi to‘langanligi to‘g‘risida bank to‘lov hujjati (eng kam ish haqining besh barobari miqdorida).
Vakolatli shahar (tuman) hokimiyati organlari tomonidan berilgan xo‘jalik nomini tasdiqlovchi hujjat.
Hokimiyat qarori bilan tashkil etilgan tanlov komissiyasining yer uchastkasi berish haqidagi qarori, ishlab chiqarishni tashkil etishning biznes-rejasi nusxalari.
Muhr va shtampning uch nusxadagi eskizi.
Fermer xo‘jaligini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun zarur hujjatlar bo‘lajak fermerning o‘zi yoki shartnoma asosida tuman hokimligining fermer xo‘jaligini davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risidagi qarori yoki ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi qarori ariza beruvchi ariza bergan kundan boshlab yetti ish kunida, tuman hokimligining fermer xo‘jaligini davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risidagi qarori bilan bir paytda qabul qilinadi. Shundan so‘ng, tuman hokimligi yangi tashkil etilgan fermerga
«Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida»gi guvohnoma va tuman hokimiyati muhri bilan tasdiqlangan «ro‘yxatga olingan» belgisiga ega ta’sis hujjatlarini hamda muhr va shtamp tayyorlashga ruxsatnomani topshiradi.
Fermer xo‘jaligi tashkil etishning ushbu Qonunda belgilangan tartibi buzilgan yoki xo‘jalikning ustavi qonunga muvofiq bo‘lmagan taqdirda fermer xo‘jaligini davlat ro‘yxatiga olish rad etilishi mumkin.
Davlat ro‘yxatiga olish rad etilganligi, shuningdek, ro‘yxatga olish muddatlarining buzilganligi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
|
| |