|
-§.Medianing boshqa axborot xizmatlari bilan o‘zaro munosabati
|
bet | 44/84 | Sana | 14.05.2024 | Hajmi | 8,31 Mb. | | #230471 |
Bog'liq 1 Media va axborot savodxonligi 9-§.Medianing boshqa axborot xizmatlari bilan o‘zaro munosabati M edia bilan munosabat
Media uchun har bir inson auditoriyaning bir qismi hisoblanadi. Bolalar ham, kattalar ham har kuni vaqtlarining katta qismini media va kommunikatsiya bilan bog‘liq bo‘lgan turli faoliyatga sarflaydilar.
Mavzu yuzasidan tayyorlangan
video dars !
Auditoriya — bu har qanday matnni bir xilda talqin qiladigan passiv individlarning bir turdagi guruhi hisoblanadi. Aniqroq qilib aytganda, media auditoriyasini o‘rganishning ikki xil usuli bor.
Birinchi usulda auditoriyaga media mahsulotning iste’molchisi sifatida qaraladi, chunki media va sanoat kommunikatsiyasi «maqsadli auditoriya» deb ataladi.
Ikkinchi usul qabul qilish nazariyasiga asoslangan bo‘lib, bu usulda auditoriya deganda, o‘qish hamda media axborotlari va matnlarni talqin qilish jarayon larining faol qatnashchilari tushuniladi.
Maqsadli auditoriya — bu yoshi, daromadi, jinsi yoki qiziqishlari kabi ma’lum bir xususiyatlari bilan birlashuvchi ta’lim oluvchilar, tomoshabinlar yoki tinglovchilar guruhi. Bu o‘ziga xos guruh bo‘lib, media va boshqa tashkilotlar ular uchun kontent ishlab chiqadilar va xabarlar yaratadilar. Masalan, ma’lum bir demografik yoki maqsadli auditoriyaga egalik qilish uchun reklama beruvchilar efir vaqti yoki maydonini egallashga harakat qilishadi. Masalan, televideniyada reklama beruvchilar auditoriya e’tiborini tortgan, ular uchun qiziqarli hisoblangan dastur doirasidagi vaqt segmentlarini egallaydilar.23
Media bizni maqsadli auditoriya sifatida qabul qilishiga qaramasdan, bizning ko‘rgan yoki eshitgan matnimizga nisbatan munosabatimiz har doim bizning shaxsiy bilimlarimiz va ijtimoiy tajribamizga asoslangan bo‘ladi. Media orqali axborot yoki xabar olib, biz ularni shaxsiy qarashlarimiz va qadriyatlarimiz nuqtai nazaridan talqin qilamiz.
Aytaylik, qabul qilayotgan matnimizning mazmuni to‘g‘risida muzokaralar olib boramiz, ba’zilarini qabul qilamiz, boshqalarini inkor etamiz. G‘oyani video-materiallar yoki fotosuratlarda yetkazish usuli (suratga olish nuqtalari, kadrlar turlari, montaj va boshqalar) uning auditoriya tomonidan turlicha talqin etilishiga sabab bo‘ladi.
Olimlar, ta’lim oluvchilar jurnalning bir varag‘ini ko‘rib chiqishga 2 sekunddan ortiqroq vaqt sarflashlarini aniqlaganlar. Televideniye orqali namoyish etiladigan oddiy reklama syujeti 15 sekunddan 30 sekundgacha davom etadi, ko‘pgina tomoshabinlar bu vaqtda boshqa narsaga chalg‘iydilar yoki sanoqli daqiqalar davomida bir joyda to‘xtab, Internet sahifalariga ko‘z yugurtiradilar. Mediamatn yaratuvchi prodyusserlar ko‘pincha, kerakli foydalanuvchilarni «jalb etish» uchun demografik yoki psixografik tadqiqotlarga asoslangan (insonlarning talablari, istaklari, qarashlari va munosabatlari tahlilini nazarda tutadi) kuchli emotsional xabarlarni yaratishga harakat qilishadi. Shunga qaramay, ijodiy guruh xodimlari har bir inson syujetga nisbatan qanday munosabat bildirishini oldindan aytib berolmaydilar, tadqiqotlar esa ularga ko‘pchilikning munosabati haqida aniq tasavvur yaratish imkonini beradi.
Bugun media aksariyat hollarda yangi tajriba orttirishimizda vositachi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Biz mediani hordiq chiqarish, axborot izlash, ta’lim olish uchun, ya’ni turli xil hayotiy vaziyatlarda yuzaga keladigan turli ehtiyojlarimizni qondirish uchun qo‘llayapmiz. Mass-media foydalanuvchilari (tomoshabin, tinglovchi, mushtariy, Internetdan foydalanuvchilar) turli hamjamiyatlarni tashkil etadi.
Faqat ayrim milliy va xalqaro miqyosdagi, masalan, Olimpiya o‘yinlari kabi dunyoning barcha mamlakatlar televideniyesi orqali namoyish etiladigan voqea-hodisalarni yagona auditoriya uchun yaratilgan desa bo‘ladi. Auditoriyaning muayyan ko‘rinishlari aniq bir media, kanal yoki dasturlar atrofida shakllanadi.
Texnologik taraqqiyot va ijtimoiy medialar hisobiga “auditoriya” konsepsiyasi interfaollik mazmunini kasb etdi va umuman olganda, faollashdi ham. Masalan, onlayn auditoriya sirasiga nafaqat passiv o‘quvchilar yoki yangiliklarni ko‘zdan kechiruvchilar, balki bahslarda va kontentni yaratishda faol ishtirok etadigan foydalanuvchilar ham kiradi. Bunda butun auditoriyani emas, balki uning faol a’zosining, masalan, onlayn hamjamiyat a’zosining faoliyati bilan bog‘liq savollarni muhokama qilish maqsadga muvofiq.
Bizning media bilan munosabatimiz o‘zaro hamkorligimizga tayanadi.
“Media bilan munosabat” deganda alohida olingan inson yoki hamjamiyatning media bilan o‘zaro munosabati tushuniladi. Media bilan munosabat mediadan foydalanish davriyligi, mediakontentni tanlash, odamlarning media haqidagi fikrlari yoki ulardan foydalanish ko‘nikmalari xususidagi munozaralarni nazarda tutadi.24
Media bilan individual munosabat har doim inson va mediamatn o‘rtasidagi muloqotni nazarda tutadi. Gap nima — dalil yoki to‘qima — haqida ketayotganligidan qat’iy nazar, inson mediamatnning mazmunini shaxsiy qarashlari va tajribasi bilan solishtiradi.
Shuningdek, tadqiqotlar insonlar mediadan o‘z qarashlari, qadriyatlari va his-tuyg‘ulariga mos keladigan qarash va g‘oyalarni tanlashga moyil ekanliklarini ko‘rsatdi.
|
| |